O‘zA O`zbek

25.03.2020 Chop etish versiyasi

Markaziy bank tavsiya etadi!

Markaziy bank tavsiya etadi!

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga koʻra, toʻlovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri boʻlishi mumkin. Virus qogʻoz shaklidagi tashuvchilarda 3-4 kun yashashi maʼlum qilingan.

Shundan kelib chiqqan holda, Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalaridagi va tijorat banklaridagi naqd pullar saqlanadigan pul omborxonalari va qayta sanash kassalari hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari tomonidan vaqti-vaqti bilan (haftada 1-2 marotaba) dezinfeksiya qilinmoqda.

Bunga qoʻshimcha ravishda, barcha bank muassasalariga:

- bank kassalariga kelib tushgan naqd pullarni kamida bir hafta muddatda pul omborxonalarida alohida (xonada yoki stellajlarda) saqlash;

- ushbu naqd pullarni mijozlarga chiqim qilishda pul bogʻlamining nakladkasida qayd etilgan sanaga eʼtibor qaratish tavsiya etiladi.

Naqd pullar karantinda saqlanayotgan davrda qoʻshimcha naqd pullarga ehtiyoj yuzaga kelgan taqdirda, Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari tomonidan yetkazib beriladi.

Biroq, bankdan chiqqan naqd pullarning muayyan davr mobaynida aholi va tadbirkorlar qoʻlida muomalada yurishi, ayrim hollarda bitta banknotning qoʻldan-qoʻlga oʻtishi oqibatida banklarga kelib tushishi uzoq muddatga choʻzilib ketishi ehtimoli yuqori.

Hozirda ayrim savdo nuqtalarida tovarlarni onlayn xarid qilish, toʻlovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish, mobil ilovalar orqali kommunal va ayrim bir martalik toʻlovlarni toʻlash imkoniyatlari yaratilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, karantin davrida aholi va tadbirkorlik subyektlariga:

- toʻlovlarni naqd shaklda amalga oshirish va qabul qilishdan cheklanish;

- naqd pulsiz (shu qatorda kontaktsiz toʻlov kartalari orqali) hisob-kitoblardan keng foydalanish va foydalanilgan bank kartasini tibbiyot spirti yoki boshqa antiseptik vositalar bilan artib, dezinfeksiya qilib turish;

- shuningdek, toʻlovlarni amalga oshirishda imkon qadar banklarning masofaviy xizmatlaridan, jumladan internet-banking, mobil ilovalari hamda toʻlov tashkilotlarining dasturlaridan keng foydalanish tavsiya etiladi.

3 954
O'zA