Isroildan kelayotgan sayyohlar soni 3 barobar, Singapurdan esa 2 barobarga oshdi. Nega?
Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili yakunlanib bormoqda. Mazkur yil Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatida qanday yangiliklar olib keldi. Yilning ahamiyati nimalarda aks etdi?.
Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili yakunlanib bormoqda. Mazkur yil Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatida qanday yangiliklar olib keldi. Yilning ahamiyati nimalarda aks etdi?.Turizm sohasi mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida belgilangan va bugungi kundagi, shu jumladan “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar
va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasidagi vazifalar ham shu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan.
Taʼkidlash lozimki, joriy yil mamlakatda turizmni rivojlantirish uchun ahamiyatli yil boʻldi. Misol uchun, kirish va ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan 150 ga yaqin chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, sayyohlar uchun viza rejimi tubdan oʻzgardi. Yaʼni qoʻshimcha tarzda 9 mamlakat uchun vizasiz rejim tatbiq etildi. Hozirda bunday mamlakatlar soni 18 yetdi.
Natijada qulaylik yaratilgan 9 mamlakatdan tashrif buyuruvchilar soni joriy yilning 11 oyida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻrtacha 4 barobarga oʻsdi. Misol uchun, Isroildan kelayotganlar soni deyarli 3 barobar, Singapurdan 2 barobardan oshiqroq, Indoneziya va Malayziyadan deyarli 2 barobar, qoʻshni Tojikistondan esa 5 barobargacha oʻsish kuzatildi.
Shuningdek, xorijiy fuqarolarni elchixonalarga bevosita borishlari, navbatda turish kabi noqulayliklarini bartaraf etish maqsadida 15 iyuldan elektron kirish vizalarini berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Mazkur tizim ishga tushgandan bugungi kunga qadar 50 mamlakatdan 22 mingdan ortiq fuqaroga elektron vizalar berildi.
Elektron vizalarni olishda XXR yetakchilik qilmoqda. Xususan, XXR fuqarolari jami 6,9 mingdan ortiq elektron vizalar olishgan. Hindiston, AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya fuqarolari ham bu borada faol.
Mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlarni roʻyxatga olish tizimini takomillashtirish va soddalashtirish maqsadida xorijiy fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi butunlay elektron shaklga oʻtkazildi.
Mazkur maʼlumotlar Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili doirasida amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qilindi.