Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 16:50 Chop etish versiyasi

Kartoshkachilik: izlanish, imkoniyat, istiqbol

Turli manbalarda qayd etilishicha, taxminan to‘qqiz ming yil ilgari kashf etilgan kartoshkaning vatani Peru va Boliviyadir. Uning 4 mingdan ortiq navi mavjud.

Yurtimizda kartoshkaning yangi hosildor navlarini yaratish, dehqonlarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash yo‘lidagi izchil izlanishlar o‘z samarasini bermoqda. Xorijdan "santa", "kondor", "romana" kabi navlar urug‘lari keltirilib, mahalliylashtirildi. Shuningdek, seleksioner olimlarimiz yaratgan kartoshkaning "umid", "to‘yimli", "akrob", "diyora", "ko‘ksaroy", "serhosil", "sarnav", "pskom", "baraka" kabi yuzga yaqin navi qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reyestriga kiritilgan. Kartoshka nisbatan salqin va qumloq yerlarda yaxshi o‘sadi. Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlarining tog‘oldi hududlarida yuqori hosil olish borasida muayyan tajriba to‘plangan.

Agar 1990-yil yurtimizda 300 ming tonna kartoshka yetishtirilgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 3 million tonnaga yetdi. 1990-yillari har gektar yerdan o‘rtacha 85 sentnerdan kartoshka hosili olingan bo‘lsa, hozir bu raqam 240-250 sentnerga yetmoqda.

Talab va taklif mos kelmasa...

Xalqimiz kartoshkani “ikkinchi non” sifatida e’zozlaydi. Shu bois bozorlarimizda uning narxidagi ozgina o‘zgarish ham e’tibordan chetda qolmaydi. Poytaxtimiz bozorlarini kezsangiz, narx-navolarning turlicha ekaniga guvoh bo‘lasiz. Misol uchun, Sergeli dehqon bozorida kartoshkaning narxi 3 ming 500 so‘m, "Navro‘z" dehqon bozorida 4 ming so‘mni tashkil etadi. “Elga xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining maxsus rastalarida esa kartoshka 2 ming 800 so‘mdan sotilmoqda.

Har yili narxi mo‘tadil saqlanib turgan va dehqonlarimiz yuqori hosildorlikka erishayotgan kartoshka bahosidagi o‘zgarishlarga nima sabab bo‘ldi?

– Mamlakatimizda kartoshka hosilining salmoqli qismi Tayloq, Urgut, Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida yetishtiriladi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Qirg‘izboyev. – 2015-yil bu hududlarda ko‘p miqdorda hosil olindi. Bozorda ushbu mahsulotga taklif talabdan ancha ko‘proq bo‘ldi. Uning dehqondan olinadigan ulgurji bahosi tushib ketdi. Bu urug‘lik, yerni tayyorlash, o‘g‘it va hosilga ishlov berish (zararkunandalarga qarshi kurashish) xarajatlarini qoplash darajasiga yetmadi, dehqonlar jiddiy zarar ko‘rdi. 2016-yilgi mavsumda kartoshka kam ekildi. Bu esa bozorlarda kartoshka narxiga ta’sir o‘tkazdi.

Bunday holatlarning oldini olish, aholining oziq-ovqat va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish maqsadida kartoshkachilik tarmog‘ida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1-iyundagi “2017-yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirish, ekish uchun talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini o‘z muddatida yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Unga ko‘ra, joriy yil qo‘shimcha ravishda 37 ming gektar maydonda takroriy ekin sifatida kuzgi kartoshka parvarishlanmoqda. Jumladan, Surxondaryoda 10 ming gektar maydonga kartoshka ekildi. Bundan tashqari yirik tashkilot va kompaniyalar o‘z ishchi-xodimlarini qishki zaxira bilan ta’minlash maqsadida kamida 20 gektar maydonda kartoshka yetishtirmoqda.

2016-yil 2 million 900 ming tonna hosil olingan. Joriy yil kartoshka maydonlari o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘paydi. Bu esa taxminan 3 million 500 ming tonnadan ziyod hosil demakdir.

Mo‘l hosil yetishtirish sirlari

– Har yili g‘alla yig‘ib olingach, ikkinchi ekin sifatida kartoshka ekamiz, bu yil ham qariyb uch gektarda urug‘ qadadik, – deydi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “Mirakbar ota” fermer xo‘jaligi rahbari Mirsaid Mirkarimov. – Hozir chopiqdan chiqdi. G‘ayrat qilib ishlayapmiz. Niyatimiz bu yil yanada ko‘proq hosil yetishtirish. Takroriy kartoshka yetishtirishning o‘ziga xos mashaqqatlari bor. Bu borada bir necha yildan buyon O‘zbekiston Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlik qilayotganimiz mo‘l hosil yetishtirishda qo‘l kelmoqda.

Ha, mamlakatimizda dehqon va fermerlarga ilmiy tavsiya va ko‘mak beruvchi qator ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ulardan biri. Ilmiy jamoa kartoshkani turli muddatda iste’mol uchun va urug‘lik maqsadida yetishtirish, yangi mahalliy navlar yaratish, navlarni hududlarga joylashtirish, yuqori hosil olish texnologiyasini yaratish va boshqa dolzarb masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

– Kartoshka yetishtirishda o‘g‘itlarning o‘simlik hosili va sifatiga ta’sirini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida uning asosiy ozuqa moddalariga bo‘lgan talabchanligi aniqlandi, – deydi institut direktori o‘rinbosari Rustam Nizomov. – Kartoshka ekinlarida uchraydigan zararkunanda va kasalliklar biologiyasi o‘rganilib, ularga qarshi kurash choralari bo‘yicha samarali natijalarga erishildi. Intensiv texnologiya ishlab chiqish uchun kartoshka yetishtirish muddatini qisqartirishda egatlarni tomchilatib, oziqlantirib sug‘orish, ultrabinafsha nuri bilan ishlov berish jarayonlari o‘rganilmoqda.

Institut Janubiy Koreya bilan hamkorlikda “Kartoshka navlarini o‘rganish va birlamchi urug‘ (manba) yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasini amalga oshirmoqda. Unga ko‘ra issiqxona va ochiq maydonda virusdan xoli urug‘lik yetishtirish bo‘yicha tajribalar davom etmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, dehqonlarimiz azaldan yil – o‘n ikki oy yerdan hosil olishga intilib kelgan. Hatto qish kunlari ham qulay va g‘animat damlardan omilkorlik bilan foydalanishga harakat qilishadi. Xususan, fevral oyining ikkinchi o‘n kunligida plyonka ostiga ekilgan kartoshkadan iyun oyida hosil yig‘ishtirib olinishi ilmiy tadqiqotlarda aniqlandi. Bunda har gektardan o‘rtacha 18-20 tonna hosil olish mumkin ekan. Yoki kartoshkaning undirib ekilgan urug‘lik tugunaklari ham hosildorlikni 15 foizgacha oshirib, odatdagidan 15-20 kun ertaroq pishib yetilishini ta’minlaydi.

Joriy yildan boshlab kartoshkaga davlat buyurtmasi joriy etildi. Bu kabi puxta o‘ylangan va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aholiga uzluksiz, arzon narxlarda kartoshka yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
518






Все о погоде - Pogoda.uz