O‘zA O`zbek

19.07.2019 Chop etish versiyasi

Jahon iqtisodiy forumi bizni nimalardan ogoh etmoqda?

Jahon iqtisodiy forumi bizni nimalardan ogoh etmoqda?


Ushbu maqolani tayyorlashdan oldin baʼzi mulohazalarga ham bordik. Bir qarashda murakkabdek koʻrinadigan bunaqa mavzuda yozish qanchalik oʻrinli? Hozir odamlarni shunday masala qiziqtiradimi? Balki faqat partiya ekspertlari doirasida muhokama qilish, tegishli xulosalar chiqarish kifoyadir?

Dunyo media maydonida bir necha yildan beri dolzarb boʻlib turgan mazkur mavzuga shu paytgacha hech bir ijtimoiy-siyo­siy gazeta, siyosiy partiya yoki tahliliy markazlarimiz yetarlicha eʼtibor qaratmagani shunday ikkilanishlarni tugʻdirgandi. Lekin masalaning koʻlami, rivojlanish surʼatlaridan kelib chiqib, ushbu global jarayonlarning ertaga Oʻzbekis­ton uchun ham ijobiy yoki salbiy rol oʻynashi mumkinligini hisobga olib, bu boradagi qarashlarimizni keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etishga qaror qildik. Jamiyatda bu borada fikr almashinuviga erishish mazkur jarayonlarga tayyor boʻlishimizda muhim ahamiyatga ega ekanligi aniq.

Dunyoning mashhur iqtisodchilaridan biri Klaus Shvabning “Toʻrtinchi sanoat inqilobi” konsepsiyasi keyingi yillarda koʻp­lab davlatlar siyosatchilariyu iqtisodchilari, jamiyatshunos olimlari orasida keng muhokama qilinayotir. Xoʻsh, Klaus Shvabning oʻzi kim? Uning nazariyasi nima sababdan dunyo jamoatchiligini bunchalik junbushga keltirmoqda? Eng asosiysi, ushbu gʻoya doirasida ilgari surilayotgan fikrlarning Oʻzbekiston uchun ahamiyati nimadan iborat?

Avvalo, Klaus Shvab va u yetakchilik qilayotgan “Davos” toʻgʻrisida. Jahon iqtisodiy forumi (qisqacha: joylashgan hududi nomi bilan mashhur “Davos”) haqida eshitmagan odam kam boʻlsa kerak. Dunyoning yetakchi iqtisodchilaridan iborat ekspertlarni birlashtirgan, har yillik yigʻilishlariga koʻplab davlat rahbarlaridan tortib,sayyoramizning mashhur shaxslarini jalb etadigan ushbu forum jahon iqtisodiyotidagi eng muhim tendensiyalarni tahlil qilish orqali yaqin va uzoq kelajakda dunyo mamlakatlari iqtisodiyotini kutayotgan jarayonlar borasida prognozlar ishlab chiqadi. Forumning yillik anjumanlari boshlanishi bilan “Davos” doirasidagi muhokamalar yetakchi davlatlarning ommaviy axborot vositalaridagi markaziy mavzularga aylanishi ham bejiz emas.

Ushbu forumning asoschisi, 1971-yili tashkil topganidan buyon hozirga qadar rahbari Klaus Shvab “Davos” atrofida jamlangan 200 dan ortiq ekspertning fikrlarini umumlashtirib, “Toʻrtinchi sanoat inqilobi” va shu bilan bogʻliq boshqa asarlarini eʼlon qilgan edi. Uning fik­richa, dunyo hozir oʻz taraqqiyot yoʻlida shunday tub oʻzgarish­lar arafasida turibdiki, insoniyat hayotida xuddi oldingi uchta sanoat inqilobi natijasida kuzatilgani kabi kes­kin va keng qamrovli yangilanishlar boʻlishi mumkin.

