O‘zA O`zbek

24.01.2019 Chop etish versiyasi

Markaziy bank 12 ta bankka ayrim taqiqlarni, 28 ta bankka esa jarimani qoʻlladi

Markaziy bank 12 ta bankka ayrim taqiqlarni, 28 ta bankka esa jarimani qoʻlladi

Markaziy bank bank tizimi barqarorligini saqlab turish, omonatchilar, qarz oluvchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash maqsadida kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi.

Markaziy bank 2018 yil mobaynida bank qonunchiligi talablarini buzgani uchun 12 ta bankka nisbatan ayrim bank operatsiyalarini amalga oshirishini taqiqlab qoʻyish va 28 ta bankka nisbatan jami 20,5 mlrd. soʻm miqdorida jarima undirish kabi taʼsir choralarini qoʻlladi.

Ayrim bank operatsiyalarini amalga oshirishni vaqtincha taqiqlash, dividendlar toʻlashni toʻxtatish (10 ta bank), valyuta birjasi savdolarida ishtirok etish (1 ta bank), aholi omonatlarini jalb qilish, bankka aloqador shaxslar va xorijiy banklar bilan aktiv operatsiyalarni amalga oshirishni (Xaytekbank, Ravnaqbank, Universalbank) taqiqlab qoʻyish shaklida qoʻllanilgan.

Jarima choralari quyidagi holatlar uchun qoʻllanilgan:

a) 13 ta bankda inspeksiya natijalarida aniqlangan tartibbuzarliklar boʻyicha – 5,9 mlrd. soʻm;

b) 24 ta bankda valyuta operatsiyalarini amalga oshirishdagi tartibbuzarliklar boʻyicha – 5,1 mlrd. soʻm;

v) 24 ta bankda iqtisodiy meʼyorlarga rioya qilinmagani uchun – 4,2 mlrd. soʻm;

g) 8 ta bankda ichki nazorat qoidalari talablariga amal qilinmaganligi uchun – 3,8 mlrd. soʻm;

d) 2 ta bankda bank xizmatlari isteʼmolchilari huquqlari buzilganligi uchun – 120 mln. soʻm (ushbu jarima amaliyoti yaqinda joriy etilgan) miqdorida undirilgan.

Iqtisodiy meʼyorlar boʻyicha banklar tomonidan asosan likvidlilik va ochiq valyuta pozitsiyasi meʼyorlariga amal qilinmagan.

Ushbu davrda undirilgan jarima summalari banklar kesimida 50 mln. soʻmdan 2 mlrd. soʻm doirasida boʻlib, shundan 250 mln. soʻmgacha boʻlgan miqdorda 6 ta bankdan, 250 mln. - 500 mln. soʻm oʻrtasida boʻlgan miqdorda 7 ta bankdan, 500 mln. - 1 mlrd. soʻm oʻrtasida 7 ta bankdan, 1 mlrd. - 2 mlrd. soʻm oʻrtasida 8 ta bankdan undirilgan.

Banklardan tashqari, inspeksiya natijalariga koʻra 9 ta mikrokredit tashkilotlaridan 170 mln. soʻm va 3 ta lombardlardan 27,6 mln. soʻm miqdorida jarimalar undirilgan.

2018 yilda qoʻllanilgan choralar boʻyicha Markaziy bank tomonidan kredit tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan tartibbuzarliklarni bartaraf etish va ularning kelgusida yuzaga kelishini oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilish toʻgʻrisida koʻrsatmalar yuborildi.

2019 yilda Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan bank qonunchiligiga rioya etilishi ustidan qatʼiy nazoratni amalga oshirishni, shuningdek tartibbuzarliklarni oldini olish maqsadida oldindan taʼsir choralarini qoʻllashni davom ettiradi.

6 124
OʻzA