O‘zA O`zbek

26.09.2018 Chop etish versiyasi

Milliy statistika tizimi talabalar eʼtirofida

Milliy statistika tizimi talabalar eʼtirofida

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida Davlat statistika qoʻmitasi tashabbusi bilan “Milliy statistika tizimi, islohotlar, natijalar va kelgusidagi vazifalar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbarining joriy yil 5 iyundagi “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosida doirasida tashkil etilgan tadbirda mutasaddi tashkilot vakillari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi xodimlari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglarda xolis va toʻgʻri baholanishini taʼminlash maqsadida Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan xalqaro tashkilotlarning 23 savolnomasi doimiy ravishda toʻldirib kelinayotgani va koʻplab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani qayd etib oʻtildi.

Hozir qoʻmita Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqa oʻrnatib, statistika sohasida samarali hamkorlik olib bormoqda.

Shuningdek, tadbirda “Milliy statistika tizimi, islohotlar, natijalar va kelgusidagi vazifalar”,“Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yilning yanvar-avgust oylari yakunlari boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi asosiy koʻrsatkichlari” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

– Statistik axborotlarning erkinligi, aholi oʻrtasida oshkoraligini taʼminlash, mamlakatimizning rivojlanish koʻrsatkichlarini statistik toʻplamlarda chop etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Davlat statistika qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. – Mazkur davra suhbatining asosiy maqsadi ham statistika idoralarida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar, istiqboldagi rejalar, qolaversa, soʻnggi maʼlumotlarni talaba-yoshlar bilan oʻrtoqlashishdan iborat.

Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga qoʻmita masʼul xodimlari javob qaytardi.

3 167
Gulnoza Boboyeva, OʻzA