Shu oʻrinda oʻtgan uchta sanoat inqilobiga qisqacha toʻxtalsak: Birinchi sanoat inqilobi 1760-1840-yillarni qamrab olib, suv va bugʻ energiyasining oʻzlashtirilishi va shu orqali qoʻl mehnatidan mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarishga oʻtilishi bilan xarakterlanadi. Ikkinchi sanoat inqilobi XIX asrning oxiri – XX asrning bosh­larida kuzatilib, elektr energiyasi va konveyer usuli asosida ilgari misli koʻrilmagan hodisa – sanoatda ommaviy mahsulotlar ishlab chiqarish bosh­lanishi bilan ahamiyatlidir. Uchinchi sanoat inqilobi XX asrning 60-yillaridan boshlangan boʻlib, elektron va raqamli texnologiyalar natijasida sanoat avtomatlashuv darajasiga koʻtarildi.

Ushbu oʻzgarishlar nafaqat sanoat va iqtisodiyotga, balki insoniyat hayotining barcha jabhalariga keskin taʼsir qilgani yaxshi maʼlum. Ular aholining turmush tarziga tubdan taʼsir koʻrsatib, kechagina oʻta muhim ayrim soha va kasblarning yoʻqolib ketishiga, hatto yangi anʼana va udumlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Bunday muhim pallada dunyoqarashini tezda yangi zamonga moslashtira olmagan millatlar, modernizatsiya bobida sustkashlikka yoʻl qoʻygan davlatlar yetakchilik mavqeini oʻz-oʻzidan boshqalarga boʻshatib berganini sezmay qolgan. Toʻrtinchi sanoat inqilobi jarayonlarida ham xuddi shunday vaziyat kuzatilishi turgan gap.

Tahlilchilar fikricha, Toʻrtinchi sanoat inqilobining oʻziga xos xususiyatlari raqamli, fizik va biologik texnologiyalar yutuqlarini mujassamlashtirgan yangi texnologiyalarning vujudga kelishi, raqamli texnologiyalar va organik, biologik dunyo oʻrtasidagi chegaralarning yoʻqolib borishida namoyon boʻladi.

Hozirdanoq 3D printeri orqali uylarning bosmadan chiqarilayotgani, gen injeneriyasi natijasida tibbiyotda yaratilayotgan inson organlari, sanoatni boshqarayotgan sunʼiy intellekt va boshqalar bunga misol boʻla oladi. Toʻrtinchi sanoat inqilobini xarakterlovchi, bir qarashda fantastik jarayondek tuyuluvchi, “...aslida esa kundan-kun hayotimizga kirib kelayotgan xususiyatlar oxir-oqibat turmush tarzimizga, davlat boshqaruvidan tortib jamiyatda qaror topgan ijtimoiy munosabatlargacha taʼsir koʻrsatish kuchiga ega”. Buni ayni paytda aksariyat davlat rahbarlari ham tan olayotgani, hatto qoʻshni Qozogʻistonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev oʻtgan yili parlamentga murojaatini aynan shu soʻzlar bilan boshlagani bejiz emas.

JAMIYATDA DOLZARB MUAMMOLAR YETARLI BOʻLIB TURGAN PALLADA USHBU MASALANI HAM KUN TARTIBIGA QOʻYISH SHARTMI?

