Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 18:21 Chop etish versiyasi

63 kishi ish bilan ta’minlandi

Navoiy viloyatidagi Karmana sanoat kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida 67 korxona, tashkilot va muassasa 402 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

Karmana tumani hokimligi, prokuraturasi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada mamlakatimizda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga 430 dan ortiq fuqaro ish so‘rab murojaat qilgan. Ayni paytga qadar ularning 375 nafari ish bilan ta’minlangan. Tumandagi kasb-hunar kollejlarini bitirgan 1 ming 297 nafar yosh mutaxassisning aksariyati hududdagi korxona va tashkilotlar bilan tuzilgan to‘rt tomonlama shartnoma asosida ishga joylashtirilmoqda. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 95 nafar yoshga 622 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Tumanning Toshrabot mahallasida yashovchi Dilbar Jo‘rayeva 2011-yildan beri ishsiz. Turmush o‘rtog‘i bevaqt vafot etgach, bir nafar farzandi bilan yolg‘iz yashab kelmoqda. Mutasaddilarning ko‘magi bilan Dilbar tumandagi 24-umumta’lim maktabiga matematika va informatika bo‘yicha o‘qituvchilikka qabul qilindi.

Karmana sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Dilshoda Majidova yarmarkada o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi.

– Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Do‘stlik” agrofirmasiga ishga qabul qilindim, – deydi Dilshoda. – Meva-sabzavotni qayta ishlash sexida men kabi yoshlar mehnat qilayotganini eshitib, jamoaga tez moslashib ketishimni his qildim. Asosiysi, ishli bo‘ldim, oilam, ota-onam va jamiyatga nafim tegishidan xursandman.

Yarmarkada 63 kishiga korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 143






Все о погоде - Pogoda.uz