Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 15:40 Chop etish versiyasi

Jizzaxda innovatsion g‘oya va ishlanmalar yarmarkasi tashkil etildi

Jizzaxda innovatsion g‘oya va ishlanmalar yarmarkasi tashkil etildi Jizzax politexnika institutida innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi, viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini hayotga keng tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa ilmiy-tadqiqot, oliy ta’lim va tajriba-konstruktorlik tashkilotlari ilmiy jamoalari, tadqiqotchilari, ixtirochilarining 200 dan ortiq texnologiya va ishlanmasi namoyish etildi.

Iqtisodiyotning bugungi taraqqiyot talablaridan kelib chiqib, jahon andozalariga mos energetika, energiya va resurstejamkor, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi biotexnologiyasi, atrof-muhit muhofazasi, kimyo va nanotexnologiyalar bo‘yicha yangi texnologiyalar, g‘oya va ishlanmalar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan texnologiya, ishlanma va loyihalarning yigirmatasini ishlab chiqarish tarmoqlariga joriy etish yuzasidan dastlabki bosqichdagi kelishuvlar imzolandi.

– An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ko‘rgazma intellektual mulk egalari bilan iqtisodiyotning real tarmoqlaridagi ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishning muhim vositasiga aylandi, – deydi hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi rahbari Nodira Saidahmedova. – Shuning uchun bu ko‘rgazmaga har ikki tomonning ham qiziqishi yildan-yilga ortib borayotir. Bu galgi ko‘rgazmada texnik g‘oyalar mualliflari ham, bu g‘oyalarni ishlab chiqarishga joriy etishdan manfaatdor bo‘lganlar ham o‘z maqsadiga erishdi, deb o‘ylayman. Bu hamkorlik iqtisodiyotimizning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.

Toshqul Beknazarov, Sherzod Nazarov (surat), O‘zA
416






Все о погоде - Pogoda.uz