“Bu oʻzgarish­lar hali qachon amalga oshadi? Ehtimol, buning uchun yana bir necha oʻn yilliklar kerak boʻlar? Hozir busiz ham qiladigan ishlarimiz tiqilib yotibdi-ku!” degan ishtiboh tugʻilishi mumkin. Haqiqatan ham, ijtimoiy tarmoqlarga qarasak, ayni bugunimiz uchun dolzarb muammolar juda koʻplab topiladi. “Avtomobillarga tonirovka zarurmi?”, “Mashinalar kunduz kuni chirogʻini yoqib yurishi shartmi?” kabi mavzular minglab kishilarning boshini biriktirganini, ayniqsa, bu muhokamalarda oddiy fuqarodan tortib, parlament deputatlarigacha faolligini koʻrgandan keyin, biz ushbu maqolada koʻtarayotgan masalalar borasida soʻz yuritishga hali ertadek tuyuladi. Saylovoldi pallasida siyosiy partiya sifatida bunday mavzularni qoʻya turib, hozir dolzarb boʻlib turgan muammolarga koʻproq eʼtibor qaratish kerakmikan, degan oʻyga ham borasan kishi. Toʻgʻri, fuqarolarning har bir tashvishi siyosiy partiyalarni ham, deputatlarni ham qiynashi lozim. Lekin kundalik yumushlar qobigʻida oʻralib olib (baʼzida kimdir maxsus qilmayaptimikin shuni, deb oʻylab ham qolasan), faqat ularning muhokamasi bilan cheklanish ertaga qimmatga tushishi hech gap emas. Yaqin kelajakda kutilajak global oʻzgarishlar, xavf-xatarlardan ogoh boʻlib, qonunchiligimizdan tortib, butun faoliyatimizgacha shunga tayyorlanib borilmas ekan, taraqqiyot karvonidan orqada qolib ketaveramiz. Ertasini oʻylagan davlatlar ushbu masalalarning eshik qoqib kelishini kutib oʻtirmasdan, hozirdanoq yangi davr liderlariga aylanish uchun saʼy-harakatni boshlab yuborgan. Siyosiy partiyalar va ulardan saylangan deputatlarning muhim funksiyalaridan biri bir qarashda uzoq kelajakka daxldordek tuyuladigan, aslida ostonada turgan ushbu muammolardan xalqimizni ham, davlat organlarini ham oʻz vaqtida ogoh etish, ularga tayyor boʻlish tadorigini koʻrishdan iboratdir. Shundagina koʻz oʻngimizda tobora boʻy koʻrsatib kelayotgan yangi davrga hamnafas holda ish yuritishga qodir siyosiy kuchga aylanish mumkin.

Klaus Shvab jarayonni sinchkovlik bilan oʻrganar ekan, oʻz tahlillaridan chiqargan muhim xulosalaridan biri sifatida Toʻrtinchi sanoat inqilobi bilan bogʻliq jarayonlarning nihoyatda katta tezlikda amalga oshayotgani va baʼzi yoʻnalishlarda hayotimizga kirib ulgurganini taʼkidlaydi. Agar birinchi sanoat inqilobi yutuqlarining Yevropadan tashqariga tarqalishi uchun 120-yildan ortiq vaqt kerak boʻlgan boʻlsa, uchinchi sanoat inqilobining timsoli boʻlmish internet dunyoni qariyb oʻn yil ichida qamrab oldi. Toʻrtinchi sanoat inqilobining ayrim koʻrinishlari, bugun keng ommaga maʼlumu mashhur “Airbnb”, “Uber”, “Alibaba” platformalari toʻgʻrisida bundan bir necha yil oldin kamdan-kam odam bilardi. 2007-yili bozorda ilk bor paydo boʻlgan “iRhon” smartfoni 2015-yilga kelib ikki milliarddan ortiq nusxada tarqalgan. Mana shularning oʻziyoq Klaus Shvab konsepsiyasida koʻtarilgan yangi davr muammolari bilan hozir shugʻullanish kerakmi yoki kelajakka qoldirib tursa ham boʻladimi degan savolga javob beradi.

Yaqinda MDH mamlakatlaridan birida hukumat va biznes vakillari bilan ushbu masalalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda oʻsha davlat rahbari Toʻrtinchi sanoat inqilobi texnologiyalari bilan shugʻullanishga masʼul idora rahbarlariga qarata shunday degan: “Kelajak texnologiyalari uchun global maydondagi keskin raqobat hozirning oʻzida boshlanib ketdi. Bunda bizning asosiy vazifamiz vaqtni yoʻqotib qoʻymaslik. Yoʻnalishlarga masʼul qilib belgilangan tashkilot rahbarlari esa shuni bilsinki, bugun hatto mavzuga, muammoga kirishish, oʻrganish uchun ham vaqt qolmagan. Hozirning oʻzidayoq maqsadni aniq belgilab, ular yuzasidan ishlarni boshlash zarur, aks holda, kech boʻladi”.

