11.07.2012 18:50 Iqtisodiyot

Muhim va aholi uchun zarur xizmat

Aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridandir. Bu borada “Suvsoz” davlat unitar korxonasi tomonidan suv quvurlari va kanalizatsiya tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Korxona xodimlari belgilangan qoida va normalarga rioya qilgan holda, Toshkent shahrida suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv iste’molini nazorat qilish, gidroinshootlarning barqaror va ishonchli ishlashini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni bajarmoqda.

Ayni paytda ekspertlarning fikrlari inobatga olinib, tegishli tavsiyalar asosida tuzilgan bajarilishi zarur bo‘lgan tadbirlar rejasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Toshkent shahar hokimligida tashkil etilgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishni muvofiqlashtirish guruhi qishga tayyorgarlik tadbirlari rejasining amalga oshirilishini nazorat qiladi, yuzaga kelgan muammolarni zudlik bilan hal etadi.

– Iste’molchilarga toza ichimlik suvini yetkazib berish aholiga ko‘rsatilayotgan hayotiy muhim xizmatlardan biridir, – deydi “Suvsoz” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi B.Mannonov. – Suvning sifati va uzluksiz yetkazib berilishi ko‘p jihatdan navbatdagi kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida tayyorgarlik ko‘rilishiga bog‘liq. Shu maqsadda, avvalo, tegishli tizim va inshootlarning holati va mavsumga nechog‘li tayyorligi tekshirilmoqda, barcha uskunalar sinovdan o‘tkazilmoqda, yangi suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari o‘rnatilmoqda, eskilari almashtirilib, ta’mirlanmoqda, foydalanilayotgan inshootlarning 12 ta bo‘linmasi rekonstruksiya qilinmoqda.

Suv bilan sifatli va uzluksiz ta’minlashda suv quvurlari va yirik suv uzatish tarmoqlarining holati muhim o‘rin tutadi. Shu kungacha 8,5 kilometr uzunlikdagi eskirgan suv quvurlari almashtirildi, 50 ta suv uzatgich ta’mirlanib, profilaktika tekshiruvidan o‘tkazildi, nasoslarning 222 ta lo‘kidoni ta’mirdan chiqarildi hamda 100 tasi almashtirildi.

Prezidentimizning 2010-yil 16 dekabrda qabul qilingan Islom taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent shahri kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida belgilanganidek, Toshkent shahri kanalizatsiya tizimining samarali ishlashi va uni takomillashtirish ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu yilning mart oyidan buyon kanalizatsiya tarmoqlarining 3 kilometrdan ortig‘i kapital ta’mirlandi, 247 kilometri joriy ta’mirdan chiqarildi. Salar shamollatish stansiyasida oqova suvlarda chiqindilarni ushlab qoladigan va suvni tozalash tizimining muhim qismi bo‘lgan ikkita panjaraning birinchisi almashtirildi.

“Qodiriya” bosh inshootida ham katta ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, u yerdagi suv chiqarish inshootlarida almashtirish ko‘zda tutilgan 6 ta filtrlovchi moslamaning uchtasi almashtirildi, yirik suv uzatish nasosi ta’mirlandi.

Ichimlik va oqova suvni chiqarish, filtrlash, tozalash, iste’molchilarga yetkazib berish bilan bog‘liq barcha ishlar nafaqat ko‘plab mutaxassislarning ishtirokini, balki uskunalar hamda inshootlardan ham samarali foydalanishni talab etadi. Tabiiyki, yillar o‘tishi bilan ular ham eskiradi. Shuning uchun inshootlar tomini ta’mirlash bo‘yicha katta hajmdagi ishlarni bajarish belgilangan. Bu yil 4800 kvadrat metr tomni ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, u folgoizol bilan qoplanadi. Ayni paytgacha 1000 kvadrat metr joyga ushbu material to‘shaldi. Aksariyat gidroinshootlar o‘z isitish tizimiga ega, idoralarga qarashli uchta ana shunday qozonxona kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda.

Texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanayotgani va zamonaviy texnikaga qo‘yilayotgan talablarning ortib borayotgani yanada yangi uskunalarni joriy etishni taqozo qilmoqda. Toshkent shahriga xizmat ko‘rsatayotgan gidroinshootlarda gidravlika rejimini optimallashtirish, elektr energiyasi va suv resurslarini tejash, kechayu kunduz suv bilan ishonchli ta’minlash imkonini beradigan tok chastotasini o‘zgartiruvchi zamonaviy qurilmalar o‘rnatildi. Shuningdek, joriy yilda 24 ta eski nasosni energiya tejaydigan, ya’ni kam miqdorda energiya sarflaydigan zamonaviy, kuchli nasoslarga almashtirish rejalashtirilmoqda. Bu esa energiya tejaydigan texnologiyalarning naqadar samaradorligini yana bir karra tasdiqlaydi.

Aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va to‘lovlarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida iste’molchilar bilan hisob-kitob qilish uchun billing tizimi joriy qilindi. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish ularning samarali ishlashining muhim omili hisoblanadi, ushbu tizimlarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

2012-2013 yilgi kuz-qish mavsumida Toshkent shahri va poytaxtimiz atrofidagi tumanlar, barcha toifadagi iste’molchilarni suv bilan sifatli hamda uzluksiz ta’minlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari belgilangan rejaga muvofiq olib borilmoqda va ushbu yumushlar shu yilning avgust oyigacha yakunlanishi darkor. Bu esa aholi turar-joylari, umumta’lim va tibbiyot muassasalari, korxona hamda tashkilotlarni kuz-qish mavsumida toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.


O‘zA, Roman Bondarchuk



Все о погоде - Pogoda.uz