O‘zA O`zbek

28.05.2020 Chop etish versiyasi

Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsiri oqibatida eng koʻp zarar koʻrgan va koʻrayotgan turizm hamda unga bevosita bogʻliq boʻlgan tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash, yuz minglab ish oʻrinlari va malakali mutaxassislarni saqlab qolish, ularning daromadlarini ushlab turish, shuningdek, mamlakatda sanitariya-epideomologik vaziyat yaxshilanishiga qarab turizm sohasini jadal qayta tiklash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi, jamoat tashkilotlari va turizm sohasi subyektlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

belgilangan sanitariya-gigiyena meʼyorlari va talablariga qatʼiy rioya etgan holda 2020-yilning 1-iyunidan “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizmni qayta yoʻlga qoʻyish bilan birgalikda yondosh tashkilotlarning (turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat va madaniy meros obyektlari hamda boshqalar) faoliyatini boshlash;

fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasiga kirishga ruxsat etiladigan mamlakatlar roʻyxatini belgilab olgan holda kirish turizmni bosqichma-bosqich qayta tiklash.

2. Belgilansinki, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun:

2020-yil 1-iyundan 31-dekabrga qadar foyda soligʻi stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi;

2020 va 2021-yil yakunlari boʻyicha zararlarni Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan miqdor bilan cheklamagan tarzda oʻtkazish huquqi beriladi;

2021-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash toʻxtatiladi.

Joylashtirish vositalariga alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun mahalliy yigʻimni toʻlashni 2021-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilish va keyinchalik ularni 12 oy mobaynida teng qismlarda toʻlash asosida foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) huquqi taqdim etiladi.

3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan:

a) 2020-yil 1-iyundan 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda quyidagilarga Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tomonidan belgilanadigan mezonlar asosida 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar ajratish shaklida:

turoperatorlarga 2019-yildagi oʻrtacha oylik ish haqi fondining uch baravaridan oshmaydigan miqdorda;

joylashtirish vositalariga har bir yotoq oʻrni uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;

b) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibiga muvofiq turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes gʻoyalarni, shu jumladan, birinchi navbatda turistlar uchun qulayliklar yaratishga yoʻnaltirilgan axborot dasturlari va xizmatlarini umumiy 1,5 milliard soʻm miqdorida qisman subsidiyalash orqali;

v) 2020-yil 1-iyundan 2021-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda respublika hududlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) xorijiy oshxona yoki alohida yoʻnalish boʻyicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni tashkil etish boʻyicha loyiha tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30 foizi, lekin har bir loyiha uchun 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda grantlar ajratish orqali;

g) 2020-yil 1-iyundan 2021-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda yangi turizm mahsulotlari va yoʻnalishlarini ishlab chiqish va targʻib qilishga gidlar uchun 5 million soʻm, turoperatorlar uchun 10 million soʻm miqdorida grantlar ajratish orqali qoʻshimcha koʻmak koʻrsatiladi.

4. Davlat tomonidan quyidagi qoʻshimcha koʻmak koʻrsatilsin:

a) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagilarni subsidiyalash:

joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar boʻyicha 2020-yil 1-martdan 1-iyungacha boʻlgan davrda turizm sohasi subyektlarining foiz xarajatlari;

joylashtirish vositalarini qurish uchun turizm sohasi subyektlariga avval berilgan kreditlar boʻyicha 2020-yil 1-iyundan 2022-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismi;

yangi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqlashtirish uchun turizm sohasi subyektlariga beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismi;

aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun turizm sohasi subyektlariga beriladigan 1 milliard soʻmgacha miqdordagi kreditlar boʻyicha 2020-yil 1-iyundan 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismi;

b) 2020-yil 1-iyundan 2021-yil 31-dekabrga qadar joylashtirish boʻyicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalarini subsidiyalash;

v) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari – turoperatorlar va turagentlarga kirish turizmi qayta boshlangan kundan eʼtiboran kirib keluvchi xorijiy turistlarning umumiy soni 500 ming nafarga yetgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5781-son Farmoniga muvofiq kompensatsiya qilinadigan charter reyslar orqali olib kelinganlardan tashqari Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingan va xizmat koʻrsatilgan har bir xorijiy turist uchun 15 AQSH dollari miqdorida,ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida kamida besh sutka boʻlishi sharti bilan ragʻbatlantiruvchi subsidiyalar ajratish;

g) Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan kirish turizmi qayta boshlangan kundan eʼtiboran 2020-yil 31-dekabrga qadar kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun Oʻzbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash;

d) 2021-yil 1-iyunga qadar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan mehmonxonalarga toifa olish yoki oshirish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha xarajatlarni olingan toifani kelgusi 3 yil davomida saqlash sharti bilan quyidagi miqdorda qoplash:

3 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 5 million soʻm;

4 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 10 million soʻm;

5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 15 million soʻm.

5. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tasarrufidagi texnikum va kollejlarga 2020-yilda oʻqishga qabul qilingan barcha tinglovchilarni oʻqitish, istisno tariqasida, davlat granti asosida amalga oshiriladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bankining 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlar boʻyicha asosiy qarz toʻlovini 18 oydan 24 oygacha uzaytirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

7. 2022-yil 1-yanvarga qadar yuridik shaxslar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun jihozlar, texnikalar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun aloqasiz boshqariladigan (sensorli) jihozlar, shuningdek, hidsiz dezinfeksiyalovchi vositalar uchun bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) ozod etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

bir hafta muddatda Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan mazkur Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni boshlash uchun Jamgʻarmaga 20 milliard soʻm ajratilishini, shuningdek, zaruratga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining buyurtmanomalariga koʻra mazkur Farmonning 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan turizm sohasidagi texnikum va kollejlarda 2020-2021 oʻquv yilida mutaxassislarni tayyorlash uchun mablagʻlar ajratsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

Moliya vazirligi bilan birgalikda qabul qilingan qoʻllab-quvvatlash choralarining natijadorligi oʻrganilishini va uning yakunlari boʻyicha keyingi yillarda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish boʻyicha takliflar 2021-yil 15-yanvarga qadar kiritilishini taʼminlasin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 28-may

12 531
OʻzA