Mamlakatimiz avtotransport tarmog‘i yutuqlari
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida 2014-yilning 9 oyi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida 2014-yilning 9 oyi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda iqtisodiyotimizning muhim sohalaridan biri – transport tarmog‘i xalq xo‘jaligi va aholining transport xizmatiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlab, hududlar va umuman, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida avtotransport xizmatlari bozorida sog‘lom raqobat muhiti va bozor munosabatlarini shakllantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchi tashish tizimida aholi uchun yildan-yilga qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda. Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda 4,3 mingdan ortiq yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Ularning 98,4 foizi ochiq tender savdolari orqali joylashtirilgani avtotransport xizmatlari bozorida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va transportda tashuvchilar uchun teng sharoit yaratish imkonini bermoqda. Jumladan, 2014-yilning yanvar-sentabr oylarida o‘tkazilgan 89 ochiq tender savdolari orqali 790 dan ziyod yo‘nalish ochildi.
O‘tgan davrda viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda yo‘lovchilar oqimini o‘rganish, yo‘lovchi tashish sohasidagi mavjud ehtiyojlarni aniqlash, avtokorxonalardagi avtobuslarni yangilashga amaliy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirildi. Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan va lizing asosida xarid qilingan “Isuzu” rusumli 243 yangi avtobus barcha viloyatlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Bunday chora-tadbirlar samarasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati oshdi.
Tadbirda joriy yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda yo‘lovchi tashishni amalga oshiradigan litsenziyaga ega avtomobillar soni 94 mingdan oshgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari hamda mutaxassislarining malakasini oshirish, ularga maslahat yordami ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.