Kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda, mahalliylashtirish ko‘lami kengaymoqda
“O‘zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati hamda axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkasi ochildi.
“O‘zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati hamda axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkasi ochildi.
Tadbir Prezidentimiz Islom Karimovning 2009-yil 1-dekabrdagi “Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining birinchi bosqichi doirasida o‘tkazilmoqda.
Har yili o‘tkazilayotgan tarmoq sanoat yarmarkalari korxonalarga ishlab chiqarish va qayta ishlangan xomashyo, material va butlovchi buyumlar, tayyor mahsulotlarni yetkazib berishda uzoq muddatli xo‘jalik aloqalarini kengaytirish hamda tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiya asosida yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilmoqda.
Ushbu tadbirlarga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib borayotgani e’tiborga loyiq. Masalan, o‘tgan yilgi forumda 250 dan ortiq korxona ishtirok etib, qariyb ikki ming turdagi yangi mahsulotlarni taqdim etgan edi. Ularning 90 turi Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha o‘zlashtirilgan yangi mahsulotlardir. Joriy yilda ikkita yirik kompleksni birlashtirgan ko‘rgazmalar maydonida 300 dan ortiq sanoat korxonasi 2,5 ming turdan ortiq mahsulotlarni namoyish qilmoqda. Ularning 100 turi yangi mahsulotlardir.
Ishtirokchilar orasida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tarkibidagi korxonalar alohida ajralib turibdi. Ayni paytda sohada ishlab chiqarishni keng ko‘lamli modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash ishlari amalga oshirilib, tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha loyihalar hayotga tatbiq etilayotir.
Tarmoq sanoat yarmarkasida “O‘zbekneftgazqazibchiqarish”, “O‘zgeoburg‘uneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “O‘zneftmahsulot”, “O‘zneftgazmash”, “O‘zneftgazqurilishinvest” aksiyadorlik kompaniyalari va boshqa korxonalar faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari, uglevodorod xomashyosini qazib olish, qayta ishlash va transportirovka qilish, neft-gaz obyektlarini qurish, mashinasozlik mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tortib ilmiy-tadqiqot va loyiha-qidiruv ishlari va tayyor mahsulotlarni ichki hamda tashqi bozorda sotishgacha bo‘lgan barcha turdagi neft-gaz amaliyotlari bajarilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilda yangi turdagi buyumlarni ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish hisobiga 12 loyiha bo‘yicha mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishning umumiy hajmi 28,3 milliard so‘mdan ortdi. Mahalliylashtirish samarasi esa 13,2 million dollardan ziyodni tashkil etdi. Joriy yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida sohadagi 30 loyiha bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 87,7 milliard so‘mdan oshadi. Ayni paytda iqtisodiy samara 36,3 million dollardan ko‘proqni tashkil etadi.
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari mamlakatimiz energetika kompleksini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini namoyish etmoqda. Ayni paytda sohada energiya ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish, mahsulotlar energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha loyihalar amaliyotga jadal tatbiq qilinmoqda.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tarmoq va uning bo‘linmalarini boshqarish tuzilmasi, ko‘mir qazib olish va texnologik transportni takomillashtirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish borasida qator chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bilan birga import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Joriy yilning o‘tgan 5 oyida qiymati 1,4 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mahalliylashtirilgan mahsulot tayyorlandi va sotildi. Yil oxirigacha mamlakatimizning kon-shaxta va kon-transport asbob-uskunalariga ehtiyot qismlar va buyumlar ishlab chiqaradigan zavodlar bilan kooperatsiyani amalga oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Tarmoq sanoat yarmarkasida “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi 11 korxona ishtirok etmoqda. “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Maksam-Chirchiq”, “Ammofos Maksam”, Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi va boshqa korxonalar tomonidan 150 turdan ortiq mahsulot, jumladan, Mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan 50 turdagi mahsulot namoyish qilinmoqda.
– Yarmarkada 60 turdagi kimyo mahsulotlari, asosan o‘g‘itlarni taqdim etmoqdamiz, – deydi “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyati marketing byurosi boshlig‘i G.Murtazoyeva. – Bundan tashqari, yaqinda o‘zlashtirilgan yangi turdagi mahsulotlar, jumladan, xlorli temir, vinilatsetat, bertole tuzi va boshqalarni taklif qilyapmiz. O‘tgan yili forum doirasida umumiy qiymati 20 milliard so‘mlik shartnomalar imzolagan edik. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 10 foizga oshirishni mo‘ljallayapmiz.
“O‘zmetkombinat” ochiq aksiyadorlik jamiyati hamkor tarmoqlar korxonalariga kombinat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan 15 turdagi mahsulotni o‘zlashtirishni taklif qilmoqda. Shuningdek, kombinat tomonidan joriy yilda o‘zlashtirilgan mahsulotlar – bazalt plitalar, payvandlash elektrodlari, sirlangan idish-tovoqlar va boshqa ko‘plab tovarlar taqdim etilmoqda.
“O‘zmetkombinat” ochiq aksiyadorlik jamiyatining investitsiyalar bo‘limi boshlig‘i N.Umerovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili sanoat forumi doirasida umumiy qiymati 178,6 milliard so‘mlik asbob-uskuna xarid qilish yuzasidan 276 shartnoma imzolangan.
Tadbir doirasida namoyish etilayotgan mahsulotlarni xarid qilish, talab yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosadigan va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni o‘zlashtirish borasida sanoat kooperatsiyasida ishtirok etish, mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqayotgan xorijiy sheriklar jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2013-yilda “Angren” maxsus industrial zonasida tashkil etilgan “Uz-Prista-Recycling” O‘zbekiston – Bolgariya qo‘shma korxonasi o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Qo‘shma korxona 30 nomgacha bo‘lgan sintetik motor moylarini ishlab chiqaradi. Korxona mahsulotlari ichki va tashqi bozorga yetkazib berilayotir. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, joriy yil oxirigacha foydalanilgan texnik moyni to‘plash va qayta ishlash texnologik sikli asosida tayanch va motor moylarini ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Buning samarasida 50 yangi ish o‘rni tashkil qilinadi.
Tarmoq sanoat yarmarkasida Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksining 30 ga yaqin korxonasi qatnashmoqda. Ular raqamli televideniye priyomniklari, turli xil modemlar, IPTV-pristavkalar va multipleksorlar, statsionar va mobil telefonlar hamda boshqa turdagi yuqori texnologiyali mahsulotlarni namoyish etmoqda.
Ilmtalab, konstruktorlik va elektron-texnika buyumlarini ishlab chiqish, loyihalashtirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Telmax Elektroniks” korxonasi stendi alohida ajralib turibdi. Korxona mahsulotlari aloqa va telekommunikatsiyalar tizimi, shuningdek, xalq xo‘jaligi tarmoqlari, jumladan, axborotlashtirish tizimlari uchun sanoat-texnik maqsadga qaratilgan buyumlar ishlab chiqarishda foydalanishga mo‘ljallangan.
“Telmax Elektroniks” korxonasi bosh muhandisi A.Mavlonovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili tarmoq sanoat yarmarkasi doirasida yuqori texnologiyali mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha 4 shartnoma imzolangan. Joriy yilda telekommunikatsion va antivandal shkaflar, IP-telefoniya uchun asbob-uskunalar o‘rnatish yuzasidan sakkizta shartnoma imzolanishi kutilmoqda.
Idoralar va xo‘jalik birlashmalari texnik va texnologik imkoniyatlarini to‘la namoyon etish uchun o‘z korxonalarini taqdimotini o‘tkazmoqda.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.