Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 18:43 Chop etish versiyasi

Kontrabandaga yo‘l yo‘q

Yashirin sexda sanitariya talablariga zid holda ishlab chiqarilgan mahsulot inson salomatligiga qanchalik ziyon keltirishi sir emas. Bunday holatlarga qarshi tegishli organlar kurash olib borayotgan bo‘lsa-da, ular hamon barham topgani yo‘q. Masalan, g‘ijduvonlik Z.Mansurovning xonadonida qo‘lbola aroq mahsuloti ishlab chiqarilayotgani bojxona va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan fosh etilgan. O‘tgan yil davomida aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan alkogolli ichimliklar ishlab chiqaruvchi o‘nga yaqin yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yilib, ming litrga yaqin mahsulot ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasida “Bojxona organlari tomonidan kontrabanda va bojxona qoidabuzarliklariga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida yuqoridagi kabi faktlar keltirib o‘tildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Mirkamolov jurnalistlarga mavzu yuzasidan axborot berdi. Tovar-moddiy boyliklari va kontrabanda ashyolarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida soha xodimlari izchil faoliyat yuritmoqda. Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni fosh etish, oldini olish, ularning kelib chiqishi sabab va omillarini tahlil qilish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi uyushgan jinoiy guruhlarning faoliyatiga chek qo‘yish borasida rejali tadbirlar amalga oshirilayotir. Bu jarayonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilayotgani natijasida 19 mingdan ortiq huquqbuzarlik aniqlanib, 68 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar olib qo‘yilgan. Aniqlangan holatlarning 581 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Anjumanda davlat bojxona xizmati organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, postlarni zamonaviy skaner va maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlashga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritildi. Ayni paytda barcha chegara va tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari nazorat-ko‘rik va giyohvandlik moddalarini identifikatsiya qiluvchi vositalar, valyuta detektorlari hamda boshqa texnik uskunalar bilan ta’minlangan.

Ikki yoki undan ortiq davlat o‘rtasida tovarlarning chegaralararo olib o‘tilishi, kontrabanda jinoyatining oldini olish va boshqa qonunbuzarlik holatlarini nazorat qilish borasidagi vazifalarni samarali bajarishda turli davlatlarning bojxona xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishda Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tomonidan xorijiy davlatlar bojxona xizmatlari bilan tuzilgan bitimlar asosida o‘zaro hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda.

Bojxona organlari tomonidan intellektual mulk egalari huquqlarini himoya qilish borasida ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. 2016-yil davomida bojxona organlari tomonidan turli mazmundagi audio va video mahsulotlar yozilgan 5 mingdan ortiq kontrafakt mahsulot aniqlanib, mualliflik va turdosh huquqlar buzilishining oldi olindi.

Matbuot anjumanida tadbirkorlik subyektlari manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida tadbirkorlarga 2016-yilda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq bojxona to‘lovlari bo‘yicha 13,3 trillion so‘m miqdorida imtiyozlar berildi.

Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
586






Все о погоде - Pogoda.uz