O‘zA O`zbek

20.03.2020 Chop etish versiyasi

“Jizzakh “Petroleum”: neft qazib chiqarishda yangicha yondashuv

“Jizzakh “Petroleum”: neft qazib chiqarishda yangicha yondashuv

Neftchilar faoliyati bilan tanishish qiziqarli. Chunki siz mutlaqo bilmagan kasb egalarining ish jarayonini maʼlum maʼnoda oʻrganasiz. Ularning oʻzlarigagina tushunarli boʻlgan terminlarni eshitasiz. Biroz noqulay boʻlsa-da, bu terminlarni tushunmay qayta-qayta soʻrashga tushasiz.

Chindan ham neft xalqimiz boyligi, iqtisodiyotimiz tirgagi. “Jizzakh “Petroleum” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona direktori Sherzod Husenovning fikriga koʻra, neft qazib olish ham murakkab jarayon. Masalan, dastlab quduqlar burgʻilangach, neft “kachalka“ dastgohlar yordamida yuqoriga chiqariladi, bundan soʻng neft quvurlari boʻyicha neftni tayyorlash shoxobchalariga va soʻngra neftni qayta ishlash zavodiga joʻnatiladi. Bu yerda respublika aholisining ehtiyojlarini qondirish uchun dizel yoqilgʻisi, aviakerosin, benzin, moy va boshqa yoqilgʻi-moylash materiallari ishlab chiqariladi.

– Davlatimiz rahbarining 2019-yil 29-apreldagi “Respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazkur tarmoqda yangi izlanish va oʻzgarishlarni boshlab berdi, – dedi Sherzod Husenov. – Hukumat tomonidan berilgan eʼtibor tufayli korxonamiz oʻz faoliyatini shu yilning 1-yanvaridan boshladi. Albatta, bu jarayonda xorijiy investitsiyalar va chet ellik mutaxassislarning jalb qilinishi yaxshi natijalarni bergani yaqqol kuzatilmoqda. Bugungi kunda “Jizzakh Petroleum” MCHJ QK ning Andijon hududiy ishlab chiqarish korxonasi ixtiyorida Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida joylashgan 5 uchastka va 18 kon mavjud. Hozir hududiy korxonamizda 1260 nafar xodim mehnat qilmoqda. Asosiy rejamiz – mehnat samaradorligini va tegishli ravishda qazilmalar hajmini oshirishdir.

Taʼkidlash kerakki, Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-dekabrdagi 1002-sonli qarori qabul qilinib, unda mamlakatda neft qazib olishni koʻpaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda neft quduqlarini taʼmirlash va yangilarini foydalanishga topshirish vazifalari belgilandi. “Jizzakh Petroleum” MCHJ QK tashkil etilishi va unda amalga oshirilayotgan ishlar bu talablarga yorqin misoldir.

Korxona dastlab oʻziga qarashli neft konlari va quduqlaridagi ish jarayonlarini toʻgʻri tashkil etishga asosiy eʼtibor qaratdi. Hozir kon va quduqlar taʼmirlash ishlari avjida. Shu bilan birga ularda yangi zamonaviy uskunalarni oʻrnatish ishlari ham jadal olib borilmoqda.

– Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida joylashgan “Tergachi” konidagi 6-sonli quduq avariya tufayli va kapital taʼmirlashni amalga oshirishning imkoni yoʻqligi sababli uzoq vaqt ishlamay turgan. Hozirgi paytda ERIELL kompaniyasining quduqlarni kapital taʼmirlash boʻyicha brigadasi kuchi bilan quduq APR-80 zamonaviy qurilmasi yordamida taʼmirlandi va uni oʻzlashtirganidan soʻng yana neft bera boshlaydi. Ushbu konning 25-sonli qudugʻida ham burgʻulash yakunlandi. Quduqning chuqurligi 4750 metrni tashkil etadi. Yangi uskuna qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlaydi. “Jizzakh Petroleum” MCHJ QK va ERIELL kompaniyasi mutaxassislari tomonidan foydalanilgan yangi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar ishlarni belgilangan rejadan avval tamomlash imkonini berdi. Hozirgi paytda quduq oʻzagi barqarorlashtirilmoqda. Yaqin vaqtda quduq Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun qoʻshimcha neft tonnalarini beradi, – dedi Andijon hududiy ishlab chiqarish korxonasi bosh muhandisi Eduard Zagidullin.

Andijon viloyatining Marhamat tumanida joylashgan “Gʻarbiy Polvontosh” konidagi 35- va 73- quduqlar koʻp yillardan buyon ishlamayotgan edi. Bugun esa ushbu quduqlarda mukammal taʼmirlash ishlarining yakunlanganiga guvoh boʻldik. Hozir ular ishga tushirilish arafasida turibdi.

– Ishlab chiqilgan kompleks tadbirlar boʻyicha 15 quduqda yil oxirigacha taʼmirlash ishlari olib boriladi, – dedi “Gʻarbiy Polvontosh” nef konining rahbari Eldor Gʻiyosiddinov. – Bundan tashqari, korxona rahbarlari nafaqat yangi quduqlarni burgʻilashga va taʼmirlashga, balki konlarda yangi va sifatli infratuzilmani yaratishga ham katta eʼtibor qaratmoqda. Masalan, “Andijon” va “Boʻston” konlarida vaxta shaharchalarining qurilishi boshlangan boʻlib, ularda yil davomida konchilar istiqomat qiladi. Neftni yigʻish va tayyorlash, shuningdek, eski neft quvurlarini yangilariga almashtirish boʻyicha loyihaviy ishlar yakunlanmoqda. “Andijon” konida 1276 metr eski neft quvurlari yangilariga almashtirilgani katta ahamiyatga egadir.

Kon va quduqlardagi oʻzgarishlarni qayd etdik. Ishchilar uchun qulay mehnat sharoitini yaratish ham muhim omil. Qoʻshma korxona bunga asosiy eʼtibor qaratib, xodimlar ish haqi darajasini oshirdi, ikki smenalik ish rejimiga oʻtkazildi va 3-martalik bepul ovqatlanishni tashkil qildi. Albatta, soha ravnaqida bunday yangicha yondashuv mamlakatimizda neft olish mahsuldorligi oshirish barobarida iqtisodiy imkoniyatlarimizni kengaytirish barobarida jamoada sogʻlom muhit va mehnat unumdorligini oshirishga keng yoʻl ochadi. 

4 523
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA