O‘zA O`zbek

26.09.2018 Chop etish versiyasi

Kazuo Inada “Oʻzbekneftgaz”ga hamkor boʻlmoqchi

Kazuo Inada “Oʻzbekneftgaz”ga hamkor boʻlmoqchi Yaponiyaning “Mitsubishi” korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan uskuna va jihozlar yuqori sifat va qulayligi bilan ajralib turadi. “Shoʻrtangazkimyo” majmuasi masʼuliyati cheklangan jamiyatida korporatsiya kompressor uskunalari qariyb yigirma yildan buyon muvaffaqiyat bilan foydalanib kelinayotgan bunga yaqqol misoldir.

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi Bahrom Ashrafxonov “Mitsubishi” korporatsiyasi bosh vitse-prezidenti, kompaniyaning mintaqaviy ijrochi direktori oʻrinbosari Kazuo Inada bilan uchrashuv chogʻida GTL loyihasi doirasida kompressor uskunalarini yetkazib berish masalasiga toʻxtalib oʻtdi.

Uchrashuvda yaponiyalik hamkorlarni “Boston Consulting Group” kompaniyasi bilan birgalikda 2030 yilgacha neft va gaz sanoatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Bundan maqsad esa tabiiy gazni chuqur qayta ishlash boʻyicha investitsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etishdir.

Kazuo Inada “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining bu kabi loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirar ekan, bunday ezgu ishlar uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlari boʻyicha maʼlumot berdi.

Yakunda neft va gaz sohasidagi hamkorlikka oid aniq takliflarni ishlab chiqish boʻyicha birgalikdagi ishchi guruh tuzish toʻgʻrisida kelishib olindi.

photo5284997691006364078.jpg


2 988
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA