Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 20:09 Chop etish versiyasi

Istiqbolli loyihalar samarasi

Istiqbolli loyihalar samarasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki guruhi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatidagi “Sho‘rtanneftgaz” va “Muborakneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga media-tur tashkil etildi.

Media-tur ishtirokchilari mazkur sanoat korxonalarida Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar asosida energiyani tejash yo‘li bilan ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, ichki va tashqi bozorda mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishdi.

“Sho‘rtanneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyati “O‘zneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasining bo‘linmasi hisoblanadi. Korxona 1985-yilda ishga tushirilgan va Sho‘rtan konlar guruhi gaziga ishlov berishga mo‘ljallangan. Kam oltingugurtli gazni qayta ishlash bo‘yicha umumiy yillik quvvati 20 milliard kub metrni tashkil qiladi. Suyultirilgan gaz olish imkonini beradigan kondensatni barqarorlashtirish qurilmasi 1986-yilda ishga tushirilgan. Ushbu qurilma yiliga 185 ming tonna kondensat va 5 ming 600 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 12-iyundagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Sho‘rtanneftgaz” MChJda “Yangi Qoratepa, Shirkent, To‘rtsari va “Sho‘rtan” SKSdagi past bosimli mash’ala gazlaridan foydalanib elektr energiya ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirildi.

Xususan, “Sho‘rtan” siquv kompressor stansiyasi 2003-yilda Isroilning “Vateman” kompaniyasi loyihasi asosida qurilgan bo‘lib, xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan.

– Mazkur kompressor stansiyasida uzatilayotgan tabiiy gaz haroratini sovutish texnologik jarayonida havo yordamida sovutish qurilmalari, ya’ni AVO apparatlari o‘rnatilgan, – deydi “Sho‘rtanneftgaz” MChJ elektr ta’minot tarmog‘i boshlig‘i Hamid Abdurazzoqov. – Mazkur apparatlarning elektrodvigatellari doimiy ishlab turadi. Soatiga 1 ming 950 kVt elektr energiya sarflaydi. Ushbu sarflanadigan elektr energiyasi sarfini kamaytirish maqsadida joriy yilda “Yangi Qoratepa, Shirkent, To‘rtsari va “Sho‘rtan” SKSdagi past bosimli mash’ala gazlaridan foydalanib elektr energiya ishlab chiqarish” loyihasi asosida stansiyamizga soatiga 2 ming kVt elektr energiya ishlab chiqaradigan S-1000 gaz turbinalari o‘rnatildi. Bu elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarflanadigan xarajatlarni ancha kamaytirdi.

"Sho‘rtanneftgaz” MChJ tomonidan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida korxonaning energiya samaradorligini yuksaltirish maqsadida bir nechta loyiha amalga oshirilmoqda.

2015-yilda korxonaning bosh inshootidagi 1-, 2-qozonxona va suv ta’minoti hamda kanalizatsiya sexlarida ishlatilayotgan elektrodvigatellar foydali ish koeffitsiyentini oshirish orqali elektr energiyasini tejash maqsadida chastota o‘zgartirgichlar o‘rnatish loyihasi amalga oshirildi. Natijada ushbu sexlarda 2016-yildan hozirga qadar 3,750 million kVt/soatdan ortiq elektr energiyasini tejashga erishildi.

Media-tur ishtirokchilari “Muborakneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasida ishlab chiqarish jarayonida energiyani tejashga qaratilgan yangi texnologik loyihalar bilan tanishdi.

“Muborakneftgaz” MChJ ham “O‘zneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi neft va gaz qazib oluvchi yirik jamiyatlardan biri bo‘lib, neft, gaz va gaz kondensati qazib chiqaradi. Korxonaga qarashli majmua va konlarda 11 gaz tayyorlash qurilmasi, 8 siquv kompressor stansiyasi, 7 neft tayyorlash qurilmasi, bitta kondensatni barqarorlashtirish qurilmasi, bitta gaz haydovchi kompressor stansiyasi uzluksiz ishlamokda.

– Korxonamizda energiya samarador loyihalardan biri “Sardob” konida amalga oshirildi, – deydi “Muborakneftgaz” MChJ bosh energetigi o‘rinbosari Bobur Ro‘ziyev. – U yerga yo‘ldosh gazlardan foydalanib, 2 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qiymati 5,5 million dollarlik yangi turdagi mikroturbinali generator o‘rnatildi. Qurilma o‘tgan yil oxirida ishga tushirildi. Mazkur loyiha asosida jamiyat obyektlari qisman elektr energiya bilan ta’minlandi, ekologik holat yaxshilandi, elektr ta’minotidagi avariyali o‘chish holatlarining oldi olindi, korxonaning moliyaviy resurslari tejaldi. Dastlabki hisob-kitoblarga asosan korxonada elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalanilayotgan gazning o‘rtacha yillik hajmi 5,6 million metr kubni tashkil etmoqda. Qurilmaning yillik elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 17 ming 500 MVt. Yillik iqtisod qilingan mablag‘ esa 821 ming 300 dollarni tashkil etadi.

Media-tur ishtirokchilari korxonalarda energiya tejamkor uskunalardan foydalanish tizimi va uning samarasi, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
1 776






Все о погоде - Pogoda.uz