O‘zA O`zbek

18.03.2020 Chop etish versiyasi

Jarimani oʻz vaqtida toʻlaganga chegirma belgilandi

Jarimani oʻz vaqtida toʻlaganga chegirma belgilandi

Prezidentimiz “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar berdi.

Qonunga muvofiq Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks yangi, jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini belgilovchi 332-1-modda bilan toʻldirildi.

Unga koʻra, huquqbuzar unga jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda toʻlagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi.

Biroq, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun sud tomonidan jarima solinganda;

jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;

xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda jarima solish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllanilmaydi.

Qonun rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

5 100
OʻzA