Demakki, taraqqiyotdan orqada qolishni istamagan davlatlardan nafaqat oʻzgarish­lar falsafasini anglash qobiliyati, balki ularning hayotimizga kirib kelish surʼatlarini hisobga olgan holda mobillik, tezkorlik, keng koʻlamli ishlarni kechiktirmasdan amalga oshirish talab qilinadi.

XOʻSh, TEXNOLOGIK OʻZGARISHLARGA TAYYOR BOʻLMAGAN DAVLATLARNI ERTAGA NIMALAR KUTADI?

Dunyoqarashidagi, qadriyatlar tizimidagi oʻziga xosliklar tufayli, qolaversa,iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy sabab­larga koʻra ushbu texnologik yangiliklarni oʻz vaqtida qabul qila olmagan jamiyatlar taraqqiyotda ilgari egallab turganidan ham orqada qolib ketishi tarixiy tajribadan maʼlum. Klaus Shvab odamni sergaklantiruvchi bir faktni keltiradi: “Hozirda dunyo hududining 17 foiz qismida yashovchi aholi haligacha birinchi sanoat inqilobi davrida hayot kechirmoqda. Chunki 1,3 milliard aholi elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatidan, demakki, u bilan bogʻliq texnologiyalardan foydalanishdan mosuvo. Dunyo aholisining 50 foizga yaqini, qariyb 4 milliard kishi esa hali ikkinchi sanoat inqilobi darajasida qolib ketgan davlatlarda istiqomat qiladi. Zamonaviy raqamli texnologiyalar, xususan, internet bu mamlakatlar uchun hali ushalmagan orzu”.

Qaysi davlat Toʻrtinchi sanoat inqilobi mohiyatini anglab olib, katta tezlikda ketayotgan taraqqiyot poyezdiga chiqib ulgursa, rivojlangan davlatlar qatorida ilgarilab boraveradi. Fursatni boy berganlarning esa oʻsha 17 foiz yoki 50 foiz tarkibiga qoʻshilishi ehtimoldan yiroq emas. Shu maʼnoda texnologik yangilanishlarning asosiy trayektoriyalarini toʻgʻri belgilab, qaysi texnologiyalar Oʻzbekistonning innovatsion taraqqiyotiga mos kelishini aniqlab, ularni rivojlantirish borasida aniq dasturlarni ishlab chiqish zarur.

Dunyoning yetakchi davlatlari, MDH hamda mintaqamiz mamlakatlari tajribasi nimadan darak beradi? Ushbu muhim texnologik jarayonlar qanday oʻzgarishlarni keltirib chiqarishini birinchilar qatori anglab yetgan, shakllanayotgan yangi dunyoda yetakchilardan biriga aylanish uchun hozirdanoq harakatni bosh­lagan davlat Germaniya boʻldi. 2011-yildayoq Gannover yarmarkasida “Industriya 4.0” loyi­hasini ilgari surdi, sanoatini aynan Toʻrtinchi sanoat inqilobi texnologiyalari asosida modernizatsiyalashga tizimli ravishda kirishdi. Olmonlar bu boradagi ishlarni “Intelligent Technical Sistems OstWestfalenLippe” tashkiloti orqali amalga oshirib kelmoqda. Germaniya ishlab chiqarish sohasini yangi relslarga oʻtkazish maqsadiga har yili 40 milliard yevro mablagʻ yoʻnaltirmoqda.

