Jahon banki O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini aholi jon boshiga 5340 dollar miqdorida baholadi
O‘tgan hafta Jahon banki iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha mamlakatlarning yangi reytingini e’lon qildi.
O‘tgan hafta Jahon banki iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha mamlakatlarning yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy valyutaning xarid qobiliyati paritetiga asosan hisoblab chiqilgan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoning 190 mamlakati orasida 66 o‘rinni egalladi. 2010-yilda O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 72 o‘rinda qayd etilgan edi.Mamlakatimiz iqtisodiyotining bunday jadal o‘sishi yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga nisbatan oshib borishida o‘z ifodasini topmoqda. Jahon bankining xarid qobiliyati pariteti hisobga olingan holda baholashi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 5340 dollarni tashkil etdi. Bu 2010-yilga nisbatan 1110 dollarga ko‘p bo‘lib, 2004-yildan buyon esa ikki barobar oshganini ko‘rsatadi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan, dunyoda “o‘zbek modeli” sifatida keng e’tirof etilgan islohotlarni bosqichma-bosqich izchil amalga oshirish tamoyiliga asoslangan mustahkam makroiqtisodiy barqarorlik va chuqur tarkibiy o‘zgarishlar O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning jadal sur’atlarda o‘sishining asosiy omillari bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi 10-yilda o‘rtacha yiliga 8,1 foizni tashkil etdi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, “o‘zbek modeli” ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tishning murakkab boshlang‘ich bosqichida hamda global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida o‘zining samaradorligini yaqqol namoyon etdi. O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini va aholi real daromadlarining izchil oshishini ta’minladi.