O‘zA O`zbek

28.04.2020 Chop etish versiyasi

MUTAXASSIS FIKRI: Kapital bozoridagi jiddiy muammo va boʻshliqlar

MUTAXASSIS FIKRI: Kapital bozoridagi jiddiy muammo va boʻshliqlar

  • “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi toʻgʻridan toʻgʻri amal qiluvchi yagona qonun ishlab chiqish zaruriyati bor;
  • Qimmatli qogʻozlar bozori 80 dan ziyod qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi, bu tizimning haddan ziyod koʻp va tarqoq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishi demakdir;
  • Amaldagi qonunchilikda sohaning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi bir qancha boʻshliq va kamchiliklar mavjud;
  • AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo tomonidan Oʻzbekiston kapital bozorini rivojlantirish uchun ajratilishi vaʼda qilingan 1 mln. AQSH doll. masalasi AQSH Kongressi tomonidan maʼqullanish arafasida.

***

Soʻnggi yillarda kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, haligacha sohada koʻplab muammolar saqlanib qolayotganiga guvoh boʻlish mumkin.

Bu, oʻz navbatida, kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirishda qimmatli qogʻozlarning samarali chiqarilishi va sotilishini, sohaga investitsiyalarning keng jalb etilishini, aholi moliyaviy savodxonligining oshirilishini va korporativ boshqaruvni rivojlantirishni koʻzda tutadigan hamda mamlakatning iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini belgilaydi. Ushbu yoʻnalishlarni amalga oshirish negizida birinchi oʻrinda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish vazifasi turadi.

Bugungi kunda qimmatli qogʻozlar bozori “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar va 80 dan ziyod boshqa qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bu esa, oʻz navbatida, sohaning haddan ziyod koʻp va tarqoq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishi demakdir.

Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikda sohaning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi qator, jumladan, quyidagi boʻshliq va kamchiliklar mavjud:

– kapital bozorini rivojlantirish va tartibga solish boʻyicha yagona davlat siyosatining qonun darajasida belgilanmaganligi;

– amaldagi qonunchilikda qimmatli qogʻozlarning halqaro tajribadagi barcha turlari aks ettirilmagani, ularning ayrim turlari (davlat qimmatli qogʻozlari, halqaro obligatsiyalar)ning chiqarilishi va muomala qilinishi qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinishi;

– bozor ishtirokchilari faoliyatini nazorat qilish hamda aksiyador va investorlar huquqini himoya qilish tartibi yetarli darajada emasligi;

– qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli davlat organining faoliyati tor ekani hamda Prezident va hukumat qarorlari bilan tartibga solinishi mazkur organning mustaqil faoliyat yuritishi boʻyicha xalqaro standartlar va normalarga zid ekanligi;

– qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilari (investitsiya vositachisi, investitsion maslahatchi, ishonchli boshqaruvchi) faoliyatini litsenziyalash tizimining murrakabligi hamda vakolatlarining torligi, bu esa jahon tajribasiga muvofiq emasligi;

– aksiyadorlar umumiy yigʻilishi hamda jamiyat kuzatuv kengashi majlislarini oʻtkazish tartibining raqamlashtirilmagani;

– deponentlar va aksiyadorlar haqida maʼlumotlarning yagona bazasi (reyestri) personallashtirish tizimi bilan uygʻunlashmaganligi, yaʼni ularning aktiv holatini onlayn rejimda koʻrish imkoniyatining mavjud emasligi;

– xususiylashtirish hamda birlamchi va ikkilamchi ommaviy taklifni (IPO/SPO) amalga oshirish tizimi eskirgani, xalqaro standartlarga javob bermasligi oqibatida soʻngi 5 yil davomida respublikada atigi 4 ta IPO/SPO oʻtkazilgani;

– birjaning kotirovkalash varagʻi toifalari jozibador emasligi va birjadan tashqari savdolarda amalga oshirilayotgan bitimlarning tartibga solinmasligi va boshqa shu kabi kabi kamchiliklar bozorni samarali rivojlanishiga jiddiy toʻsqinlik qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida oʻtgan yilning oktyabr oyida yuqorida koʻrsatilgan kamchiliklar hamda boshqa masalalarning yechimini topishga qaratilgan, “Kapital bozorini rivojlantirishning ustuvor vazifalari”ga bagʻishlangan yigʻilish davomida davlatimiz rahbari tomonidan sohadagi barcha qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqib, ortiqcha cheklovlarni bekor qilish va fond bozorida ishlashni soddalashtirish zarur ekanligiga alohida eʼtibor qaratilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini samarali taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini rivojlantirishning 2020-2025-yillarga moʻljallangan Strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmon loyihasida rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda samarali qonunchilik bazasini yaratish va toʻgʻridan-toʻgʻri qonun hujjatlariga oʻtish maqsadi belgilangan.

Jumladan, Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiva boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish sohasidagi barcha normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiya qilgan holda “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi va “Kapital bozorini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish belgilangan.

