O‘zA O`zbek

23.02.2018 15:57 Chop etish versiyasi

Iqtisodiy zona uchun zamonaviy kommunikatsiya

Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga ko‘ra, Samarqand viloyatining Urgut, Pastdarg‘om va Nurobod tumanlarida 816 gektar yer maydoniga ega “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

Ayni paytda mazkur iqtisodiy zonada umumiy qiymati 188,7 million dollarlik 58 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida 258,2 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 80,5 million dollarlik eksport qilinishi kutilmoqda. Eng muhimi, 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

"Urgut" erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda loyihalar bo‘yicha qurilish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, “Urgut mikro metall” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxona tomonidan umumiy qiymati 2 million dollarlik “Polimer va plastmassa mahsulotlari, bir martalik soqol olgichlar, tish tozalash cho‘tkalari va nam salfetkalar ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish maqsadida Urgut tumanining Sariqtepa massivida ishlab chiqarish binolari qurish ishlari yakunlanish arafasida. Korxonaga xorijdan keltiriladigan ishlab chiqarish dastgohlarini yetkazish bo‘yicha chet ellik hamkorlar bilan shartnomalar imzolangan.

Xuddi shunday, “Sam elektro servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 4,1 million dollarlik “Gaz plitalari va elektr duxovkalar ishlab chiqarish” loyihasi bo‘yicha ishlab chiqarish binosi qurilib, hozirda texnologik asbob-uskunalar keltirilmoqda.

– Erkin iqtisodiy zona hududida har tomonlama qulay va mukammal muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan, – deydi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi infratuzilmani rivojlantirish sho‘basi boshlig‘i Baxtiyor Soatov. – Unga ko‘ra, 42 kilometr avtomobil yo‘llarini kapital ta’mirlash, 65,5 kilometr tabiiy gaz, 17,5 kilometr elektr, 24,5 kilometr oqova tarmoqlari tortish, 4 yangi nimstansiya, 4 suv va oqova inshooti qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy telekommunikatsiya yaratish maqsadida 37 kilometr aloqa liniyalari tortish va bazaviy stansiyalar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda bu vazifalar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmoqda. Xususan, Sariqtepa massivida bosh rejaga asosan 7 kilometr ichki yo‘llar barpo etilib, shag‘al qoplamasi yotqizildi. Ushbu massivda barpo etilayotgan korxonalarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun “So‘g‘diyona” nimstansiyasidan 2,8 kilometr elektr tarmog‘i tortildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
5 874