O‘zA O`zbek

28.09.2018 Chop etish versiyasi

Mustahkam hamkorlikning istiqbolli yutuqlari

Mustahkam hamkorlikning istiqbolli yutuqlari Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, zamonaviy ishlab chiqarish subyektlari faoliyatini kengaytirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida hududlarda koʻplab yangi korxonalar tashkil etilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sogʻliqni saqlash va boshqa qator sohalarda mustahkam hamkorlik munosabatlari oʻrnatilgan. Jumladan, Navoiy viloyatida ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilayotir.

Bundan 10 yil avval yurtimizda ilk bor tashkil etilgan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida bugunga kelib 20 dan ortiq zamonaviy korxona faoliyat koʻrsatib, ularda minglab mahalliy va xorijlik mutaxassislar mehnat qilmoqda.

Erkin iqtisodiy zonadagi korxonalar tomonidan maishiy texnikalardan tortib, avtomobil ehtiyot qismlariga qadar boʻlgan zarur vositalar tayyorlanmoqda.

Masalan, “UzMinda” Oʻzbekiston – Hindiston qoʻshma korxonasidaavtomobillar uchun yiliga 250 ming dona 30 turdagi ehtiyot qismlar tayyorlanmoqda. 90 nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgan jamoada “GM Uzbekistan” avtomobil zavodining “Damas”, “Matiz”, “Nexia 3”, “Gentra” rusumli ulovlari uchun spidometr, eshik tutqichlari ishlab chiqarilayotir.

– Milliy avtomashinalarimiz sifati uchun korxonamizda tayyorlanadigan har bir ehtiyot qism xalqaro standartlarga toʻliq javob berishi shart, – deydi quyish sexi operatori J.Ergashev. – Masalan, biz bir kunda “Nexia 3” avtomobillari uchun 540 dona eshik tutqichi ishlab chiqaramiz.

Yigʻish sexida ishlab chiqarilgan qismlar jamlanib, ularning sifati nazoratdan oʻtkaziladi. Ishchilarning asosiy qismi yoshlardan iborat. Korxonaning oʻzida sifat laboratoriyasi tashkil etilgan, qadoqlangan mahsulotlar avtomobil zavodlariga joʻnatilishdan oldin nazoratchi xodimlar tomonidan yana bir bor tekshiriladi.

Ishchilar uchun tibbiyot xonasi, bepul ovqatlanish, shuningdek, kelib-ketish uchun avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

– Yil oxiriga qadar “Lasetti” va “Nexia 3” rusumli avtomobillar uchun magnitola ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz, – deydi korxona bosh direktori oʻrinbosari T.Rajabov. – Bu loyiha ishga tushishi bilan yana oʻn kishining bandligi taʼminlanadi.

Darhaqiqat, iqtisodiy hududning avtomagistral, dengiz portlariga olib chiquvchi temir yoʻl bilan bogʻlangani, “Navoiy” xalqaro aeroporti negizidagi logistika markaziga yaqin joylashgani xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar uchun qoʻshimcha qulaylikdir.

Joriy yilning oʻtgan davrida xalqaro aeroportdan Hindistonga yirik hajmda yuk tashilgan. Logistika markazi orqali Navoiy – Dehli yoʻnalishida 1 million 83 ming kilogrammdan ortiq ogʻirlikdagi buyurtmalar manziliga yetkazib berilgan.

3 019
Nuriddin Rahimov, OʻzA