O‘zA O`zbek

04.01.2019 Chop etish versiyasi

Maqsad nafaqat mahsulot yetishtirish, undan yaxshigina daromad ham olishdir

Jizzaxda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tashabbusi bilan “Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, logistika va eksportni tashkil qilish” mavzusida oʻquv-seminar tashkil etildi.

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan seminarda hokimliklar, banklar, qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislari, ekspertlari, fermer va dehqon xoʻjaliklari, xalqaro moliya institutlari, kredit mablagʻlarini jalb qilgan subloyiha vakillari ishtirok etdi.

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, Oʻzbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qoʻllab-quvvatlash markazi mutaxassislari, amaliyotchi ekspertlarning mamlakatimizda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, mahsulotni saqlash, qayta ishlash, logistika va eksport qilishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼruzalari tinglandi. Xalqaro moliya tashkilotlarining kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan loyihalar, istiqboldagi ishlar, mavjud muammolar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbirda Jizzax viloyatida qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda ilgʻor tajriba va innovatsiyalarni, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni qoʻllash, meva-sabzavotni qayta ishlash hamda eksportini yoʻlga qoʻyish, xalqaro moliya institutlari mablagʻidan samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Mahsulot yetishtiruvchilar, saqlash, qayta ishlash logistika va eksport bilan shugʻullanuvchilar erishilgan natijalar, duch kelayotgan muammolar boʻyicha amaliy muloqot qildi.

– Biz hududda meva-sabzavot yetishtirish va uni isteʼmolchiga yetkazib berish jarayoni bilan tanishib, bu sohada oʻzaro hamkorlik qilish imkoniyatimiz kengligiga amin boʻldik, – deydi Janubiy Koreya texnologiyasi asosida meva-sabzavotni saralash texnologiyalarini ishlab chiqarish kompaniyasi bosh vakili Aleks Yun. – Bugungi muloqot davomida ham bu yoʻnalishda erishilgan natijalar samarasini yanada oshirish mumkinligi maʼlum boʻldi. Bu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlik yanada yaxshi samara beradi.

Oʻquv-seminar ishtirokchilari savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.



4 715
Toshqul Beknazarov, OʻzA