Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.02.2017 13:47 Chop etish versiyasi

Istiqbolli loyihalar samarasi

Istiqbolli loyihalar samarasi Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimini tubdan isloh qilish, sohaga tashqi investitsiyalarni jalb etish va energetika tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mustaqillik yillarida elektr stansiyalarining quvvati 1,9 million kilovatt/soatga oshib, ishlab chiqarish o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalaridagiga nisbatan qariyb 10 milliard kilovatt/soat ko‘paydi.

Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 800 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energobloklar ishga tushirildi. Noan’anaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida Sirdaryo va Talimarjon issiqlik elektr stansiyalarida detander-generator qurilmalari o‘rnatildi.

2004-yilda Talimarjon IESda quvvati 800 MVtli energoblok ishga tushirilishi mamlakatimiz energetika tizimida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan eng yirik loyihalardan biri bo‘ldi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik ushbu inshoot yurtimizning janubiy viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida jurnalistlar uchun tashkil etilgan media-turda bu alohida ta’kidlandi. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda jurnalistlar stansiyada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Birinchi Prezidentimizning 2010-yil 14-iyuldagi “Talimarjon IESni har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasi qurish bilan kengaytirish investitsion loyihani amalga oshirishdagi birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi va 2013-yil 7-martdagi qarorlari asosida 2016-yil avgust oyida birinchi, dekabr oyida ikkinchi energobloklar ishga tushirildi.

– Stansiyamizda ikkita energoblok ishga tushirilishi yiliga qo‘shimcha 7,2 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini bermoqda, – deydi Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi unitar korxonasi direktori Abdusami Normo‘minov. – Bunday yirik loyihani amalga oshirishda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JISA)ning ham hissasi katta. Mazkur agentlikning 293 million 210 ming dollar miqdoridagi krediti evaziga Yaponiyaning "Mitsubihsi" kompaniyasida ishlab chiqarilgan soatiga 314 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega ikkita gaz turbinasi va "Fuji" kompaniyasida ishlab chiqarilgan soatiga 157,7 MVt elektr energiyasi ishlab chikarish quvvatiga ega bug‘ turbinasi o‘rnatildi. Bu iste’molchilarga yiliga qariyb 13 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyatini yaratmoqda.

Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bug‘-gaz qurilmasining tejamkorlik imkoniyatlari keng. Masalan, elektr stansiyasida 2004-yilda ishga tushirilgan 800 MVtli energoblokda 1 KVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 315 gramm shartli yonilg‘i (gaz) sarflansa, yangi bug‘-gaz qurilmalarida 1 KVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 219 gramm yonilg‘i ishlatiladi yoki 96 gramm tabiiy gaz tejab qolinadi. Gaz va elektr energiyasini uzoq masofaga yetkazish bilan bog‘liq xarajatlar va yo‘qotishlarni keskin kamaytirish hisobidan olingan iqtisodiy samara bugungi kunda yuz milliardlab so‘mni tashkil etmoqda. Qo‘shimcha ikkita blokning ishga tushirilishi iqtisodiy samaradorlikni yanada oshirdi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
2 290






Все о погоде - Pogoda.uz