Yevropaning Gollandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Belgiya kabi mamlakatlarida ham sanoatni “Industriya 4.0” talab­lariga moslashtirish bilan maxsus shugʻullanuvchi, bu borada davlat, biznes va fan hamkorligini taʼminlashga xizmat qiluvchi markazlar tashkil etilgan. AQSHda esa ushbu maqsadda dastlab 2012-yili davlat idoralari, biznes va universitetlarning harakatlarini muvofiqlashtirish uchun Aqlli sanoat liderlari koalitsiyasi, 2014-yili “Industrial Internet” konsorsiumi tuzildi. Osiyo davlatlari orasida Xitoy, Janubiy Koreya bu borada alohida dasturlar qabul qilgan boʻlib, “aqlli” sanoatni shakllantirish yoʻlidan bormoqda.

MDH mamlakatlaridan Rossiya Federatsiyasida 2017-yil fevralda “Milliy texnologik tashabbus”, uning doirasida “Ilgʻor ishlab chiqarish texnologiyalari” (“Texnet”) loyihasini amalga oshirish boshlandi. Unga koʻra mamlakatda “Industriya 4.0” talablariga mos keluvchi ishlab chiqarish ulushini 1,5 foizga oshirish maqsad qilib olingan. Ushbu yoʻnalishdagi muhim qadamlardan yana biri “Roskosmos” va “Rostelekom” tashabbusi bilan Sanoat internetini rivojlantirishga koʻmaklashish assotsiatsiyasi tuzilishi boʻldi. Ikki ilgʻor kompaniya imkoniyatlaridan foydalanib, sanoatning turli jabhalariga raqamli iqtisodiyot elementlarini kengroq kiritishga harakat qilinmoqda. Toʻrtinchi sanoat inqilobi texnologiyalarining barcha yoʻnalishlarida birdaniga ish boshlash mumkin emasligi, mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqish zarurligi hisobga olinmoqda. Shu bois 2018-yilning birinchi yarmida bosh vazir oʻrinbosari 
M. Akimov rahbarligidagi ishchi guruh Rossiya kompaniyalari tez natijaga erishishi mumkin boʻlgan yoʻnalishlarni oʻrganib chiqdi. Shu yil 10-iyul kuni esa Prezident bosh­chiligidagi yigʻilishda har bir yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha masʼul korporatsiya va tashkilotlar belgilab olindi. Alohida taʼkidlash kerakki, juda katta mablagʻ va mehnat talab qiladigan mazkur ishlarni hozirgi bosqichda davlat ulushi ishtirokidagi yirik, iqtisodiy va intellektual salohiyati yuqori korporatsiyalar uddalashi mumkin deb hisoblanmoqda. Keyingi bosqichda esa ushbu innovatsion yoʻnalishlarga kichik va oʻrta biznesning ham intilishini ragʻbatlantiruvchi saʼy-harakatlarni amalga oshirish moʻljallangan. Rossiya Federatsiyasi “Kvant kommunikatsiyalari” (masʼul: “Rossiya temir yoʻllari”), “Yangi materiallar yaratish” hamda “Kvant hisob-kitoblari” (masʼul: “Ros­atom”), “Taqsimlangan reyestr texnologiyalari”, “Kvant sensorlari” hamda “Torchiziqli simsiz aloqalarning yangi avlodi” (masʼ­ul: “Rostex”), “Simsiz aloqalarning yangi avlodi” (masʼullar: “Rostex”, “Rostelekom”), “Sunʼiy intellekt” (masʼul: Sberbank) kabi yoʻnalishlarni ustuvor deb belgilab oldi.

Markaziy Osiyo mintaqasidan Qozogʻis­tondagina yangi texnologik jarayonlarga tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning 2018-yildagi parlamentga murojaati “Toʻrtinchi sanoat inqilobi sharoitida rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar” deb nomlanib, dunyoda shakllanayotgan yangi texnologik vaziyatga mamlakatni moslashtirish uchun bajarilishi lozim boʻlgan oʻnta ustuvor vazifa belgilab berilgan edi. Hozirda ushbu yoʻnalishlarda innovatsion markazlar, xablar, laboratoriyalar lokomotivlik qilayotganini koʻrish mumkin. Astanada boʻlib oʻtgan “Ekspo 2017” asosida faoliyat yuritayotgan Xalqaro koʻrgazma markazining har bir qavati Qozogʻistonning Toʻrtinchi sanoat inqilobi texnologiyalaridan qaysilarini rivojlantirishga intilayotganini namoyish qiladi.

