Made in Uzbekistan ko‘rgazmasi oldidan
Joriy yilning 7-9-noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da “Made in Uzbekistan” deb nomlangan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilning 7-9-noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da “Made in Uzbekistan” deb nomlangan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.Mamlakatimiz iqtisodiy soha yutuqlarini namoyon etish maqsadida tashkil qilinayotgan mazkur ko‘rgazmada yuqori sifatli, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, xorijlik ishbilarmonlar, yirik kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda. Ko‘rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilar mahalliy sanoat korxonalari mahsulotlari bilan tanishish, ishlab chiqarish tarmoqlariga joriy etilgan innovatsion loyihalar haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.
Ayni kunlarda ko‘rgazmaga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallada. Ishbilarmon doira vakillari uchun muhim ahamiyatli iqtisodiy tadbir mazmun-mohiyati, tayyorgarlik jarayoni borishi haqida “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Rustamov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasini barchamiz har qadamda his qilib turibmiz. Bugun barcha sohalar qatori iqtisodiyot tarmoqlari, hususan, kichik biznes, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sifatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik muhitini erkinlashtirish, qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratish orqali xorijlik investorlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohaga doir qabul qilingan o‘nlab me’yoriy-huquqiy hujjatlar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Pirovardida, mamlakatimiz iqtisodiy hayotida o‘sish sur’atlari jadal kechmoqda, ishlab chiqaruvchilar safi kengayib, mahsulotlar turi va eksport ko‘lamining salmog‘i oshmoqda. Bunga “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tayotgan turli yo‘nalishlardagi ko‘rgazmalar, xalqaro tadbirlar misolida amin bo‘lish mumkin. Aytish joizki, har yili milliy ko‘rgazmalar majmuida 40 dan ortiq ko‘rgazma tashkil etib kelinadi. Bu yil ular 70 dan oshdi va yangi yo‘nalishlar qamrab olindi. Eng asosiysi, ko‘zlangan maqsadlarga erishilmoqda, samaradorlik kuzatilmoqda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlariga chet ellik tadbirkorlarning qiziqishi ortmoqda.
"Made in Uzbekistan" ko‘rgazma-yarmarkasida erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar, yengil sanoat, farmatsevtika, oziq-ovqat, charm-poyabzal, qurilish, xalq iste’moli mollari, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, yo‘l-transport infratuzilmasi, elektrotexnika, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari, agrosanoat yutuqlari, yangi turdagi mahsulotlar, ta’lim va boshqa turdagi xizmatlar namoyish etiladi.
Shuningdek, tadbirda davlat boshqaruvi organlari, Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy bo‘limlari vakillari, mamlakatimiz bank-moliya tashkilotlari ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ular ko‘rgazma ishtirokchilariga tadbirkorlikni rivojlashtirish, ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar ajratish, faoliyat ko‘lamini kengaytirish, mahsulotlar eksportini amalga oshirish bilan bog‘liq o‘z xizmatlarini taqdim etadi.
Shu bois ko‘rgazma mahalliy va xorijiy ishbilarmon doiralar, yirik kompaniyalar, xususiy korxonalar vakillarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bugungi kunga qadar unda ishtirok etish istagini bildirgan mahalliy korxonalar soni 200 dan ortdi. Shuningdek, qator yirik xorijiy kompaniyalar ishtiroki kutilmoqda.
Hozir "O‘zekspomarkaz"ning www.uzexpocentre.uz veb-saytida ham ishtirokchilarni masofaviy ro‘yxatga olish ishlari davom etmoqda. Ishlab chiqaruvchilar va ko‘rgazmada ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlar saytimiz orqali "Made in Uzbekistan" ko‘rgazmasi haqida batafsil ma’lumot olishi, tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Ko‘rgazma bir vaqtning o‘zida "O‘zekspomarkaz"ning 4-pavilonida bo‘lib o‘tadi. Uning doirasida seminarlar, mahsulotlar va xizmatlar namoyishi o‘tkaziladi. Chet ellik hamkorlar bilan manfaatli shartnomalar imzolanadi.
Alohida ta’kidlash joizki, ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida qator chet el kompaniyalaridan manfaatli takliflar kelib tushmoqda. Xususan, Xitoyning Shensi provinsiyasida joylashgan xalqaro port zonasi ma’muriyati o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarni hamkorlikka chorlamoqda. "Bir makon, bir yo‘l" loyihasi doirasida savdo-hamkorlik, gumanitar aloqalarni mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Qozog‘istonning "Sauda Samal" kompaniyasi, Tojikistonning "Saxovat" savdo majmuida joylashgan O‘zbekiston – Tojikiston savdo uyi mas’ullari tadbirkorlarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga talab yuqori ekanini inobatga olib, o‘zbekistonlik ishbilarmonlar uchun beg‘araz maydonchalar ajratish, ushbu mamlakatlarda mahsulotlar namoyishini tashkil etish takliflarini bildirmoqda.
Ko‘rgazmada mazkur kompaniyalar vakillari ham qatnashadi va ishonamizki, kelib tushgan takliflar yuzasidan samarali kelishuvlarga erishiladi.