Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.11.2017 15:30 Chop etish versiyasi

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida mahsulotlar turi ko‘paymoqda

Prezidentimizning 2016-yil 26-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq yaratilayotgan qulayliklar xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni tobora keng jalb etmoqda. "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasida joriy yilda umumiy qiymati 203,9 million dollarga teng bo‘lgan 7 loyiha amalga oshirilayotir. Yana 11 loyiha ustida ish olib borilmoqda.

2015-yilda ishga tushirilgan “Roison Home White Goods” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi yirik ishlab chiqaruvchilardan biri. Korxonada 6 xil muzlatkich, 40 dan ortiq turdagi gaz va elektr plitalari, 7 xil konditsioner, 2 xil kir yuvish mashinasi, 3 xil elektr va mini-pechlar hamda 12 xildagi televizor tayyorlanmoqda.

Korxona o‘tgan yili 87 milliard 433 million so‘mlik elektrotexnika buyumlari ishlab chiqargan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobar oshdi.

O‘tgan davrda 206 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Mahsulotlar asosan Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Afg‘onistonga sotilmoqda.

Korxonada yana bir yangi loyiha – yiliga 300 mingta sanoat muzlatkichi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib borilayotir. Bu loyihaning amalga oshirilishi bilan yana 350 ish o‘rni yaratiladi.

– Modernizatsiya qilish, texnologiyalarni yangilash va mahalliylashtirish jarayoni izchil davom ettirilmoqda, – deydi “Roison Home White Goods” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi hisobchisi Z.Abdullayev. – Mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Mahsulotlar korpusi, plastmassa qismlari va tasmasi o‘zimizda ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, qadoqlov mahsulotlarini ham shu yerning o‘zida tayyorlash boshlandi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi elektr jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir korxona – “BEEK elestro” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ish boshlash arafasida. Yangi korxonada yiliga 500 ming elektr hisoblagich, 3 ming me’yorlagich (stabilizator), 50 ming ventilyator, 2 million svetodiod lampalar ishlab chiqariladi. Bu maqsad uchun 3 million 200 ming dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Ayni vaqtda yangi korxonada uskuna va dastgohlar o‘rnatilmoqda.

Yangi korxonalar ishga tushirilishi, yangi loyihalar amalga oshirilishi “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida doimiy jarayonga aylandi. Hudud tashkil etilgandan buyon umumiy qiymati 91,3 million dollarga teng bo‘lgan 19, jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokida 15 loyiha hayotga tatbiq etildi. Buning natijasida 1,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Hududdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi ham, turi ham ko‘paymoqda. Hozir bu yerda elektronika buyumlari, isitish kollektori, avtomobillar uchun tormoz kolodkasi, polipropilen quvur, polipropilen ip va gilamlar, svetodiodli lampa, video va IP telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari, komputer butlovchi qismlari kabi turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Hududda faoliyat boshlab, EIZ ishtirokchisi maqomini olayotgan tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasining “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonuni asosida yaratilgan huquqiy kafolatlar, soliq, bojxona to‘lovlarida berilgan imtiyoz va yengilliklar tadbirkorlarni tobora ko‘proq jalb etmoqda. Yaqinda turkiyalik bir guruh tadbirkorlar “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, hududdagi sharoitlar bilan tanishdi. Bu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun yaratilgan imkoniyatlar xorijlik ishbilarmonlarga manzur bo‘ldi. Ular hududga investitsiya kiritish yuzasidan erkin iqtisodiy zona ma’muriyati va tegishli tadbirkorlik tuzilmalari vakillari bilan dastlabki muzokaralarni o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi “Jizzax viloyatida ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishni tubdan jadallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini sinab ko‘rishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 iyulidan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilariga berilgan soliq imtiyozlari tadbirkorlar imkoniyatini yanada kengaytirdi.

2 308






Все о погоде - Pogoda.uz