O‘zA O`zbek

21.09.2018 Chop etish versiyasi

Kichik sanoat zonasi – yangi imkoniyatlar maydoni

Kichik sanoat zonasi – yangi imkoniyatlar maydoni

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan kichik sanoat zonalarining (KSZ) ham munosib oʻrni bor.

Davlat rahbarining 2017 yil 18 maydagi “Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida“gi qaroriga asosan Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Mirobod, Chilonzor, Bektemir, Yakkasaroy, Yunusobod va Sergeli tumanlarida kichik sanoat zonalari tashkil etildi.

Ularda kichik biznes vakillari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Buni Yakkasaroy tumanining sobiq toʻqimachilik kombinati hududida tashkil etilgan “Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasi misolida ham kuzatish mumkin.

– Kichik sanoat zonasi – yangi imkoniyatlar maydoni, – deydi “Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasi rahbari Rustam Nuraliyev. – Kichik sanoat zonamizda dastlab 10 ga yaqin korxona faoliyatini boshlagan boʻlsa, bugunga kelib 305 tadbirkorlik subyekti oziq-ovqat, mebelsozlik, metallni qayta ishlash, toʻqimachilik, kimyo sanoati, qurilish, mashinasozlik kabi tarmoqlarda mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

R.Nuraliyevning aytishicha, 2014 yilda hududdagi korxonalarda mingdan ziyod odam ishlagan. Ayni paytda bu koʻrsatkich 7 ming nafarga yaqinlashgan. Tadbirkorlarga yaratilgan imtiyozlar samarasida oʻtgan yili mazkur kichik sanoat zonasi korxonalari tomonidan 46 million dollardan ortiq mahsulotlar eksport qilingan.

Toshkent shahridagi KSZ orasida eng katta – 61,2 gektar maydonni egallagan mazkur sanoat zonasida 46 bino va inshoot, 5 artezian qudugʻi, 20 kilometr kanalizatsiya tizimi, tozalash inshootlari va temir yoʻl liniyasi xizmat koʻrsatadi. Shuningdek, tadbirkorlar bepul yuridik maslahat, davlat idoralari vakolatxonasi, notarius, bank, tibbiyot, kutubxona, ovqatlanish, sport-sogʻlomlashtirish va savdo xizmatlaridan foydalanadi.

“Ideal Sweets Business” masʼuliyati cheklangan jamiyati qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.

Korxonada dastlab 10 turdagi mahsulot tayyorlangan boʻlsa, saʼy-harakatlar natijasida bugun 20 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Yangi turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu bois korxona mahsulotlariga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab katta.

– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini eksport faoliyatiga jalb etish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar biz – tadbirkorlarning chet el bozorlariga chiqishimiz, xorijiy hamkorlar topishimizda qoʻl kelmoqda, – deydi mazkur korxona rahbari Botir Abidov. – Joriy yilda 15 ming dollarlik mahsulotni xorijga eksport qildik.

100 dan ortiq turdagi kiyim-kechak, xususan, bolalar kiyimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Furkan Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlari asosan Rossiya va Qozogʻistonga eksport qilinadi. “Ziroatbank”dan olingan 68 ming 500 dollarlik imtiyozli kredit evaziga korxonaga Turkiyadan zamonaviy texnologiyalar olib kelindi. Natijada mahsulot sifati yaxshilanib, ishlab chiqarish hajmi yanada oshdi.

– Korxonamizdagi qariyb 170 ishchining ellikka yaqinini yoshlar tashkil etadi, – deydi korxona ijrochi direktori Olim Mamatov. – Zamon talablari asosida taʼlim olib, oʻqishni amaliyot bilan mustahkamlayotgan yoshlar tayyor mutaxassis boʻlib safimizga qoʻshilmoqda. Ularning bilimi, kuch va gʻayrati korxonamiz faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotir.

Kichik sanoat zonasi tadbirkorlari zamon talabi asosida faoliyat yuritmoqda. Pirovardida, ishlab chiqarish turi va hajmi ortib, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Bu mamlakat iqtisodi yuksalishi, aholi farovonligi yanada oshishiga xizmat qiladi.

3 614
Davron Sunnatov, OʻzA