O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Mahalliylashtirilgan mahsulotlar va xizmatlarning televidenie orqali reklama qilishda 50 foizli chegirma taqdim etiladi

Mahalliylashtirilgan mahsulotlar va xizmatlarning televidenie orqali reklama qilishda 50 foizli chegirma taqdim etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020-2021 yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini tasdiqlash va amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori loyihasi e’lon qilindi. 

Hujjatga muvofiq mamlakat sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish shuningdek, sanoat ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish maqsadida qator ishlar amalga oshiriladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarning maqsadli ko‘rsatkichlari bajarilishini tizimli monitoringini yuritishni hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolarni vakolatli vazirlik va idoralarni jalb qilgan holda bartaraf etib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosiga oid statistik hisobotlarni 2020 yil 1 yanvardan har oy yakuni bilan yuritilishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish
va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari:

ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarning maqsadli ko‘rsatkichlari bajarilishiga oid tezkor monitoring ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga taqdim etishni;

ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har oy yakuni bilan sifatli va o‘z muddatida statistik hisobotlarda aks ettirilishini ta’minlab boradi.

Mazkur qaror loyihasiga ko‘ra vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosini so‘zsiz ta’minlaydi hamda sanoat ishlab chiqarish jarayoniga ilmiy izlanish natijalarini va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hisobiga tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, shu jumladan texnologik asbob-uskunalarning tez ishdan chiquvchi butlovchi buyumlari, ehtiyot qismi va materiallari ishlab chiqarishni o‘zlashtirib borilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalar tomonidan mahalliylashtirilgan mahsulotlarni (xizmatlarni) ommaviy axborot vositalari orqali reklama qilishda 50 foizli chegirmalar taqdim etadi.

1 082
O‘zA