OʻZBEKISTONDA SHU YOʻNALISHDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR VA RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI

Mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiyalash, innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish borasida 2017-yildan boshlab mutlaqo yangicha tartibda ish olib borilmoqda. 2018-yilning “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinishi, uning doirasida amalga oshirilgan davlat dasturi mamlakat iqtisodiyotining yetakchi sohalariga ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish, jamiyat hayotining boshqa jabhalariga ham yangiliklar kiritish borasida muhim qadam boʻldi. Mamlakat rahbarining farmon va qarorlari bilan tegishli sohalarni modernizatsiyalash boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilishi bu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli asosga qoʻ­yishga turtki boʻldi.

Oʻzbekiston dunyoning 50 ta eng rivojlangan davlati qatoriga qoʻshilishni astoydil maqsad qilgan ekan, mamlakatni Toʻrtinchi sanoat inqilobi talablariga moslashtirish taqozo etiladi. Buning uchun esa hali istiqbolda koʻplab vazifalarni amalga oshirish lozim boʻladi.

2018-yilgi davlat dasturida innovatsion gʻoya va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlashning aynan faol tadbirkorlik bilan bogʻlangan holda ilgari surilgani bejiz emas. Raqamli iqtisodiyot aynan kuchli biznes mavjud joyda rivojlanishi mumkinligi bugun barchaga ayon. Demak, ham markazda, ham hududlarda biznes muhitini yaxshilab borish, ayniqsa, innovatsion texnologiyalarni joriy etayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bu borada muhim natijalarga erishishga imkon beradi. Ayniqsa, sanoatda xususiy biznesning ulushini tizimli ravishda oshirib borish mamlakatni “Industriya 4.0” sharoitiga tayyorlashda alohida oʻringa ega.

Yetakchi mamlakatlar yangi davr texnologiyalari orasida oʻziga mos yoʻnalishlarni tanlab olib, ularni rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida davlat ulushi koʻp boʻlgan korporatsiyalar, tashkilotlar imkoniyatidan keng foydalanmoqda, natijada mahalliy sanoatda “Indus­triya 4.0” formatida ishlovchi lokomotivlar vujudga keltirilmoqda. Mamlakatimizda ham kvant logistikasi, yangi internet mahsulotlar, neft-gaz sektoriga innovatsiyalarni joriy etishga “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzbekneftgaz” kabi yirik tashkilotlar imkoniyatlarini jalb qilish mumkin. Boy yerosti zaxiralariga ega mamlakatimizda ushbu sohalarga “Innovatsiya 4.0” talablarini tatbiq etishga bunday yangilanishdan manfaatdor Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kabi yirik ishlab chiqarish korxonalari masʼul qilib belgilanishi maqsadga muvofiq.

