O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Klasterdan barcha birdek manfaatdor

Klasterdan barcha birdek manfaatdor Fargʻona viloyati Rishton tumanida “Rus oʻzbek teks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 6 ming 245 gektar maydonda klaster usulida paxta yetishtirilib, ayni kunlarda yigʻim-terim ishlari boshlab yuborildi.

Jamiyat va paxtachilikka ixtisoslashgan 332 fermer xoʻjaligi oʻrtasida tegishli tartibda shartnomalar tuzildi. Ilk bor joriy etilayotgan ushbu yangi usul qishloq mulkdorlarida katta qiziqish uygʻotmoqda.

Agrar tarmoqqa innovatsiyalarni keng tatbiq qilish, zaminimizda yetishtirilayotgan xomashyoni mamlakatimizda qayta ishlashni chuqurlashtirishni zamonning oʻzi talab qilmoqda. Zero, qishloq xoʻjaligi qanchalik sanoatlashsa, davlatning iqtisodiy va eksport salohiyati shuncha ortadi, aholi turmush farovonligi yuksaladi. Shu bois, yurtimizda ilgʻor texnologiyalarga asoslangan infratuzilma yaratish, qishloq xoʻjaligida klaster usulini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday innovatsion loyihalardan biri Rishton tumanida roʻyobga chiqarilmoqda.

“Rus oʻzbek teks” MCHJ tomonidan joriy yilda innovatsion loyiha asosida paxta yetishtirishda birinchi marta klaster usuli qoʻllanilmoqda va natijalar ham salmoqli boʻlishi kutilayapti. Tumandagi 1000 gektardan ziyod paxta maydoni Markaziy Fargʻona yerlarida joylashgan boʻlib, oʻtgan yillar davomida hosildorlik keskin pasayib ketgan edi. Yil boshida yerning ball boniteti, tuproq tuzilishi va tarkibi tajribali mutaxassislar tomonidan oʻrganib chiqildi. Yerning ustki qismidan hamda 10 va 20 metr chuqurlikdan tuproq namunalari olinib, atroflicha tahlil qilindi. Oʻrganish natijalari, mutaxassislarning fikr va xulosalariga koʻra, “Namangan-77”, “S-8290” navli chigit ekilib, barcha agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirildi. Bugungi kunda jamiyatda aynan paxtachilik sohasini yaxshi biladigan 20 nafardan ziyod agronom, ximizator va boshqa mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida 20 dan ziyod texnika, koʻplab ehtiyot qismlar sotib olindi.

Fermer bugun hech narsaga ehtiyoj sezayotgani yoʻq. Chunki mineral oʻgʻit yoki yoqilgʻini shartnomada koʻrsatilgan muddatda, keragicha olishi mumkin. Ishchilar oʻz vaqtida oylik maosh bilan taʼminlanayotir. Daromad ham endi mehnatga yarasha boʻladi. Hosildorlik qancha yaxshi boʻlsa, daromad hamoshib boraveradi.

9.JPG

3.JPG

– Klaster usulining afzal tomonlarini amalda oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, ishonch hosil qildik, – deydi “Qodir Sodiq” fermer xoʻjaligi rahbari Yursinali Sodiqov. – Bu yil “Rus oʻzbek teks” MCHJ bilan shartnoma imzolab, 18 gektar maydonga 40 sentnerlik marrani koʻzlagan holda “S 8290” navli chigit ekdik. Agrotexnik tadbirlar vaqtida bajarilgani uchun dalada paxta qiygʻos ochildi. Ayni paytda paxtani oʻz vaqtida terib olish harakatidamiz.

