Iste’molchilarning huquqiy madaniyati yuksalmoqda
Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Iste’molchilar huquqlarining qonun himoyasiga olinishi bozor munosabatlarini tartibga solish, tovar va xizmatlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Iste’molchilar huquqlarining qonun himoyasiga olinishi bozor munosabatlarini tartibga solish, tovar va xizmatlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim ahamiyatga ega. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish jarayonida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy birlashmalari faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasi tomonidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar o‘z vaqtida o‘rganilib, ijobiy hal etilayotir. Yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilar foydasiga undirib berilmoqda.
Hududiy birlashma tomonidan 2016-yilda 489 shikoyat- ariza ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyati kommunal xo‘jaligi, savdo, sog‘liqni saqlash, gaz, suv, elektr energiya ta’minoti, transport, aloqa va boshqa masalalar bo‘yichadir. Ko‘rib chiqilgan shikoyat-arizalarga asosan iste’molchilarga yetkazilgan 359 million 694 ming so‘m miqdoridagi moddiy zarar qaytarib berilgan.
Shayxontohur tumanida yashovchi Dilnoza Azimova gaz ta’minotidagi qarzdorligi yuqori ko‘rsatilganligi sababli Shayxontohur tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Fuqaroning arizasiga asosan “Shayxontohur tuman gaz ta’minoti” korxonasiga murojaat etildi. Murojaat natijasida iste’molchiga qo‘yilgan 2 million 900 ming so‘m miqdoridagi qarzning 2 million 169 ming 170 so‘mi noaniq qarzdorlik deb topilib, iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Yana shunday murojaatlardan biri Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qilayotgan Mohira Qilichevadan kelib tushdi. Uning arizasida "Toshissiqquvvati" tomonidan fuqaroga noaniq qarzdorlik belgilanganligi keltirib o‘tilgan. Soha vakillari ushbu jarayonni o‘rganib chiqib, iste’molchi M.Qilichevaga hisoblangan 117 million so‘m noaniq qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinib, masala is’te’molchi foydasiga hal etildi.
Yakkasaroy tumanida yashovchi Sarvar Abdullayev poytaxtimizdagi "Malika" savdo majmuasida joylashgan do‘konlarning biridan xarid qilgan “IPhone 5” rusumidagi telefon apparati nosoz bo‘lib chiqdi. Sarvar Shayxontohur tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Soha mutaxassislari S.Abdullayevning arizasini o‘rganib chiqib, masalani ijobiy hal qildi.
– Har bir iste’molchi o‘z huquqini yaxshi bilishi va undan foydalana olishi zarur, – deydi O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasi huquqiy himoya sektori boshlig‘i Shuhrat Karimov. – Aksariyat hollarda iste’molchilar xarid qilgan mahsuloti uchun chek talab qilishni, sotuvchidan xarid qilgan mahsulotining sifati va sertifikatini so‘rashni unutadi. Birlashmamiz tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan birga, aholining huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholi o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini tushuntirish, sohaga oid qonun va qonunosti hujjatlari bilan tanishtirish bo‘yicha bir qator targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar nafaqat iste’molchilar haq-huquqlarini himoya qilishga, balki sotilayotgan mahsulotlarning sifati har jihatdan yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bozorlarimizga iste’molga yaroqsiz tovarlar va xizmatlar kirib kelishining oldi olinadi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga va iste’molchilarning huquqiy bilimlarini yanada yuksaltirishga zamin yaratadi.