O‘zA O`zbek

31.08.2018 10:59 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati xorijlik ishbilarmonlar nigohida

Mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati xorijlik ishbilarmonlar nigohida
Jizzax viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan xalqaro investitsiyaviy forumda dunyoning 30 ga yaqin davlatidan farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash, qishloq xoʻjaligi sohalarida faoliyat yurituvchi korxonalar vakillari qatnashdi.

OʻzA muxbiri forum ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdi.

Ashok KUMAR, 
“Shayana farm” kompaniyasi bosh direktori (Hindiston):

– Mazkur forum men uchun foydali hamkorlik loyihalariga boy boʻldi. Oʻtgan yili Toshkentda dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyatini yoʻlga qoʻygan edik. Tadbir doirasida Jizzaxning iqtisodiy imkoniyatlari, “Zomin farm” erkin iqtisodiy zonasidagi sharoit va imkoniyatlar haqida maʼlumotga ega boʻlgach, navbatdagi ana shunday quvvatni shu yerda ishga tushirish niyati tugʻildi. Hamkorlarimiz bilan maqsadimizni amalga oshirishning aniq rejalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻlganimizdan xursandmiz.

Oʻzbekistonda ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar yaratilganini qayd etishni istardim. Ayniqsa, soʻnggi ikki yilda sarmoyadorlar faoliyati uchun toʻsiq boʻlayotgan koʻplab muammolar oʻz yechimini topdi. Jumladan, Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartiblari soddalashtirildi, imtiyozlar yaratildi. Imkoni boʻlsa, jahondagi barcha ishbilarmonlarni Oʻzbekistonga taklif qilgan boʻlardim.

Murat OʻZTURK, 
tadbirkor (Turkiya):

– Mamlakatingizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashning muhim omiliga aylandi. Biz Amerika, Yevropa va Afrika davlatlarida muqobil energiya uskunalari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyganmiz. Muqobil energiyaga boʻlgan talab dunyo miqyosida ortib borayotgani va Jizzaxda ushbu yoʻnalishdagi zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish va oʻrnatishda katta salohiyat mavjudligini inobatga olsak, hududda quyosh batareyalarini ishlab chiqaruvchi korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyishimiz maqsadga muvofiq. Tadbirda faoliyatimizning asosi boʻladigan dastlabki loyihalar haqida fikrlashdik. Yaqin kelajakda istiqbolli sheriklik munosabatlarini amalga oshirishga umid qilamiz.

Klaus BONЕMANN, 
“Wehrhahn GmbH” kompaniyasi prezidenti (Germaniya):

– Oʻzbekistonda avtoklav gazobeton bloklari tayyorlovchi korxonatizimini ishga tushirish ustida ish olib borayapmiz. Qiymati 130 million AQSH dollariga teng boʻlgan ushbu loyiha nemis, turk va oʻzbek ishlab chiqaruvchilari hamkorligida amalga oshirilmoqda. Dastlab beshta ana shunday korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyamiz. Keyingi bosqichda korxonalar sonini 12 taga yetkazish, yaʼni yurtingizning har bir hududida sanoat quvvatlari qurish rejalashtirilgan. Uy-joy qurilishida keng qoʻllaniladigan bu material oʻzining mustahkamligi, issiq-sovuqqa bardoshli ekani, haroratni bir meʼyorda ushlab tura olishi kabi qator afzalliklarga ega. Bu esa isitish uchun sarf boʻladigan elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Oʻzbekiston, xususan, Jizzax ham mahsulot ishlab chiqarilishida ishlatiladigan xomashyo – qum, sement va ohaktosh zaxirasiga boy. Xalqaro anjuman doirasida faoliyatimiz uchun zarur boʻladigan koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldim.

T.Beknazarov yozib oldi, J.Yorbekov (surat), OʻzA
1 937