O‘zA O`zbek

24.09.2018 Chop etish versiyasi

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizdan 16 foizgacha oshirdi

Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini 2018-yilning 25-sentyabridan 2 foiz bandga oshirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Mazkur qaror soʻnggi oylarda yuzaga kelgan tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda qabul qilinib, inflyatsion kutilmalarning oshishi, maʼmuriy tartibga solinadigan narxlarning oʻsishi va valyuta almashuv kursi oʻzgarishining ichki narxlarga taʼsiri kuchayayotgan sharoitlarda inflyatsion bosimni pasaytirishga yoʻnaltirilgan.

Yillik inflyatsiya surʼatlarining sekinlashib borishiga qaramasdan, inflyatsion xatarlarning kuchayishi hisobiga kelgusida ushbu dinamikaning oʻsish tomonga oʻzgarishi ehtimoli keskin oshdi. Pul-kredit siyosatining qatʼiylashtirilishi mazkur xatarlarni hamda inflyatsion kutilmalarni pasayishiga xizmat qiladi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Yillik inflyatsiya darajasi 2018-yilning avgust oyida ham dastlabki prognoz koʻrsatkichlari doirasida pasayishda davom etib, 15,7 foizni tashkil etdi. Mazkur dinamika meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy arzonlashishi hamda 2017-yildagi pul massasi oshishi va milliy valyuta devalvatsiyasining inflyatsiya darajasiga taʼsirini kamayib borishi bilan izohlanadi.

Markaziy bank tomonidan 2018-yilning boshida iqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysiga muvofiq yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasini 11,5-13,5 foiz oraligʻida boʻlishi prognoz qilinib, ushbu prognoz quyidagilarga asoslangan edi:

asosiy savdo hamkor davlatlarda makroiqtisodiy barqarorlikning yanada mustahkamlanishi bilan mamlakatimiz uchun qulay tashqi iqtisodiy sharoitlarning saqlanib qolinishi;

maʼmuriy tartibga solinadigan narx va tariflarning bir maromda oshirilishi;

umumlashtirilgan davlat byudjetining muvozanatli ijrosi taʼminlanishi;

iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining moʻtadil surʼatlarda oʻsishi.

Ammo, bugungi kunda yuzaga kelgan holat monetar siyosatning 2018-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari va keyingi pul-kredit siyosati sharhlarida qayd etilgan inflyatsion xatarlarning kuchayayotganligini koʻrsatmoqda. Inflyatsion xatarlarning kuchayishi quyidagi omillar bilan izohlanadi.

Birinchidan, tashqi omillar taʼsirida soʻmning “real samarali almashuv kursi”ning oshib borayotganligi. Devalvatsion bosimning kuchayishi mamlakatimiz iqtisodiyotining tashqi savdo sohasidagi asosiy hamkor davlatlar valyutalarining keskin qadrsizlanishiga javoban moslashuvi bilan bogʻliq boʻlib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Hisob-kitoblarga koʻra, almashuv kursi oʻzgarishining inflyatsiya darajasiga kumulyativ taʼsiri keyingi yettita chorak davomida kuzatilib, uning eng yuqori nuqtasi ikkinchi va toʻrtinchi choraklar oraligʻiga toʻgʻri keladi.

Ikkinchidan, kreditlash hajmlarining yuqori surʼatlarda oʻsishi natijasida iqtisodiyotda isteʼmol va investitsion talabning oshishi.

Uchinchidan, maʼmuriy tartibga solinadigan narxlarning kutilgan darajaga nisbatan yuqoriroq oshirilishi, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining bozor sharoitlariga moslashtirilishining kutilayotganligi.

Tartibga solinadigan narxlar oshirilishining umumiy inflyatsiya darajasiga taʼsiri yuqori boʻlsada, ushbu narxlarning erkinlashtirilishi iqtisodiyotda toʻplanib qolgan tarkibiy nomutanosibliklarni bartaraf etish uchun zaruriy chora hisoblanadi.

Mazkur jarayonni ortga surilishi pul-kredit siyosatining narxlar barqarorligini taʼminlashdagi samaradorligini pasaytiradi hamda iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarni sifatli amalga oshirilishiga toʻsqinlik qiladi.

Toʻrtinchidan, byudjet xarajatlarining prognoz koʻrsatkichlaridan yuqori boʻlishi va umumlashtirilgan davlat byudjetining muvozanatli ijrosini taʼminlash boʻyicha xatarlarning ortishi.

Shu bilan birga, 2018-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha aholi va tadbirkorlik subyektlarining qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarining pasayishi bilan bir qatorda uzoq muddatli kutilmalarning barqarorlashuvi qayd etilgan edi.

Bugungi kunda, tashqi iqtisodiy holat va uning taʼsirida ichki bozordagi oʻzgarishlar natijasida avgust oyi yakuni boʻyicha qisqa muddatli kutilmalarning iyul oyiga nisbatan oʻsishi kuzatildi. Shuningdek, uzoq muddatli inflyatsion kutilmalar jor

iy yilning II choragida nisbatan yuqori, lekin barqaror boʻlgan boʻlsa, iyul oyidan boshlab ularda ham oʻsish dinamikasi kuzatila boshlandi.

Shuningdek, milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi boʻyicha kutilmalarning avgust oyida sezilarli oshishi kuzatildi. Bunda, fevral oyidan boshlab kutilmalar bosqichma-bosqich pasayib, yil oxirigacha almashuv kursining barqaror boʻlishi kutilayotgan edi. Avgust oyida esa devalvatsion kutilmalar ordi. Ushbu holat, kelgusida inflyatsion kutilmalarning qoʻshimcha ravishda oshishiga olib kelishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olgan holda 2018-yil uchun inflyatsiyaning dastlabki prognoz koʻrsatkichlari qayta koʻrib chiqilib, yillik inflyatsiya prognozi 16-17 foizgacha oshirildi.

