Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 12:59 Chop etish versiyasi

Joriy yilda Samarqand viloyatida 76 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi

Yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi asosida joriy yilda Samarqand viloyatida 76 ming 600 kishini ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Jumladan, Payariq tumanida yil davomida 1 ming 800 dan ortiq ish o‘rni yaratilib, birinchi navbatda kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

– Joriy yilga mo‘ljallangan dasturni ishlab chiqishda har bir mahalla bo‘yicha kasb-hunar kollejlarini bitiradigan yoshlar, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari va vaqtincha ishsizlar hisobga olingan, – deydi Payariq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori vazifasini bajaruvchi Abdusalom Samisov. – Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytadigan 200 dan ortiq yosh uchun kvota ish o‘rinlari tayyorlab qo‘yilgan. Yaratiladigan ish o‘rinlari asosan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari va qisman, ijtimoiy soha muassasalariga to‘g‘ri keladi. Bu borada tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borib, dastur parametrlarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rmoqdamiz. Yil davomida tumandagi kasb-hunar kollejlari va mahallalarda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazish, vaqtincha ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish ham rejalashtirilgan.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida tuman bo‘yicha yuzdan ziyod fuqaro o‘z mutaxassisligi va turdosh kasblar bo‘yicha ishga joylashtirilgan. Mustaqillik mahallasida istiqomat qiluvchi Mahliyo Boliyeva ana shunday yoshlardan biri.

– Payariq tibbiyot kollejini hamshiralik ishi mutaxassisligi bo‘yicha bitirganman, – deydi M.Boliyeva. – O‘tgan yil dekabr oyida bandlik markaziga murojaat qilganimdan so‘ng tuman tibbiyot birlashmasiga yo‘llanma berishdi. Shu paytgacha ish o‘rgandim va yaqinda fizioterapiya bo‘limiga ishga qabul qilindim.

G‘olib Hasanov, O‘zA
425






Все о погоде - Pogoda.uz