Oʻz navbatida, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur masala yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, xususan,
AQSH Davlat departamenti bilan aloqa oʻrnatilib, ularning texnik koʻmagini jalb etish boʻyicha tegishli muzokaralar olib borilayotganii taʼkidlangan edi. Erishilgan kelishuvlar natijasini joriy yilning fevral oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning “Oʻzbekistonga kapital bozorini rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatning moliyaviy islohotlariga yordam maqsadida texnik yordam koʻrsatish uchun 1 mln AQSH doll. ajratish masalasi AQSH Kongressi tomonidan maʼqullanishi kutilmoqda”, degan soʻzlaridan ham koʻrishimiz mumkin.

Albatta, bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatiga rahna solayotgan ofat – koronavirus pandemiyasini tarqalishi bilan bogʻliq joriy etilayotgan karantin rejimlarida nafaqat huquqiy sektor balki davlat tashkilotlarida ham
ish faoliyatini tashkil etish imkon qadar masofadan turib amalga oshirilmoqda va albatta, ushbu holat amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator
chora-tadbirlar muddatining choʻzilishiga olib kelayotganini koʻrishimiz mumkin. Lekin ushbu qiyinchiliklarga qaramay, umid qilamizki, Kongress yuqorida koʻrsatib oʻtilgan masalani tez orada hal qiladi va kapital bozorini rivojlantirish uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan texnik yordam AQSH hukumati tomonidan amalga oshiriladi.

“Kapital bozori toʻgʻrisida”gi toʻgʻridan toʻgʻri amal qiluvchi yagona qonun ishlab chiqishda nimalarga eʼtibor berish zarur?

Mazkur qonun loyihasi, nazarimizda, quyidagi asosiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga qamrab olishi lozim:

davlat tomonidan sohani ragʻbatlantirishga oid va davlat dasturlarini amalaga oshirish boʻyicha yagona siyosat yuritilishini nazarda tutuvchi normalar;

xalqaro tajribadan kelib chiqib, qimmatli qogʻozlarning barcha turlari (atamalar)ni belgilash;

barcha turdagi qimmatli qogʻozlar, davlat qimmatli qogʻozlari va xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va muomala qilishning aniq tartibi qonun bilan belgilash;

ipoteka qimmatli qogʻozlarni chiqarish hamda sekyuritizatsiyani amalga oshirish tartibiga bagʻishlangan alohida normalar;

Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (IOSCO) tamoyillari hamda Moliyaviy choralarni qoʻllash boʻyicha maxsus guruh (FATF) tavsiyalari eʼtiborga olingan tegishli normalar, jumladan, axborotni oshkor qilishning shaffof tizimini nazarda tutuvchi bandlar;

investitsion vositachi, brokerlar, market-meyker, andderrayter va qimmatli qogʻozlar bozoridagi boshqa professional ishtirokchilarning oʻrni va ishlash tartibini jaxon tajribasidan kelib chiqib belgilash;

qimmatli qogʻozlar bozorida pensiya jamgʻarmalari, sugʻurta kompaniyalari, investitsiya fondlari, tijorat banklarining keng ishtirok etishlarini nazarda tutuvchi normalar;

kapital bozori sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzgan jismoniy shaxslarga jarima hamda yuridik shaxslarga xalqaro standartlardan kelib chiqib moliyaviy sanksiyalar qoʻllash tartibini.

“Kapital bozorini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida birinchi navbatda rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi vakolatli davlat organining chinakam mustaqilligini taʼminlash, uning toʻgʻridan toʻgʻri davlat rahbariga boʻysunishi va hisobot berishi tartibini joriy etish, kapital bozori sohasida qonunchilikni buzgan jismoniy va yuridik shaxslarga maʼmuriy jazo choralarini mustaqil qoʻllash, nazorat vazifalari doirasida barcha jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, Markaziy bank va huquqni himoya qilish organlaridan hech qanday toʻsiqlarsiz tegishli axborotni olishi va qimmatli qogʻozlar bozorida shaffof muhit va tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratib, investorlarning huquq va manfaatlarini toʻlaqonli taʼminlashga qaratilgan boshqa vakolatlarga ega boʻlishini nazarda tutish lozim.

Kapital bozorini sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirishda qimmatli qogʻozlar bozori rivojlangan davlatlar, xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Polsha, Xitoy, Fransiya, qoʻshni mamlakatlardan Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlar tajribasini chuqur oʻrgangan holda, jumladan, ushbu davlatlardan xalqaro maslahatchilarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Yuqoridagi qonunlarning qabul qilinishi sohaga ilgʻor xalqaro amaliyotni joriy qilish, ortiqcha toʻsiqlar, cheklovlar va sohaning haddan tashqari tartibga solinganini bartaraf etish, fond bozoriga investitsiyalarni keng jalb qilish, iqtisodiyotni moliyalashtirishni kapital bozori hisobiga mobilizatsiya qilish, xalq farovonligini oshirish uchun iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashga hamda Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini bir necha pogʻona koʻtarilishiga xizmat qiladi.

Sherzod Egamberdiyev,

huquqshunos, Kapital bozorini

rivojlantirish agentligi

Qonunchilikni takomillashtirish

boshqarmasi boshligʻi


14 164
O'zA