Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 16:46 Chop etish versiyasi

Qo‘shtepa tumanida “Yagona darcha” markazi ko‘magi bilan 18 tadbirkorlik subyekti faoliyati qayta tiklandi

Farg‘ona viloyati tuman va shaharlarida tashkil etilgan “Yagona darcha” markazlari tadbirkorlarga samarali xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan, internet tarmog‘iga ulangan mazkur markazlar tadbirkorlarga ish boshlashidan tortib, faoliyati davomida zarur bo‘ladigan barcha xizmatlarni bir joyda ko‘rsatishi katta qulaylik yaratdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish vazifasi belgilangan.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida ushbu sohaning iqtisodiyotimizdagi o‘rni tobora mustahkamlanmoqda.

Farg‘ona viloyatida o‘tgan yili 2 ming 549 kichik biznes subyekti tashkil etildi va ular soni 18 ming 783 taga yetdi. Kichik biznes subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, zarur bino va yer maydonlari bilan ta’minlash, kreditlar ajratish hisobidan 211 xususiy sektor faoliyati tiklandi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 trillion 68 million so‘m miqdorida tijorat banklari krediti ajratildi. Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 63,4 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 48 foizga, aholi bandligidagi ulushi 80 foizga yetdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda “Yagona darcha” markazlarining xizmati katta bo‘lmoqda. Mazkur markazlar xizmati haqidagi “Ham vaqtdan, ham naqddan yutasiz” degan fikr o‘z tasdig‘ini topmoqda. Aholi uchun qulay joylarda tashkil etilgan bunday markazlar tadbirkorlarga ko‘makdosh bo‘layotir.

Qo‘shtepa tumanidagi markaz tashrif buyuruvchilar bilan gavjum. Ishda tartib, mijozlarga e’tibor, xizmat ko‘rsatishdagi jonkuyarlik sezilib turibdi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari huquqshunoslik, iqtisod, soliq va moliya sohalarida yetarli malakaga ega bo‘lgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan kadrlar bilan ta’minlangani ish samaradorligini oshirmoqda.

– Ko‘rsatilayotgan xizmatlardan tadbirkorlar mamnun, – deydi tuman hokimligi huzuridagi davlat xizmatlari ko‘rsatish “Yagona darcha” markazi direktori Akmal Abdukarimov. – O‘tgan yili 115 tadbirkorlik subyektidan murojaatlar kelib tushdi, 887 tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul maslahat berilmoqda.

Ayni paytda markaz xodimlari tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tizimiga tayyor holda ulash, bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, obyektni qayta ixtisoslashtirish hamda rekonstruksiya qilish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, tashqi reklamalarni joylashtirish, turar joylarni noturarjoy toifasiga o‘tkazishga ruxsat berish kabi xizmatlarni o‘z muddatida bajarmoqda. Masalan, birgina o‘tgan yilning o‘zida 18 tadbirkorlik subyekti faoliyati qayta tiklandi.

– Ishbilarmonlarimiz ilgari yangi qurilish qilmoqchi yoki shu bilan bog‘liq yuridik subyekt ochmoqchi bo‘lsa, turli idoralarga borishga majbur edi, – deydi tadbirkor Otabek Toshqulov. – “Yagona darcha” markazlari ish boshlaganidan buyon bu masalalarga qisqa muddatda yechim topilmoqda.

Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Tumanda ham keyingi yillarda mazkur soha jadal rivojlanib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, aholi farovonligi oshmoqda. “Ismoiljon gilamlari”, “Vodiy mukammal”, “Mo‘jiza qo‘llar to‘quv gilam“ kabi korxonalarda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasida xususiy sektor mamlakatni taraqqiyot sari yetaklayotgan kuchga, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning kafolati va tayanchiga aylanmoqda. "Yagona darcha" markazlarining tashkil etilishi bu boradagi sa’y-harakatlarning uzviy davomidir. Zero, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sohada uchraydigan sun’iy to‘siqlarni bartaraf qilish, tadbirkorlarga ish boshlashidan tortib faoliyati davomida zarur bo‘ladigan xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish, ularga yanada qulaylik yaratishdan iborat.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
814






Все о погоде - Pogoda.uz