Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.02.2017 19:54 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizda zamonaviy yoritgichlar ishlab chiqarish kengaymoqda

Texnik taraqqiyot hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ehtiyoji kam energiya sarflaydigan, ishonchli va mustahkam konstruksiyaga ega yoritish moslamalarining yaratilishiga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan svetodiod lampalar va yoritgichlar ana shu mezonlarga to‘liq javob beradi.

O‘zbekiston Respublikasining "Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida"gi, "Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq mamlakatimizda sanoat va kommunal xo‘jalik sohalariga energiya va resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Ayni paytda svetodiod lampalar ishlab chiqarish va ularni qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston – Janubiy Koreya “EGL-NUR” qo‘shma korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati mamlakatimizda birinchilar qatorida svetodiod lampalar va yoritigichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Ushbu korxona "O‘zbekenergo" AJ va Janubiy Koreyaning “EG Lightings” kompaniyasi hamkorligida 2013-yil dekabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, "Angren" erkin iqtisodiy zonasida joylashgan. Hozir bu yerda ushbu mahsulotning bir necha turi ishlab chiqarilmoqda. Korxona oyiga 200 ming dona svetodiod lampa va 1000 dona yoritgich ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Korxona mahsulotlaridan Toshkent va mamlakatimizning boshqa shaharlari ko‘chalarida keng foydalanilmoqda. Bundan tashqari, "O‘zbekenergo" AJning barcha korxonalari ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatning svetodiod lampalari va yoritgichlaridan keng foydalanmoqda.

Korxonaning ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlariga yuqori sifati, energiya tejamkorligi, har qanday iqlim sharoitiga chidamliligi, xalqaro standartlarga mosligi, ekologik jihatdan xavfsizligi va raqobatbardoshligi tufayli iste’molchilar o‘rtasida talab katta.

Ushbu qo‘shma korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotdan foydalanish muddati 30 ming soatdan ortiq bo‘lib, oddiy cho‘g‘lanma lampaga nisbatan 30 barobar yuqori, ayni paytda 9-10 barobar kam energiya sarflaydi. Ular inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz, zero ultrabinafsha va infraqizil nur taratmaydi, tarkibida og‘ir metall va zaharli moddalar yo‘q.

Svetodiod lampalarning boshqa yoritgichlardan muhim ustuvorligi ularning texnologik ekani bilan izohlanadi. Ularni masofadan turib pult bilan boshqarish mumkin, avtonom tartibda ishlash uchun akkumulyator yoki Wi-Fi orqali "aqlli" uy va ko‘cha yoritgichlarida ishlatiladigan boshqaruv interfeysini o‘rnatish mumkin.

“EGL-NUR” MChJda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning yuqori sifati barcha ishlab chiqarish jarayonlarida amal qiluvchi qat’iy sifat nazorati orqali ta’minlanmoqda. Yoritgichlar tekshiriladigan korxona laboratoriyasida eng zamonaviy o‘lchov uskunasi o‘rnatilgan.

Korxona faoliyatining muhim yo‘nalishini svetodiod lampalar va yoritigichlar uchun mo‘ljallangan butlovchi qismlar ishlab chiqarishning mahalliylashtirilishi tashkil etadi. Hozirgi paytda bu yerda avval xorijdan keltirilgan diffuzor, korpus, metiz, qopqoq va boshqa ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi uskunalarni o‘rnatish va montaj qilish ishlari olib borilmoqda.

– Biz ilgari faqat energiya tejamkor lyuminessent lampalar sotgan bo‘lsak, endi mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetkazib berayotgan svetodiod lampalar hisobidan mahsulot turini kengaytirdik, – deydi shahrimizdagi maishiy texnika do‘konlaridan birining sotuvchisi Alisher Ahmedov. – Svetodiod lampalar bilan birga, ko‘cha yoritgichlari ham sotamiz, chunki ularga ham talab katta.

– Ikki yil avval qizimning maslahati bilan svetodiod lampalar xarid qilgan edim, ular hamon ishlab turibdi, – deydi Lola Rahimova. – Bu vaqt davomida uyimizda energiya sarfi bir yarim barobar kamaydi.

Svetodiod lampalar va yoritgichlar ishlab chiqarishning kengayishi tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biri bo‘lib, ayni paytda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
1 064






Все о погоде - Pogoda.uz