O‘zA O`zbek

29.08.2019 Chop etish versiyasi

Log‘on qishlog‘ida qo‘shma korxona ish boshladi

Log‘on qishlog‘ida qo‘shma korxona ish boshladi

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida “Vodiy-Shoes” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – AQSh qo‘shma korxonasi ish boshladi.

Mustaqilligimizning 28 yillik bayramiga tuhfa bo‘lgan yirik korxonaning ochilish marosimida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar eng chekka hududlarda ham sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

photo5422710276844792749.jpg

Mamlakatimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, qishloqqa sanoatni olib kirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida bu boradagi ishlarning ko‘lami yanada kengaymoqda. Bugungi kunda Farg‘ona tumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga sharoit yaratish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir. Log‘on qishlog‘ida ish boshlagan mazkur qo‘shma korxona ham ana ishlarning amaldagi samarasidir.

photo5422710276844792751.jpg

– Yangi qurilgan qo‘shma korxonamizda erkaklar, ayollar va bolalar uchun bejirim va sifatli poyabzallar ishlab chiqariladi, – deydi qo‘shma korxona direktori Umarali Qambarov. – Umumiy loyiha qiymati 8,5 million dollar bo‘lgan korxonada Germaniya, Chexiya va Italiyadan keltirilgan zamonaviy asbob-uskuna va texnologiyalar o‘rnatildi. Mahsulotlar asosan mahalliy xomashyodan tayyorlanadi. Bu yerda 150 nafar mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlandi. Bir kunda 2 ming 500 juft poyabzallar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

photo5420291157990157163.jpg

Tadbir ishtirokchilari qo‘shma korxonaning ish jarayoni bilan tanishdi. 

Qo‘shma korxonaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T. Xudaybergenov, Farg‘ona viloyati hokimi Sh. G‘aniev, Tojikistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi S.Imomiy ishtirok etdi.

6 469
M. SULAYMONOV, O‘zA