O‘zA O`zbek

28.12.2018 Chop etish versiyasi

Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarining istiqboli yanada porloq

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglar ekanman, boshqa yoʻnalishlar qatori qishloq xoʻjaligi sohasini ham yanada rivojlantirish orqali uning salohiyatini oshirish, qishloq odamlarining oʻz mehnati natijasidan manfaatdor boʻlishiga erishishga davlat tomonidan katta eʼtibor qaratilishini yana bir bor his etdim.

Fermer xoʻjaligimiz tashkil etilganiga 20 yildan oshdi. Ob-havo qanday kelishidan qatʼi nazar, barqaror rivojlanishga erishyapmiz. Masalan, joriy yilda davlatga 105 tonna paxta sotib, shartnomaviy rejani oshirib bajardik. Hosildorlik 31 sentner oʻrniga 35 sentnerni tashkil etdi. Gʻalla maydonlarida esa bu koʻrsatkich 70 sentnerdan oshdi. Yetishtirilgan donning rejadan ortigʻi, yaʼni 70 tonnasi jamoamiz ixtiyorida qoldi. Undan har bir ishchimiz mehnat ulushiga qarab manfaatdor boʻldi. Umuman, 210 million soʻmdan ziyod sof foyda oldik.

Bu muvaffaqiyatda jamoamiz ishning koʻzini bilgan holda fidokorona mehnat qilishi va ayni paytda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganimiz muhim omil boʻlayotir. 2018 yilda paxta va gʻalla yetishtirishga sarflaydigan xarajatlarimiz uchun bank tomonidan 200 million soʻm kredit ajratildi. Moliyaviy imkoniyatimiz oshgani bois, bu kreditni muddatidan oldin qaytardik.

Albatta, bugungi fermer faqat paxta va gʻalla yetishtirish bilan cheklanib qolmasligi kerakligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Bizda ayni paytda chorvachilik, baliqchilik tarmoqlari ham yoʻlga qoʻyilgan. Takroriy ekin sifatida mosh ekib, 6 tonna hosil oldik. Kurka boqish ham rejamizda bor. Prezidentimizning koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash zarurligi haqidagi fikrlari bizni gʻoyat xursand qildi. Agar bizga qoʻshimcha yer ajratilsa, bogʻdorchilik va chorvachilikni yanada rivojlantirish imkoniyatlarimiz kengayadi.

Yana bir muhim jihat haqida toʻxtalsam. Hozir viloyatimizdagi “Merganteks” yengil sanoat korxonasi klaster tashkil etmoqda. Mazkur MCHJning ishlab chiqarish ehtiyoji uchun yetarli miqdorda paxta xomashyosi kerak. Shuning uchun sanoat korxonasi biz, fermerlar bilan hamkorlikdan manfaatdor. ”Merganteks”ning qoʻllab-quvvatlashi tufayli paxta hosildorligini yanada oshirish imkoniyati ortadi.

Dehqonchilikda suvdan tejab-tergab foydalanish dolzarb ahamiyatga ega. Bu esa ekinlarni tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllashni taqozo etadi. Fermer xoʻjaligimiz kelasi yilda gʻoʻza maydonlarining bir qismida tajriba tariqasida ana shu innovatsion usulni joriy qiladi.

Aminjon Gulliyev,

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi

“Feruza Gulliyeva” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari.



10 128
OʻzA