Oʻzbekiston uchun “Industriya 4.0” yaratadigan eng katta imkoniyatlar ham, maʼlum bir xavflar ham inson omili bilan bogʻliqdir. Chunki mehnat resurslarida intellektual salohiyatning roli tobora oshib borishi ushbu yangi davr uchun xarakterli xususiyatlardan hisoblanadi. Markaziy Osiyoda eng koʻp aholiga ega Oʻzbekistonning, albatta, bu borada ham katta imkoniyatlari mavjud. Toʻrtinchi sanoat inqilobida kapitalga tayangan iqtisodiyot oʻrnini “isteʼdodlar iqtisodiyoti” egallay boshlashini hisobga olsak (sarmoyaning oʻzi intellektuallarga, ularning nou-xaulariga intila boshlaydi), aynan inson kapitalini koʻtarishga ustuvorlik berilishining zarurati oydinlashadi. Shu bilan birga, “Industriya 4.0” tugʻdiradigan eng katta xavflardan biri ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish sohalarining raqamlashuvi va avtomatlashuvi natijasida koʻplab ish oʻrinlari qisqarib ketishidir. Mehnatga layoqatli aholini, birinchi navbatda, yoshlarni yangi texnologik davrda yashash va mehnat qilishga tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon tajribasi, eng avvalo, aholining kompyuter savodxonligi, raqamli texnologiyalar asoslarini bilish darajasini koʻtarish lozimligini koʻrsatadi. Bu borada Oʻzbekistonda muayyan natijalarga erishilgani bilan qanoatlanmay, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni uzluksiz davom ettirish muhim ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda oliy taʼlimni tubdan isloh etish, Fanlar akademiyasi tizimini takomillashtirish borasida qilinayotgan ishlar ham mamlakatni yangi texnologik davrga tayyorlashda muhim oʻrin tutadi. Rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikda yangi oliy taʼlim muassasalarini ochish, zamonaviy kasblar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash borasidagi ishlarni yanada kengaytirish, albatta, oʻz samarasi berishi shubhasiz. Yangi texnologiyalar davri yuqori salohiyatga ega kadrlarga ehtiyojni tubdan oshiradi. Oʻzbekistonni shu yoʻnalishda butun Markaziy Osiyo uchun yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash markaziga aylantirish mamlakatimizning kelajakda “Industriya 4.0” boʻyicha mintaqa peshqadamligini qoʻlga kiritishida muhim omil boʻladi. Oliy oʻquv yurtlarimizda ham Toʻrtinchi sanoat inqilobi texnologiyalarini tadqiq etish, oʻzimizga moslarini biznes tuzilmalar bilan hamkorlikda rivojlantirish yuzasidan yetarli salohiyat mavjud. Ushbu yoʻnalishni rivojlantirish va pantentlarni koʻpaytirishga erishishimiz Oʻzbekistonning yangi texnologiyalar bozorida raqobatbardosh­ligini koʻtarishga xizmat qiladi.

Bolalar va oʻsmirlar orasida “Indus­triya 4.0” yoʻnalishlariga qiziqishni oshirishga qaratilgan ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega. Xususan, hududlarda tashkil etilayotgan kovorking markazlari, yoshlar ijodiyot uylari qoshida ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni kuchaytirish zarur. Yoshlar orasida oʻtkazilayotgan tanlovlarda “Startap” loyihalariga jiddiy eʼtibor qaratish talab etiladi. Ularni moliyalashtirishni tizimli asosga qoʻyishda venchur fond­larini tashkil etish, “biznes farishtalar” tizimini Oʻzbekistonda ham yoʻlga qoʻyish, albatta,samarasini beradi.

“Industriya 4.0” doirasida innovatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi, elektroenergiya, ayniqsa, qayta tiklanadigan energiya manbalarini takomillashtirish, qolaversa, sogʻliqni saqlash va boshqa koʻplab sohalarda juda katta imkoniyatlar mavjud. Faqat bu borada ham aniq maqsadlarni belgilab, qatʼiy harakatlarni amalga oshirish lozim boʻladi. Maqsad esa bitta – Oʻzbekistonning mintaqada “Industriya 4.0.” doirasida yetakchi mamlakat boʻlishiga erishish.

Bugun yurtimiz oʻz taraqqiyotining yangi davrini boshlagan bir pallada jamoatchilik tomonidan milliy gʻoya toʻgʻrisida koʻp gapirilyapti. Fikrimizcha, Prezidentimiz ilgari surgan Oʻzbekistonni dunyoning 50 ta eng rivojlangan davlati qatoriga koʻtarish maqsadi hozir butun xalqimizni umummaqsad yoʻlida birlashtirishga qodir gʻoyadir. Bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalardan biri yurtimizni mintaqamizda Toʻrtinchi sanoat inqilobi doirasidagi oʻzgarishlar peshqadamiga aylantirish hisoblanadi.

