O‘zA O`zbek

26.08.2019 Chop etish versiyasi

Limon, mandarin va makkajo‘xori

Limon, mandarin va makkajo‘xori

“Tomorqa nafaqat qo‘shimcha daromad keltiradi, balki farzandlarim tarbiyasida ham muhim ko‘makchi. O‘n sotixdan ko‘proq maydonda limonzor tashkil qilgan bo‘lsam, uni kichik-kichik hududlarga taqsimlab, olti farzandimga bo‘lib berganman. O‘zlari parvarish qilib, o‘simlikdagi o‘zgarishlarni kuzatib borishadi. Shu orqali ular halol mehnat qilib, o‘z kuchi bilan daromad topishni o‘rganmoqda. Ochig‘i, dehqonchilik qilib kam bo‘lmadik, oila a’zolarimiz bandligini ta’minladik, uyimizni zamonaviy ko‘rinishda qayta ta’mirladik. Bularning barchasi tomorqamizdan olayotgani daromadlarimiz samarasidir”.

Bu - Toshkent tumanidagi “Chuvalachi” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Abror No‘monovning fikrlari. Albatta, u bejizga bu so‘zlarni aytmadi.
Ayni vaqtda bu xonadonga borsangiz, darvozadan kirishingiz bilan ro‘parada ko‘m ko‘k daraxtzor va uning hosiliga ko‘zingiz tushadi. Kichkina hovli ham saranjom-sarishta. Unda gullar yashnab turibdi. Ishkomda uzumlar oltinday tovlanmoqda. Atrofda birorta begona o‘t yoki ortiqcha narsa yo‘q.

– Bir necha yildan buyon 8 sotixda “Meyer” navli limon yetishtirib kelmoqdamiz, – deydi A.No‘monov. – Bu nav ko‘chatlari nisbatan kichik bo‘lsa-da, erta hosil berishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Ya’ni ko‘chat o‘tkazilgandan keyin ikki yilda hosilga kiradi. O‘tgan yili har bir tup limondan o‘rtacha 30 kilogrammdan hosil oldik. Aslida bu hosil nisbatan kamroq, agarda ko‘chatlar orasini ko‘proq ochiq qoldirganimizda hosildorlik har bir daraxtdan 80 kilogrammdan to‘g‘ri kelgan bo‘lar ekan. Hozirda bu maslahatni sinab ko‘rish uchun bo‘sh turgan yana olti sotix yerda limonzor yaratdik. Ularning orasiga o‘n dona mandarin ko‘chati ekildi. Bu ham limonni hosildorligini oshirishga qo‘l kelar ekan.

photo5411470394675801156.jpg

Abror aka kuzda yetishtirilgan limonni may oyiga qadar saqlashni uddasidan chiqdi. Buning uchun xona harorati 16 daraja bo‘lishi talab etilar ekan. Agar ko‘rsatkich oshib ketsa, konditsionerdan foydalanish kerak bo‘lar ekan.

Ish ko‘zini bilgan odam yerdan unumli foydalandi. Shu bois bu tomorqada limon oralariga shirin makkajo‘xori qalamchalari o‘tkazilgan. 90 kunda pishib, sotuvga chiqadigan bu ekinning xaridori ayni vaqtda juda ko‘p. Shuningdek, makkajo‘xori sug‘oriladigan yerlar samaradorligini oshiradi.

– Yetishtirayotgan jo‘xorilarimizni supermarket va savdo rastalariga yil davomida yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida sovutgich qurdik, –deydi tomorqachi. – Buning uchun uymiz yerto‘lasidan foydalanmoqdamiz. U yerni standart talablari darajasida jihozlab, uskunalar joylashtirdik. Makkajo‘xori hosili yig‘ilganda shu yerda 18 darajada saqlab, peshma-pesh xaridorga yetkazib beramiz. Chunki, bu haroratda uning sifati buzilmaydi, ko‘rinishi ham bir qaynaganda asl holiga keladi.

photo5413798653497290152.jpg

Ayni vaqtda Abror No‘monov O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ta’sis etgan “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishon sohibi bo‘lish orzusida mehnat qilmoqda. Qayd etish joizki, o‘tgan yili bu nishon yetmishga yaqin namunali tomorqachilarga topshirilgan edi.

6 684
Sayyora ShOEVA, O‘zA