O‘zA O`zbek

26.09.2018 Chop etish versiyasi

Ish quroling soz boʻlsa...

Ish quroling soz boʻlsa...

Samarqandda viloyat hokimligi va “Oʻzagrotexsanoatxolding“ aksiyadorlik jamiyati hamkorligida qishloq xoʻjaligi texnikalari koʻrgazma-yarmarkasi oʻtkazildi.

Bugungi kunda yurtimizda qishloq xoʻjaligi sohasiga zamonaviy texnika va texnologiyalarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tarmoqda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni takomillashtirish borasidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ham mahalliy qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilangan.

– Qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan texnika va texnologiyalarning eskirgani samaradorlikka ham taʼsir koʻrsatmoqda, – deydi “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati bosh mutaxassisi Elshod Usmonov. – Shu bois qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tizimi qayta tashkil etildi. Buning natijasida 2017 yilda qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish va lizing boʻyicha xizmatlar koʻrsatish hajmi 1,7 barobar, mexanizatsiya xizmatlari hajmi 2,5 barobar oshdi. Shu bilan birga, sohani mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon texnika bilan taʼminlash, texnika parklarini yangilash, ularga oʻz vaqtida servis xizmati koʻrsatishni tashkil etish borasida jadal ish olib borilmoqda. Mazkur koʻrgazma ham fermerlar, qishloq xoʻjaligi korxonalari mutasaddilarini zamonaviy texnika va texnologiyalari bilan tanishtirishga qaratilgan.

Ikki kun davom etgan koʻrgazmada “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ va uning tizimidagi korxonalar tomonidan 30 dan ortiq zamonaviy qishloq xoʻjalik texnikalari namoyish etildi.

– 40 gektar yerda paxta va gʻalla yetishtiramiz, – deydi Oqdaryo tumanidagi “Asror hosildor zamin” fermer xoʻjaligi rahbari Asror Abulqosimov. – Mavjud texnikalarimiz eskirib qolgani ish sifati va samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Yarmarkada namoyish etilgan zamonaviy texnikalar imkoniyati bilan tanishib, “TTZ 100HC” traktorini xarid qiladigan boʻldik.

Koʻrgazmada ishtirokchilar qishloq xoʻjaligi uchun turli rusumdagi yuqori unumli traktor va kombaynlar, pnevmatik seyalkalar, lazer yordamida yer tekislovchi va melioratsiya ishlari uchun ixcham texnikalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

Koʻrgazma-yarmarka davomida texnika va mexanizatsiyalarni sotib olish boʻyicha 20 ga yaqin shartnoma imzolandi.

3 610
Gʻolib Hasanov, OʻzA