OʻzLiDeP saylovoldi dasturi – rivoj­lanish dasturi, taraqqiyot dasturi sifatida namoyon boʻlishi lozim. Yuqoridagi fikrlar bilan tanishgan har bir yurtdoshimiz bugun mamlakatimiz qanday global oʻzgarishlar arafasida turganini anglashi aniq. Unutmaslik lozimki, jamiyat hayotining barcha jabhalariga taʼsir qiladigan ushbu yangilanishlar katta imkoniyatlar bilan birga, undan kam boʻlmagan xavflarni ham boshlab keladi. Bunga tayyor boʻlishning birdan-bir yoʻli esa zarur huquqiy, moddiy bazani yanada mustahkamlash, oʻzimiz uchun maqbul yoʻnalishlarda “Industriya 4.0” texnologiyalarini rivojlantirishga tezda kirishishdir. Partiya­miz saylovoldi dasturida ushbu masalalarga alohida eʼtibor qaratish taklif qilinmoqda.

Albatta, saylovoldi pallasida partiyalar xalqning eʼtiborini qozonish maqsadida ayni damda odamlarni oʻylantirayotgan masalalarga koʻproq eʼtibor qaratishi, populistik yoʻllar bilan boʻlsa-da koʻproq ovoz toʻplash yoʻlini tutishi kerakdek tuyuladi. Lekin OʻzLiDeP siyosiy maydonga kirganidan buyon Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning istiqboli uchun masʼu­liyatni zimmasiga olgan partiya sifatida bugun davlatimiz oldiga davr koʻndalang qoʻyayotgan muhim masalalarga eʼtiborsiz boʻlishi mumkin emas. Vatanimiz ravnaqiga, ertangi kuniga daxldor ushbu muammolarni xalqqa tushunarli boʻlgan shaklda, aniq takliflar bilan jamoatchilik eʼtiboriga havola qilish lozim. Bu Prezidentimizning partiya VIII syezdida ilgari surgan saylov­oldi dasturi hamda 2017–2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar Strategiyasiga tayangan holda OʻzLiDeP tomonidan ilgari surilgan rivojlanish dasturi boʻlgan boʻlardi.

Buning aynan OʻzLiDeP tomonidan ilgari surilishiga yana bir muhim asos partiyaning liberal-demokratik platformada ishlayotganidir. Bugun dunyo qiyofasini oʻzgartirayotgan yangi texnologiyalar aslida liberal-demokratik yoʻldan ildamlayotgan AQSH va Yevropada dunyoga kelayotgani hech kimga sir emas. Aynan shu siyosiy platforma oʻzi uchun ustuvor deb biladigan ochiqlik, teng imkoniyatlar, inson omiliga birlamchi eʼtibor kabi jihatlar yetakchi davlatlarning taraqqiyot choʻqqilariga erishishiga sabab boʻldi. Demak, shu asosda qoʻyilayotgan yangi texnologik davr talablarini tushunish, ularga mos rivojlanish dasturini taklif qilish bizning partiya uchun imkoniyat darajasidagi ishdir. Qolaversa, bugungi texnologik taraqqiyotga butun dunyoda OʻzLiDeP oʻzining ijtimoiy asosi deb bilgan tadbirkorlar, biznes vakillari yetakchilik qilayotgani ham sir emas. Shu bois “Yangi Oʻzbekiston – yangi davr texnologiyalarini joriy etayotgan, rivojlangan 50 ta davlat qatorida munosib oʻrnini egallashga intilayotgan mamlakatdir” fikri asosiy shiorlarimizdan biri boʻlishi, rivojlanish dasturi esa bizning saylovoldi dasturimiz mazmuniga aylanishi lozim deb bilamiz.

Baxtiyor YaQUBOV,

OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari


7 560
OʻzA