O‘zA O`zbek

07.10.2019 Chop etish versiyasi

Koreyalik tadbirkor ming kishini ish bilan ta’minlaydi

Koreyalik tadbirkor ming kishini ish bilan ta’minlaydi

Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarni keng jalb qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yaxshi natija bermoqda. Turli davlatlardan hamkorlik qilish maqsadida yangi loyiha hamda takliflar bilan kelayotgan ishbilarmonlar safi tobora kengaymoqda.

Janubiy Koreya Respublikasi fuqarosi Dji Chunguey Namangan shahrida 18 qavatli, besh yulduzli mehmonxona va ip yigiruv korxonalari qurish loyihasi taklifi bilan keldi. O‘zaro muzokaralar natijasida mahalliy hokimiyat va koreyalik ishbilarmon o‘rtasida loyihani amalga oshirishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bu borada birinchi amaliy qadam sifatida Namangan shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Chung Paradise City Namangan” xorijiy korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, korxonaning guvohnomasi va nizom hujjatlari tantanali ravishda topshirildi.

– Bundan tashqari, shu yerning o‘zida “Hamkorbank” viloyat filialida maxsus hisob raqami ochilib, muhr va tamg‘alar tayyorlab berildi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari F.Jo‘raboev.

– O‘zbekiston dunyo tadbirkorlarini istiqbolli hamkorliklar maydoni sifatida o‘ziga tortmoqda, – deydi Dji Chunguey. – Chunki, mamlakatingizda hali ochilmagan, foydalanilmagan imkoniyatlar juda ko‘p va ulardan hamkorlikda foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi. Bu yerda nafaqat mahalliy, balki xorijlik sarmoyadorlar uchun ham yetarli sharoit yaratilgan. Davlat xizmatlari agentligi tomonidan korxonamiz qisqa vaqt ichida ro‘yxatga olinib, boshqa tashkiliy masalalarda tezkor ko‘maklashilgani ham ishimizning istiqbolidan dalolat berdi. Bundan mamnun bo‘ldik. Kelgusida, Namangan ahliga zamonaviy qiyofadagi mehmonxonalar qurish bilan birga, yarim tayyor mahsulotni tayyor mahsulot holatiga keltirishda ko‘maklashamiz. Shu bilan birga mahalliy aholining ming nafarini ish bilan ta’minlashni maqsad qilganmiz.

648
Akromjon SATTOROV, O‘zA