O‘zA O`zbek

28.08.2018 15:13 Chop etish versiyasi

Masofaviy bank xizmatlari tezkor, qulay, zamonaviy

Masofaviy bank xizmatlari tezkor, qulay, zamonaviy
“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki Prezidentning 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʻminlash maqsadida aholi va mijozlarga masofaviy bank xizmatlari koʻrsatish, zamonaviy va ilgʻor bank xizmatlari turlarini amaliyotga tatbiq etishga alohida eʻtibor qaratmoqda.

Bugungi kunda bank tomonidan yuridik shaxslar uchun “internet-banking“, ”mobil-banking“, ”SMS-banking“ xizmat turlari joriy etilgan boʻlsa, ”mobil-banking“, ”SMS-xabarnoma“, ”depozit banking“esa jismoniy shaxslarga moʻljallangandir. Ushbu xizmat turlarining har biri oʻz mijozlariga ega. Ayni kunda birgina ”SMS-xabarnoma"sidan foydalanuvchilar soni 73 mingdan oshgan.

Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan anjumanda mazkur aksiyadorlik tijorat bankining bu borada erishgan yutuqlari va kelgusi rejalari haqida soʻz bordi.

Tadbirda soʻz olganlar mamlakatimizda bank faoliyati boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimizning farovon turmushini taʻminlashga qaratilgani va tizim ishida zamonaviy axborot texnologiyalari joriy qilingan holda masofaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirish davr talabi ekanini qayd etdi.

– Maqsadimiz mijozlarga zamon talabi darajasida xizmat koʻrsatib, ular ishonchini oqlash, – dedi “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki axborot texnologiyalari departamenti boshligʻi oʻrinbosari Ulugʻbek Islomov. – Shu bilan birga, ularga qulayliklar yaratish maqsadida innovatsion texnologiyalarga asoslangan hamda bank xizmatlari sifatini va ulardan foydalanish imkoniyatlarini oshiruvchi bank xizmatlarining yangi turlarini joriy qilish, bank faoliyatini “raqamli banklar” konsepsiyasi asosida rivojlantirish ham muhim vazifalardan.

Tadbirda bank tomonidan koʻrsatilayotgan masofaviy xizmatlar, ularning afzalliklari va joriy qilinishi rejalashtirilayotgan yangi innovatsion loyihalar, shuningdek, avtokredit olish imkoniyatlari, mikroqarz berish sharti va talablari boʻyicha ham batafsil maʻlumot berildi.

N.Ziyodullayeva, OʻzA
2 026