O‘zA O`zbek

17.08.2018 14:42 Chop etish versiyasi

Iqtisodiyot rivojida milliy amaliyot va xalqaro tajribaning ahamiyati

Iqtisodiyot rivojida milliy amaliyot va xalqaro tajribaning ahamiyati
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitalari Bank-moliya akademiyasi bilan hamkorlikda “Moliya bozori va moliya xizmatlari sohasini yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari va istiqbollari: milliy amaliyot va xalqaro tajriba” mavzuida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

Unda senatorlar, xorijiy va milliy ekspertlar, mutasaddi vazirlik hamda idoralar, tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar iqtisodiyotning real sektori va moliya bozori o‘rtasidagi uzilish sababli korxonalar investitsiyaviy mablag‘larni jalb qilishda moliya bozori vositalaridan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini, uy xo‘jaliklarining moliya bozoriga kirib borishi orqali ularning korporativ qimmatli qog‘ozlar bozoridagi salmog‘ini oshirish masalasi yechimini kutayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Moliya bozori sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, bu borada aholining tushunchasini oshirish, qimmatli qog‘ozlarni sotish orqali jismoniy va yuridik shaxslarning bo‘sh pul mablag‘larini mamlakat iqtisodiyotiga jalb etishning sinalgan usullaridan foydalanish samaradorligi haqida mulohazalar bildirildi.

Davra suhbatida moliya bozori va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish, fond birjasi mexanizmini takomillashtirish, qisqa muddatli qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tavsiyalar berildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 588