Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 14:59 Chop etish versiyasi

2 ming yangi ish o‘rni yaratiladi

Andijon shahridagi sobiq “Andijonmash” aksiyadorlik jamiyati hududida tashkil etilgan sanoat zonasida 15 loyiha amalga oshirilib, 2 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 2-3-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida yer maydoni 19,16 gektar bo‘lgan ushbu sanoat zonasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar bilan tanishib, zarur ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi.

Sanoat zonasida tadbirkorlar va tijorat banklari tomonidan umumiy qiymati 127 milliard so‘mlik yengil sanoat, elektrokabel, charm-poyabzal mahsulotlari, dori-darmon vositalari, eshik-rom, mebel, plastmassa va qurilish materiallari ishlab chiqarishga qaratilgan 15 loyiha amalga oshirilishi, 2 ming yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

O‘tgan qisqa vaqt ichida Andijon viloyati hokimligi tomonidan tadbirkorlar, mutasaddi tashkilotlar va banklar hamkorligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida sanoat zonasida bir qator ishlab chiqarish korxonalari ish boshladi.

2009-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Andijon shahridagi “Sarkor yuksak rivoji” mas’uliyati cheklangan jamiyati asosan zamonaviy eshik-rom ishlab chiqaradi. Jamiyat o‘z binosiga ega bo‘lmagani uchun ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyati ham yo‘q edi. Sanoat zonasidan mazkur korxonaga foydalanilmay turgan bino “nol” qiymatda ajratildi. Bu korxonaning yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini kengaytirdi.

– Qisqa muddatda bu yerda qariyb 1 milliard so‘mlik ta’mirlash-jihozlash ishlari bajarildi, – deydi “Sarkor yuksak rivoji” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Murodjon To‘xtasinov. – Xitoydan qo‘shimcha 10 zamonaviy dastgoh keltirilib, ishga tushirildi. Natijada korxonamizda eshik-rom ishlab chiqarish hajmi, mahsulotimiz sifati yanada ortdi. Bundan tashqari, yangi loyihaga ko‘ra, import o‘rnini bosuvchi 5 turdagi tibbiyot jihozlari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi. Endilikda oyiga o‘rtacha 450-500 million so‘mlik ana shunday mahsulot ishlab chiqariladi.

Korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish hamda amalga oshirilgan yangi loyiha bo‘yicha import o‘rnini bosuvchi mahsulot tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, 20 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Shu kunlarda sanoat zonasida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “And bron info” xususiy korxonasi hamda plastmassa buyumlar ishlab chiqaruvchi “Liotstil elit” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi. Yil oxiriga qadar hududda yana qator loyihalar ishga tushiriladi.

Viloyatda sanoat zonalari tashkil etish, ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish, umuman, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sifati yuksalib, eksport hajmi ortmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 771






Все о погоде - Pogoda.uz