Bugungi kunda tumanda har kuni 10 mingdan ziyod terimchi paxta terimida ishtirok etmoqda. Pul oʻz vaqtida berilib, 1 kilogramm paxta uchun 850 soʻm toʻlanmoqda. Shuningdek, jamiyat tomonidan ilgʻor terimchi va koʻngilli hasharchilar munosib ragʻbatlantirilayotir. Eʼtiborlisi, joriy yilda yana bir tashabbusga qoʻl urildi. Fermer xoʻjaligi paxta hosildorligini 40-50 sentnergacha yetkazsa, jamiyat tomonidan “Matiz”, “Neksiya” va “Lasetti” avtomashinalari bilan taqdirlanadi. Bu ham fermerlarga katta ragʻbat, albatta.

Ayni kunlarda tumanda 30 dan ortiq fermer xoʻjaligi belgilangan paxta shartnomasini ortigʻi bilan bajardi.

– Fermerlik aslida tadbirkorlik ekanini tobora chuqur tushunib yetayapmiz, – deydi “Roshidon davroni” fermer xoʻjaligi rahbari Dostonbek Matmusayev. – Paxta, gʻalla rejalarini ortigʻi bilan bajarsak-da, daromad koʻrmagan paytlarimiz ham boʻlgan. Negaki, reja ortidan quvib, sarf-xarajat haqida oʻylamasdik. Hozir qilgan mehnatga yarasha daromad oladigan paytimiz keldi. Sohada innovatsion gʻoyalar asosida xarajatni kamaytirib, yuqori hosil olish uchun muntazam izlanayapmiz. 27 gektar maydondapaxta yetishtirib, belgilangan rejani bajardik. Joriy yilda hosildorlikni 40 sentnerdan oshirishni moʻljallaganmiz.

“Rus oʻzbek teks” MCHJ tomonidan 2018-2020 yillarda istiqbolli loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ayniqsa, klaster usuli joriy etilishi jamiyatga koʻplab imtiyoz va imkoniyatlar bermoqda.

10.JPG

11.JPG

– Ilgari faqat kalava ip ishlab chiqarish bilan shugʻullanardik, – deydi jamiyat direktori Olimjon Olimov. – Endi esa xomashyo shu yerning oʻzida qayta ishlashning barcha bosqichidan oʻtib, eksportbop tayyor mahsulotga aylanadi. Chunki innovatsion klaster, bu – bir majmua doirasida bir jamoa boʻlib yerni shudgorlash, chigit ekish, paxtani parvarishlash, hosilini yigʻib-terib olish, xomashyoni chuqur qayta ishlash bilan bogʻliq korxonalarni birlashtiruvchi ishlab chiqarish uslubidir. Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yil yakunida 20 milliard sof daromad olishni koʻzlamoqdamiz.

Bugungi kunda mazkur jamiyatda 420 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Tumandagi paxta tozalash zavodi ham jamiyat tomonidan sotib olinib, 200 ming dollarlik zamonaviy texnologiyalar oʻrnatildi. Shuningdek, kelgusida yogʻ-moy ishlab chiqarish, toʻquv-trikotaj fabrikalari, yordamchi chorvachilik xoʻjaliklari tashkil etiladi, 2 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi. Joriy yilda jamiyat tomonidan 5 ming 420 tonna kalava ip ishlab chiqarilib, 143 milliard soʻmdan ortiq daromad olish tadbirlari koʻrilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, klasterlar tashkil etilishi ishlab chiqarish zanjiri rivojlanishiga, xomashyoni chuqur qayta ishlashni taʼminlashga xizmat qiladi. Bozor munosabatlari sharoitida faoliyatning bu taxlit yoʻlga qoʻyilishi ishlab chiqarilayotgan tovar tannarxi pasayishiga, sifati yaxshilanishiga, tarmoqning raqobatbardoshligi yanada oshishiga imkon beradi.

Klasterda paxta xomashyosi barcha bosqichdan oʻtgach, aʼlo sifatli, raqobatbardosh, eksportbop mahsulotga aylanadi. Rishton tumanida boshlangan klaster asosida paxta yetishtirish va uni qayta ishlash loyihasi xuddi shu jihatlari bilan ahamiyatlidir.

4 491
Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), OʻzA