Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.09.2013 14:53 Chop etish versiyasi

Keng imkoniyat va yuksak samaralar

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligini, bog‘dorchilikni, xususan, uzumchilikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barpo etilayotgan intensiv bog‘lar, uzum parvarishida, sug‘orishda yangi texnologiyalarning keng joriy etilayotgani yuksak samaradorlikka erishishda muhim omil bo‘lmoqda.

Yurtimizda har bir hudud sharoitiga mos uzum navini yetishtirish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Yangiyo‘l, Zangiota, Samarqand, Asaka, Ohangaron tumanlari to‘liq meva-sabzavot va uzum yetishtirishga ixtisoslashtirildi.

Tokzorlar hosildorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilashga qaratilayotgan doimiy e’tibor bozorlar to‘kinligi va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotir. Bunda davlatimiz rahbarining joriy yil 13-martda qabul qilingan 2013-2015-yillarda Respublikada uzumchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga oid qarori muhim omil bo‘lmoqda.

Soha rivojida fermer xo‘jaliklari bilan birga sanoat korxonalari ham faol ishtirok etmoqda. “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi tizimidagi uzumni qayta ishlashga ixtisoslashgan bir yuz yigirmadan ortiq korxona tomonidan sanoatbop tokzorlar barpo etish, yer unumdorligini oshirish hamda tarmoqqa innovatsion g‘oyalarni tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2011-yilda mazkur korxonalar tasarrufida 2,9 ming gektar tokzorlar mavjud edi. 2013-yilda bu ko‘rsatkich 4,4 ming gektarga yetdi. Xususan, joriy yilning bahorida 468 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etildi. 2015-yilgacha tokzorlar maydoni 7,3 ming gektarga yetkaziladi.

“O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, qayta ishlash korxonalari uchun qimmatli sanoat xomashyosi qizil navli uzumlardir. Uning “Pino”, “Risling”, “Xindogni” kabi navlariga talab yuqori. 2012-yilda qayta ishlash korxonalarida 19,2 ming tonna noyob, sanoatbop uzum xomashyosi qayta ishlangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 30,1 ming, 2014-2015-yillarda 63,5 ming tonnagacha yetkazish mo‘ljallanmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, mahsulot sifatini va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida o‘tgan yillar davomida 630 gektar yosh tok so‘rilarga ko‘tarilib, 21 artezian quduq qazildi va suv ta’minoti yaxshilandi. Suvdan foydalanish samaradorligini oshirish uchun “Andijon biokimyo”, “Denov vino” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, “Subtropik ekinlar markazi”, “Mehnat” agrofirmasi tomonidan 120 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.

Uzumzorlarda kimyoviy ishlov samaradorligini oshirish uchun joriy mavsumda “Aida”, “ORPD-12M” va “Karriola” rusumidagi 204 dona purkagich yirik fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar va tuman o‘simliklarni himoya qilish otryadlariga yetkazib berildi. Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Quyosh nuri” mas’uliyati cheklangan jamiyatida, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod agrosanoat” agrofirmasi qoshida ko‘chatxonalar tashkil etildi. Toklar uchun shpaler ishlab chiqarish sexlari – “Mindonobod agrosanoat”, “Mehnat”, “Musallas” agrofirmalarining quvvati oshirildi. “Andijon biokimyo”, “Yangiyo‘l biokimyo” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarida yangi sexlar ishga tushirildi.

Uzumchilikka ixtisoslashgan tumanlarda fermerlarga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlarini yanada takomillashtirish maqsadida “Konsalting-texnik xizmat” markazlari tashkil etilmoqda. Dastlabki shunday markazlar Parkent, Baxmal va Oltinsoy tumanlarida ishga tushirildi va ular ixtisoslashgan zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikasi bilan to‘la jihozlandi.

Jahon bozorida xaridorgir, istiqbolli sanoatbop uzum navlarini ko‘paytirib, noyob xomashyo bazasini yaratish maqsadida ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. “Meva-sharbat” bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-ishlab chiqarish korporatsiyasi hamda O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutlari kolleksiyasidagi istiqbolli tok ko‘chatlaridan namunalar olinib, ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. “Agostenga”, “Shardone”, “Murveder”, “Rubinoviy”, “Budeshuri”, “Msvane”, “Prima”, “Muskat vira” navlari shular sirasidandir.

Uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish choralari ko‘rilib, sifatli xomashyo yetkazib beruvchilar muttasil rag‘batlantirilmoqda. Har yili mavsum boshi va yakunida qayta ishlash korxonalari, agrofirma va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida seminar-kengashlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Nastarin-Jasmin” fermer xo‘jaligi sanoatbop tok ko‘chati yetishtirishga ixtisoslashgan. Ayni paytda mavjud olti gektar maydonda qayta ishlash korxonalarining texnologik talablariga mos “Kaberne”, “Aleatiko”, “Saperavi”, “Rkatsiteli”, “Xindogni” kabi ichki va tashqi bozorda xaridorgir sanoatbop navlar bilan birga xo‘raki uzumlar ham ko‘paytirilmoqda.

– Xo‘jaligimiz yer maydonini kengaytirish, noyob Yevropa navlarini yanada ko‘paytirish maqsadida to‘qson xilga yaqin uzum navlaridan iborat kolleksiya yaratildi, – deydi xo‘jalik rahbari Nodira Akromova. – Hozir ularni yurtimiz iqlim sharoitiga moslashtirish va yuqori sifatli mahsulot yetishtirish uchun mehnat qilayotirmiz. Bu borada bizga “O‘zvinosanoatxolding” kompaniyasi mutaxassislari yaqindan yordam bermoqda.

Hozir kompaniya tizimidagi korxonalarda mingdan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Joriy yilda ular 117,7 ming tonna uzumni qabul qilish va qayta ishlashni rejalashtirgan. Ayni paytda sohibkorlarimiz o‘zlari yetishtirgan xomashyoni qayta ishlash korxonalariga peshma-pesh yetkazib bermoqda.


O‘zA, Sayyora Shoyeva, Muhammad Amin (surat)
22 566






Все о погоде - Pogoda.uz