O‘zA O`zbek

21.07.2020 Chop etish versiyasi

Karantin qoidalariga toʻla rioya etgan holda ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyish mumkin

Karantin qoidalariga toʻla rioya etgan holda ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyish mumkin

Sirdaryo viloyatida pandemiya sababli joriy qilingan karantin davrida 692 ta sanoat korxonasi vaqtincha oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. Bugungi kunda karantin jarayonining belgilangan tartiblarga toʻla amal qilgan holda ishlab chiqarish korxonalari oʻz faoliyatlarini qayta tiklab olishlari uchun hukumatimiz tomonidan bir qator shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda.

Oʻtgan salkam 4 oy vaqt mobaynida, yaʼni pandemiya sharoitida tadbirkorlarga qulaylik yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va ularning doimiy daromadini kamayishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, karantin davri boʻlishiga qaramay, qisqa muddatda viloyat iqtisodiyotini jonlantirishga erishildi. Koʻplab ish oʻrinlari qayta tiklanib, minglab odamlarning bandligi taʼminlandi. Jumladan, viloyatdagi 651 sanoat korxonasi oʻz faoliyatini qayta tiklashi natijasida 11 ming 763 nafar ishchi-xizmatchilar oʻz ish oʻrinlariga qaytarildi.

Toʻgʻri, koronavirus pandemiyasi bizni ancha murakkab ahvolga solib qoʻydi. Lekin bu bilan hayot toʻxtab qolmasligi kerak. Har qanday sharoitda, fuqarolarimiz salomatligi hamma narsadan ustun. Biroq, ishlab chiqarishni davom ettirmaydigan boʻlsak, butun iqtisodiyotimiz izdan chiqib ketishi, ertaga bugungidanda murakkab vaziyatga tushib qolishimiz mumkin. Shuning uchun 25-50 nafar va undan ortiq ishchi-xizmatchilar ishlaydigan turli yoʻnalishlardagi sexlar, firmalar, umuman, katta-kichik ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tiklashda davom ettirishimiz zarur.

Hozircha, hech qaysi bir davlatda koronavirus infeksiyasini samarali davolash uchun vaksina ishlab chiqilgani yoʻq. Buni toʻgʻri tushungan holda, tadbirkorlarimiz koronavirus yuqishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan tartiblarga yuz foiz rioya etgan holda korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrishlari kerak. Ish boshlagan korxonalarda ishchi-xizmatchilar salomatligini nazorat qilish, sanitariya talablariga qatʼiyan amal qilib, ishlab chiqarishni qayta tashkil etgan holda faoliyatlarini tiklashlari zarur.

Prezidentimizning, tadbirkor boy boʻlsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham boy boʻladi, degan fikrlariga amal qilib, ishimizni shu asosda barcha karantin talablariga toʻla rioya etgan holda qurishimiz lozim. Tadbirkor boy boʻlishi uchun esa, uning korxonasi, firmasi, tashkiloti, xoʻjaligida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi lozim. Bularning barchasi sizni, bizni va har birimizni qoʻlimizdan keladi, deb oʻylayman.

Hurmatli, tadbirkorlar, korxona, firma, fermer xoʻjaligi rahbarlari, bugungi pandemiya sharoitida faoliyatingiz barchamiz uchun juda muhim. Shu bois toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etishga hamda koʻmak berishga Savdo sanoat palatasi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi hamisha yordamga tayyor.

Lekin siz va biz, har bir rahbar kasallikni korxona, tashkilot, firma, xoʻjaligimizga, qolaversa, mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo oʻzimiz masʼul ekanligimizni unutmasligimiz, ish joyida ham, koʻcha-koʻyda ham, jamoat joylarida va mahallamiz, uyimizda ham karantin talablariga avvalo oʻzimiz, qolaversa har bir ishchi, xizmatchi, xodimlarimiz, yaqinlarimiz, farzandlarimizning ham rioya etishlariga, oʻzimiz va ularning salomatligi oldida avvalo, shaxsan oʻzimiz masʼul ekanimizni unutmaylik.

Eng asosiysi, shu sinovli damlarda har birimiz, har bir rahbar, tadbirkor, ishbilarmon va jamoatchilik vakillari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bir kuch boʻlib, sabr-toqat, madaniyat bilan harakat qilsak, bu dardni albatta yengamiz. Ishlab chiqarishni ham toʻlaligicha yoʻlga qoʻyib, mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqiga oʻz hissamizni qoʻsha olamiz.

Mansur SHERBEKOV,
Savdo sanoat palatasi Sirdaryo
viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi

14 397
OʻzA