O‘zA O`zbek

13.07.2018 16:06 Chop etish versiyasi

Metallni qayta ishlovchi korxona ish boshladi

Poytaxtimizning Bektemir tumanida Yevropa standartlari asosida to‘qimachilik jihozlari uchun butlovchi qismlar va metall konstruksiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan“Metal Processing” qo‘shma korxonasi ish boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi mas’ullari, Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yohann Shnayder-Amman boshchiligidagi delegatsiya, tuman hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.

Yangi korxonada 35 kishi ish bilan ta’minlandi. U to‘la quvvat bilan ish boshlagach, mutaxassislar soni 60 nafarga yetib, yiliga 760 tonna metallni qayta ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Yengil sanoat korxonalari uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan mazkur zavod kelgusida talabga qarab boshqa sohalar uchun ham zarur detallar ishlab chiqaradi.

– Zamonaviy metallni qayta ishlash sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega, – deydi korxonaning ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i U.Vahobov. – Ushbu texnologik tizim 1 dan 12 millimetrgacha bo‘lgan metall listlarga turli shaklda ishlov berish imkoniyatiga ega. Korxonamiz birinchi bosqichda 600 turdagi, to‘liq ishga tushgach esa 1 ming 24 turdagi detalni tayyorlashga ixtisoslashadi.

Hozir zavodda 6 ta maxsus bo‘lim faoliyat yuritmoqda. Jumladan, tayyorlov qismi, yuqori sifatli lazerda kesish, payvandlash, kukunli bo‘yash tizimi va sifat nazorati kabi bo‘limlarda ish qizg‘in. Loyiha birinchi navbatda ichki bozor ehtiyojini qondirishga mo‘ljallangan. 2020 yildan eksportni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Tadbir yakunida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “Riyeter Group” kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston yengil sanoat tarmog‘i korxonalariga korporativ menejmentni joriy etish bo‘yicha memorandum imzolandi.

A.Musayev, O‘zA
2 612