O‘zA O`zbek

27.05.2020 Chop etish versiyasi

“Ipoteka-bank”i xodimlaridan olingan COVID – 19 test tahlili natijalariga koʻra kasallik aniqlanmadi

“Ipoteka-bank”i xodimlaridan olingan COVID – 19 test tahlili natijalariga koʻra kasallik aniqlanmadi

Kuni kecha xabar berganimizdek, 2020-yil 24-may kuni bankning Bosh ofisida ishlovchi xodim COVID – 19 infeksiyasini yuqtirib olgani maʼlum boʻlgan. Shu bois moliya muassasasida karantin qoidalaridan kelib chiqib, zaruriy ehtiyot choralari koʻrildi.

Xavfsizlik nuqtayi nazaridan 25-may kuni bankda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Bosh ofisning barcha xodimlari va karantinga joylashtirilgan xodimlardan COVID-19 ga test tahlillari olingan.

Barcha xodimlardan olingan test tahlillari natijalari manfiy boʻlib chiqqan.

Bankda sanitariya gigiyena qoidalariga amal qilish tartiblari yana-da kuchaytirildi. Ayni vaqtda bank Bosh ofisida ish jarayonlari karantin talablariga qatʼiy rioya qilgan holda doimgidek davom etmoqda. Eng asosiysi xodimlarning bir qismi ish joyida, qolgan xodimlar masofadan turib ishlashi yoʻlga qoʻyilgan.

Muhimi aholi va mijozlarga oʻz vaqtida hamda sifatli bank xizmatlari koʻrsatilmoqda. Shuningdek, bankning viloyat va hududlardagi barcha filiallari, mini-bank va bank xizmatlari markazlari, shuningdek bankdan tashqarida joylashgan kassalar mehnat qonunchiligiga hamda karantin talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻz faoliyatini barqaror davom ettirmoqda.

Bankning respublikamizdagi barcha filiallari tomonidan bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarga kredit ajratish hamda boshqa barcha turdagi bank xizmatlarini koʻrsatish davom etmoqda.

Bank jamoasi shifoxonalarda davolanayotgan barcha yurtdoshlarimizni tez fursatlarda ushbu darddan forigʻ boʻlib sogʻlom hayotga qaytishlarini tilab qoladi.

10 947
OʻzA