O‘zA O`zbek

21.12.2017 18:07:03 Chop etish versiyasi

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 5 trillion 781 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi

Parlament quyi palatasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining tayyor mahsulot, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish sohasini takomillashtirish bo‘yicha faoliyati natijalari yuzasidan axboroti eshitildi va muhokama qilindi.

Mamlakatimizda tayyor mahsulotlar mahalliylashtirilishi darajasini oshirish iqtisodiyotning yanada barqaror va izchil rivojlanishi, uning tashqi omillarga tobeligini pasaytirish, ishlab chiqirish jarayonlariga yangi samarali texnologiyalarning tatbiq etilishini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois yurtimizda mahalliylashtirish – sanoatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Sohani yanada rivojlantirish va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy asoslar yaratilgan va bugungi rivojlanish tamoyillaridan kelib chiqib takomillashtirib borilmoqda.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan Surxondaryo, Namangan, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan qator korxonalar faoliyati o‘rganilib, joylarda mahalliy tadbirkorlar bilan muloqotlar tashkil etildi.

Prezidentimizning 2016-yil 26-dekabrdagi “2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining bajarilishi yuzasidan Iqtisodiyot vazirligi tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, axborotda keltirilishicha, joriy yilning 9 oyi davomida 750 mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, 5 trillion 781 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va reja 149 foizga bajarilgan. Mahalliylashtirish dasturi loyihalarini amalga oshirish natijasida sanoat mahsulotlarining 150 dan ortiq yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Natijada, 351 million AQSh dollari hajmidagi mahalliylashtirilgan mahsulotlarning eksporti ta’minlangan. Yana bir muhim jihat, dastur doirasida joriy yilning uch choragi davomida 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etilgan.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirishdagi zamonaviy yondashuvlar tufayli jarayonlarning shaffofligi va tezkorligi ta’minlanmoqda, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘smoqda. Bu, o‘z navbatida, ichki bozorlarimizni zarur tovarlar bilan to‘ldirish hamda eksport salohiyati yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Sohaning yanada rivojlanishini ta’minlash uchun foydalanilmagan zaxiralar va imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Jumladan, joylarda mahalliylashtirish dasturi ahamiyati, dastur doirasida beriladigan soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalar, dasturga kiritish mexanizmlari haqida tadbirkorlik subyektlarini keng xabardor qilish, tayyor mahsulotlar sotishni amalga oshirishda marketing tadbirlari sust tashkil etilayotgani, davlat boshqaruvi organlari va tijorat banklari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishida kechikish holatlarining mavjudligiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish rejalari bajarilishining tizimli monitoringini tashkil etish, korxonalar duch kelayotgan muammo va to‘siqlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni yechimi bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish masalalarida mahalliy davlat organlarining mas’uliyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbirda ishtirokchilar sohani yanada rivojlantirishga doir fikr-mulohazalar bildirib, normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga doir takliflar berdi. Eshituv yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.