O‘zA O`zbek

25.08.2018 12:27 Chop etish versiyasi

Korxonada sentyabr oyidan stipendiya toʻlab oʻqitiladigan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi

Korxonada sentyabr oyidan stipendiya toʻlab oʻqitiladigan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi
Buxoro viloyati Olot tumanidagi Arabxona qishlogʻida “Sherzod Otamurodov ravnaqi” oilaviy korxonasi ish boshladi. 

Uning ochilish marosimida mahalliy davlat hokimiyati va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi F. Ibragimova, Olot tumani hokimi Sh.Salomov va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarni ish bilan taʻminlash maqsadida amalga oshirilayotgan turli loyihalar yuksak samara berayotganini taʻkidladi.

Korxonani tashkil etishda tadbirkor Sherzod Otamurodovga hududda foydalanilmay turgan binoning investitsiya kiritish sharti bilan “nol” qiymatda berilgani hamda tijorat bankining 250 million soʻmlik kredit mablagʻi qoʻl keldi. Tadbirkor bu loyihaga oʻzining qariyb 50 million soʻm sarmoyasini ham yoʻnaltirdi. Tikuvchilik yoʻnalishidagi korxona zamonaviy tikuv mashinalari hamda boshqa jihozlar bilan taʻminlangan.

Korxonada 30 nafar xotin-qiz doimiy va 20 nafar ayol kasanachilik asosida ishlamoqda.

– Oʻzimga mos ish topolmaganim sabab vaqtincha bekor yurishga majbur boʻldim, – deydi tikuvchilardan biri Gulnoza Berdiyeva. – Qishloqda tikuvchilik sexi ochilgani men uchun qulay boʻldi. Tajribam borligi bois ishga qabul qilindim. Bu yerda koʻpchilik qatori menga ham tuman bandlikka koʻmaklashish markazi mutasaddilari tomonidan mehnat daftarchasi topshirildi.

Tuman bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan yana yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilib, ushbu tikuvchilik korxonasida sentyabr oyidan stipendiya toʻlab oʻqitiladigan ikki oylik malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Unda xotin-qizlar bichuvchilik va zamonaviy tikish mashinalarda ishlash koʻnikmasini egallaydi.

Talab va taklif natijalariga koʻra, korxonada yil oxiriga borib, zamonaviy bichim va andazalar asosida xotin-qizlar va erkaklar uchun yangi dizayndagi kiyim-kechaklar tikish yoʻlga qoʻyiladi. Bu ish oʻrinlari soni yana koʻpayishiga xizmat qiladi.

Erkin Yodgorova, OʻzA
2 143