Iqtisodiy faollikning ichki va tashqi sharoitlari. Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, joriy yil yakuni boʻyicha iqtisodiyotning oʻsish surʼati 5,0–5,2 foiz oraligʻida boʻladi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari boʻyicha belgilangan tarkibiy islohotlar va davlat korxonalarining bosqichma-bosqich barqaror daromadlilik koʻrsatkichlariga chiqishi 2019 va undan keyingi yillarda YAIM real oʻsishi surʼatlarining oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan investitsiyalar, shu jumladan, hukumatning investitsion xarakterdagi xarajatlarining yuqori oʻsish surʼatlari hamda isteʼmol talabining oshishi tashqi omillarning iqtisodiy oʻsishga salbiy taʼsirini yumshatish imkonini beradi.

Xususan, qurilish ishlari, ayniqsa uy-joy qurilishi hajmlarining ortishi va infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishi ushbu tarmoqlar va ularga tutash sohalarda qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik oʻrta muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyotimiz rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.

2018-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha toʻlov balansi joriy operatsiyalar hisobvaragʻi qoldigʻi -1,1 mlrd. AQSH dollarni tashkil etdi. Bu asosan uskunalar, texnologik liniyalar, xomashyo va ishlab chiqarishga moʻljallangan boshqa tovarlar importining yuqori surʼatlarda oʻsishi bilan izohlanadi.

Mazkur investitsion talab asosan xorijiy kredit liniyalari va banklarning xorijiy valyutadagi kreditlari hisobiga qoplanmoqda.

Markaziy bankning hisob-kitoblariga koʻra, oʻrta muddatli istiqbolda toʻlov balansidagi tarkibiy oʻzgarishlar, yuqori surʼatlarda oʻsayotgan investitsiyalarni moliyalashtirishda tashqi resurslar ulushining oshib borishi bilan birga iqtisodiyotning yangi sharoitlarga moslashuvini oʻzida ifoda etadi.

Pul-kredit sharoitlari. 2018-yilning II choragida valyuta tushumlarining ortishi monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan qoʻshimcha likvidlikni oʻz vaqtida sterilizatsiya qilish borasidagi Markaziy bank imkoniyatlarini qisman chekladi.

Shu bilan bir qatorda, 2018-yilning avgust va sentyabr oylarida byudjet va byudjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlarining ishlatilishini maʼlum darajada koʻpayishi kuzatilmoqda. Bu ham, oʻz navbatida bank tizimidagi likvidlikning qoʻshimcha oshishiga olib kelmoqda.

Natijada, banklar likvidliligini maʼlum darajada oshishi kuzatilib, ushbu holat banklararo pul bozoridagi (iyundagi 13,1 foiz va iyuldagi 12,8 foizdan avgustdagi 10,6 foizgacha) va depozitlar boʻyicha foiz stavkalarining pasayishida oʻz aksini topdi.

Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi majburiy rezervlarni shakllantirish mexanizmini oʻzgarishi bilan bir qatorda, depozitlar boʻyicha ijobiy real foiz stavkalarini taʼminlash orqali soʻmdagi jamgʻarmalarning jozibadorligini hamda isteʼmol hajmining muvozanatli oʻsishini qoʻllab quvvatlaydi va shu orqali bank tizimidan pul resurslari chiqib ketish xatarini pasaytiradi.

Banklarda jalb qilingan depozitlar hajmining oʻsishi (foiz toʻlovlarini oshishi natijasida), oʻz navbatida, uzoq muddatli resurs bazasining kengayishiga zamin yaratadi va mos ravishda iqtisodiyotni barqaror investitsion resurslar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Bank tizimida likvidlikning nisbiy profitsiti mavjud sharoitda, qayta moliyalash stavkasi oshirilishi jami kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalariga aytarli taʼsir koʻrsatmaydi.

Bunda, milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha bozor foiz stavkalarining nisbatan yuqoriligi kreditlarga boʻlgan talabning bir qismini xorijiy valyutadagi kreditlar hisobiga qondirilishiga olib kelib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga bilvosita taʼsir koʻrsatadi.

Markaziy bank tomonidan ushbu qabul qilingan qarorlar taʼsirchanligini oshirish maqsadida qoʻshimcha sterilizatsiya instrumentlarini faollashtirish boʻyicha choralar koʻriladi hamda davlat qimmatli qogʻozlarini muomalaga chiqarish boʻyicha Moliya vazirligi bilan hamkorlik davom ettiriladi.

Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi birinchi navbatda, inflyatsion kutilmalar va tashqi inflyatsion omillarning kuchayishi bilan bogʻliq xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan.

Ajratilayotgan kredit qoʻyilmalarining qariyb yarmi davlat dasturlari doirasidagi kreditlar hissasiga toʻgʻri kelishi, shuningdek, 2018-yilning 1-oktyabridan boshlab joriy etiladigan majburiy rezervlar boʻyicha yangi normativlar depozitlar boʻyicha foiz stavkalari oshganda ham kreditlar boʻyicha stavkalarni oshirish zaruratini kamaytirib banklarga foiz yuklamasini pasaytirish imkonini beradi. Bu oʻz navbatida, mazkur qaror iqtisodiy oʻsish surʼatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmasligidan dalolat beradi.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda inflyatsion xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi hamda kelib tushayotgan maʼlumotlar tahliliga asoslangan bosqichma-bosqichli yondashuvdan foydalanadi. Markaziy bank tomonidan ichki narxlar oʻsishiga monetar omillar taʼsirini pasaytirish maqsadida pul-kredit siyosatining barcha instrumentlari keng koʻllaniladi.

5 225
OʻzA