Jizzaxda yangi qo‘shma korxona qurilmoqda
Jizzax shahrida "Silk Expert prcessing” ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi poydevoriga tamal toshi qo‘yildi.
Jizzax shahrida "Silk Expert prcessing” ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi poydevoriga tamal toshi qo‘yildi.Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi xodimlari, Buyuk britaniyalik investorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimizda ipakchilik tarmog‘i va to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, ilm-fan sohasidagi innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning joriy yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qarorda tarmoq nufuzini oshirish uchun ozuqa bazasini jadal rivojlantirish, sifatli ipak qurti urug‘i yetishtirish tizimini keng yo‘lga qo‘yish, sanoatbop pilla xomashyosi yetishtirish va pillani qayta ishlash korxonalarining to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlash barobarida tayyor raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq tadbirlar belgilangan. Buning natijasida 2021-yilga borib umumiy yetishtirilgan pilla hajmida pillani qayta ishlash ulushi 50 foizgacha oshiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mahsulot eksporti hisobidan valyuta mablag‘i tushumi ko‘payadi.
Jizzax shahri Sayiljoyi mahallasida barpo etilayotgan qo‘shma korxonaning loyiha qiymati 5 million dollarga teng. Korxona birinchi bosqichda yiliga 144 tonna quruq pillani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichni 2021-yilga borib 576 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yiliga 374 tonna xom pilla qayta ishlanadi. 2021-yilga borib bu quvvat 1 ming 498 tonnaga yetkaziladi.
Korxonada pillani qayta ishlash barobarida xomashyoni shu yerning o‘zida yetishtirish rejalashtirilgan. 2017-2018-yillarda 48 tonna, 2021-2022-yillarga borib yiliga 192 tonna pilla yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi, ipak qurti boqish 25 ming qutiga yetkaziladi.
Mamlakatimiz ipakchilik sanoati rivojida yana bir muhim qadam bo‘ladigan yangi qo‘shma korxona aholi bandligini ta’minlashga ham salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi. Yangi korxonada 240 yangi ish o‘rni yaratiladi.
– Yangi korxonada pillaga ishlov berishdan tortib eksport uchun mato, kiyim-kechak va gilam ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq amalga oshirilishi rejalashtirilgan, – deydi korxona rahbari Umidjon Ikromov. – Tayyor mahsulotning asosiy qismi xorijga eksport qilinadi.
Korxonani qurish ishlari boshlab yuborildi. An’anaga ko‘ra, tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, quruvchilar, xorijlik mehmonlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida zavodning asosiy inshooti poydevoriga kelajakka bitilgan maktub solingan kapsula joylashtirildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U. Uzoqov so‘zga chiqdi.