Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 20:08 Chop etish versiyasi

Kreditni rasmiylashtirishga qancha vaqt kerak?

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Bankning xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga zamonaviy texnika-texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy elektron xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini oshirish borasidagi loyihalari ishbilarmonlarga yangi qulaylik va imkoniyatlar yaratmoqda. Misol uchun, bank 1992-yilda jahondagi 83 eng yirik moliya muassasasi bilan vakillik munosabatlari o‘rnatgan bo‘lsa, joriy yil 1 iyul holatida 80 dan ortiq davlatning qariyb 700 xalqaro moliya muassasasini qamrab oldi.

Bank tizimli ravishda xorijiy kredit liniyalarini jalb qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Janubiy Koreya Eksimbanki, Sumitomo Mitsui Banking Korporeyshn (Yaponiya), Landesbank (Germaniya), "Gazprombank" (Rossiya), Aktif Bank (Turkiya) va Osiyo taraqqiyot banki kabi dunyo moliya bozorida yetakchilik qilayotgan institutlar bilan samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilib, 4,8 milliard dollarlik sarmoyalar istiqbolli loyihalarga jalb qilindi.

Anjumanda ishtirok etgan tadbirkorlar bank erishgan yutuqlarni e’tirof etgan holda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Misol uchun, Yashnobod tumanida faoliyat yuritayotgan «Hiloladan tansiq taomlar» oilaviy korxonasi rahbari Hilola Razzoqova yarim tayyor muzlatilgan mahsulotlarni eksport qilishning qulay jihatlarini qidirayotgani bois bu borada bank mutasaddilari qanday yordam berishi mumkinligi bilan qiziqdi.

– Bankimizda joriy yilning aprel oyidan boshlab Visa to‘lov tizimi bilan hamkorlikda xalqaro kartochkalar uchun internet-ekvayring xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan, – deydi bankning boshqarma boshlig‘i Bunyod Esonboyev. – Ushbu xizmatdan foydalanadigan tadbirkorlik subyektlari xorijga o‘z mahsulotlarini internet orqali sotishi va sotilgan tovar uchun mablag‘larni plastik kartochkasida qabul qilib olishi mumkin.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida faoliyat yuritayotgan «Evroaziya grant» xususiy korxonasi rahbari Sherali Toshboyev esa kreditlarni rasmiylashtirish jarayonlari cho‘zilishi sabablari bilan qiziqdi.

– Agarda kredit ta’minotiga oid barcha hujjatlar taqdim etilgan bo‘lsa, sarmoyalarni rasmiylashtirishga 15 daqiqa vaqt yetarli, – deydi bankning Toshkent viloyat bo‘limi yetakchi mutaxassisi B.Sodiqov.

Matbuot anjumanida bankning istiqboldagi rejalari haqida ma’lumot berildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 630






Все о погоде - Pogoda.uz